Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Lion» muxlislari yashil rangga qarshi

«Lion» muxlislari yashil rangga qarshi

Baho:
+ | -

«Lion» Liga 1ning yangi mavsumiga «PSJ»-ning asosiy raqobatchilaridan biri maqomida kirishdi.

Har holda, «to‘quvchilar» chempionatni yomon boshlamadilar. Biroq muxlislar jamoadan xursand emaslar. Ularga ba’zi futbolchilarning yashil tusli butsadan foydalanishayotgani yoqmayapti.

Hozirda «Lion»ning bir qator futbolchilari Adidas X Speedportal (yangi model) butsalarida maydonga tushishmoqda - Malo Gyusto, Antoni Lopesh, Ussem Auar, Karl Toko-Ekambi. Muxlislarga esa yashil butsa umuman ma’qul emas. Nega? Ular o‘z e’tirozlarini «Trua»ga qarshi bahsda katta banner orqali ko‘rsatishdi: «Iltimos, an’analarimizni hurmat qilinglar». Qanday an’analar? Gap shundaki, yashil «Lion»ning asosiy raqibi rasmiy rangi hisoblanadi. Gap «Sent-Etyen» haqida ketmoqda. To‘g‘ri, «Lion» ushbu prinsipial raqibi joriy mavsumni elitada emas, Liga 2da boshladi. Shunga qaramay, lionliklar jamoaning noan’anaviy rangni qabul qilmoqchi emaslar.

Umuman, Lionda yashil rangga nisbatan nafrat nafaqat muxlislar, balki klub rahbariyatining ham o‘ziga xos belgisidir. Ayni payt Fransiya futbolida biror chinakam derbi yo‘q. Ammo Lion va Sent-Etyen shaharlari klublari o‘rtasidagi qarama-qarshilik derbi o‘rnini bemalol bosadigan darajada. Birinchidan, ikkisini atigi 50 kilometr masofa ajratib turadi. Ikkinchidan, Lion asosan «oq yoqalilar» (ofis ishchilari), Sent-Etyenda esa oddiy ishchilar hududi hisoblanadi. Ikki klubning boy tarixi va muvaffaqiyatlari qarama-qarshilikka qo‘shimcha zebdir. «Sent-Etyen» 10 karra chempion va hamon bu masalada «PSJ» bilan birga Fransiya rekordchisidir. Lekin 21-asrda ustunlik «Lion» tomoniga o‘tgani ham ayni haqiqat. 

Xullas, «Lion»da yashil rangga chiday olmaslikda ortiqcha ajablanadigan tomoni yo‘q. Bu gap faqat muxlislarga taalluqli emas. Misol uchun, vaqtida Sidney Govu mashg‘ulotga yashil butsada tushganida, jamoa bosh murabbiyi Bernard Lyakomb undan poyafzalini tezda almashtirishni talab qilgandi. 2011 yili Bafatembi Gomis ham shu masalada rahbariyatdan gap eshitdi. Aniqrog‘i, hujumchining yashil tusli butsada o‘ynagani, klub prezidenti Jan-Mishel Olyasni rosa g‘azablantirdi. Boz ustiga, Gomisning «Sent-Etyen» tarbiyalanuvchisi ekanligi ham voqelikka nisbatan e’tiroz darajasiga ta’sir ko‘rsatdi. Qisqasi, Bafatembi «Lion»da ming yaxshi o‘ynamasin, shu tufayli o‘ziga nafrat «sotib» olgandi.

E’tirozlardan so‘ng «Lion»ning ba’zi futbolchilari allaqachon butsa rangini o‘zgartirishga kirishishdin. xususan, o‘ng qanot himoyachisi Malo Gyusto hazil ohangida Adidas dizaynerlariga iltimos bilan murojaat qildi: «Yaxshisi, shu modeldagi butsani «Lion»ning an’anaviy ranglari - oq, ko‘k va qizil tusda tayyorlab beringlar». Endi ta’minotchi biroz shoshilmasa bo‘lmaydi, shekilli. Zero, «Lion» muxlislarida sabr kosasi to‘lsa, ular tahdid solish, tartibsizliklar chiqarish yoki hattoki, afsungarlarning sehr-jodusidan foydalanish yo‘liga o‘tishlari hech gap emas.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:30, 14.09.2022.
O'qildi: 990 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.