Grem Potter "Chelsi"ning yangi murabbiyi sifatida tanishtirildi. U APLning 7-turi Qirolicha vafoti sabab qoldirilgani tufayli o‘z debyutini o‘tkaza olmagan edi. Endilikda, sobiq "Brayton" menejeri YECHL doirasida "Zalsburg"ga qarshi uy o‘yinida ilk bor yangi murabbiy sifatida ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu bahs bugun tunda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. O‘yindan oldin Potter o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Siz ushbu klub APLning yuqori pog‘onalari uchun kurashishini juda yaxshi bilasiz. "Chelsi"da o‘ziga xos bo‘lgan an’analar, hajm va sifat mavjud. Bu ish "Brayton"da o‘tkazgan ajoyib uch yilning mantiqiy davomi bo‘ladi. Lekin ayni paytda undan farqli jihatlari ham mavjud".
Grem Potterdan "Chelsi"ga o‘tish qay darajada tavakkalga asoslangan ish ekani haqida savol berilganda, u shunday deydi:
"Bilasizmi, hayotimizning har jabhasi tavakkallardan iborat. Kelajakda nima sodir bo‘lishini hech kim aniq ayta olmaydi. Men Angliyani ilk marta 30 yoshimda tark etgandim. O‘shanda Shvesiyaning har yili murabbiyini almashtiraveradigan klubiga borib ishlaganman ("Estersund"). Bilasizmi, o‘shanda men tayin ishim hamda ayolimning biznesini o‘ylamay, tavakkal qilib, u yoqqa borgandim. Shundan keyin 17 yil o‘tdi. Men faoliyatimdagi har bir qadamni ehtiyotkorlik bilan qo‘yishga o‘rganganman. Hech qachon shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmaslikka harakat qilaman. Boshimga tushgan va tushadigan narsalarni, taqdirni anglashga urinaman. Bu narsalar hayotimizning muhim bo‘lagidir"
Potter juda ham uzoq kelajakni o‘ylab o‘tirmay, "Chelsi"ning ayni damdagi holatidan kelib chiqib, musobaqalarni yutishga urinishini ta’kidladi. Shuningdek, rahbariyatdan ham ko‘p narsa talab qilmasligini aytdi. U shunday deydi:
"Men doimo oldindagi bahsni o‘ylayman. Undan uyog‘ini emas. Bugun ham shunday. Biz g‘alaba uchun kurashishimiz kerak. Jamoa APL va YECHLni qadrlaydi va hurmat qiladi. Ammo biz "Chelsi"damiz. Bu yerda hech narsa kafolatlanmagan. Kuchlar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Ammo biz muxlislardan kuch olishga harakat qilishimiz kerak. Muvaffaqiyat bu o‘sishga erishish va g‘alabaga intilishdadir. Men har bir kunimda bor kuchimni sarf etishga harakat qilaman. Maqsadim himoya va hujumda yaxshi muvozanatlangan jamoa yaratishdan iborat. Biz qurmoqchi bo‘lgan jamoa kamtar va hammaga hurmat bilan qaraydigan bo‘ladi. Bu uchun avvalo o‘zligimizni anglay olishimiz shart. Ana shundagina rejalar ish bera boshlaydi".
Eslatib o‘tamiz, "Chelsi" bugun YECHLning 2-turidan o‘rin olgan bahsda "Zalsburg"ni mehmon qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 00:00da start olishi belgilangan.
ISMATOV J.