Futbol jamoatchiligi Yevropa Superligasini yaratish masalasini muhokama qilayotgan bir paytda, Turkiya Superligasi yulduzlarni o‘ziga jalb qilishda davom etyapti. Turk klublari yozgi transferlar vaqtida ko‘plab sifatli o‘yinchilar bilan shartnoma imzoladi. Bu chempionatda shunday mashhur futbolchilar bo‘lishiga hamma ham ishonmasdi. Ulardan ba’zilari esa bir yildan ortiq vaqtdan beri Turkiyada porlamoqda. Keling yulduzlarga nazar tashlaymiz.
Mauro Ikardi (“Galatasaroy”)
"Galatasaroy" har doim sifatli va ba’zan yulduz futbolchilarni olish qobiliyati bilan mashhur bo‘lgan. Yaqinda Radamel Falkao ham Istanbulga keldi. Endi navbat Mauro Ikardiga. “Sherlar” 29 yoshli hujumchini “PSJ”dan bir mavsumga ijaraga oldi. Parijliklar futbolchidan qutulishni shunchalik istashdiki, hatto uning maoshining katta qismini to‘lashga ham rozi bo‘lishdi. “Galatasaroy” va Ikardining o‘zi uchun buni ijobiy holat deb hisoblash mumkin. Argentinalik futbolchi faoliyatini Turkiyada qayta boshlashi mumkin, “sherlar” esa qulay shartlarda sifatli hujumchiga ega bo‘lishdi.
Xuan Mata (“Galatasaroy”)
"Galatasaroy" Ikardi bilan to‘xtab qolmadi. sentyabr oyida “sherlar” Xuan Matani tekinga tarkibga qo‘shib olishdi. Tomonlar 1+1 sxemasi bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Ispaniyalik futbolchi “Manchester Yunayted”ni tark etgach, turk klubiga tekinga yo‘l oldi. "Galatasaroy" uchun 34 yoshli yarim himoyachi yoshi katta bo‘lishiga qaramay, yaxshi yordamchi bo‘ladi. Mata so‘nggi paytlarda ko‘p o‘ynamadi, lekin kuchli jihatlari saqlanib qolgan bo‘lishi kerak.
Dris Mertens (“Galatasaroy”)
Yana bir yulduz futbolchi “Galatasaroy”ga tekinga keldi. Avgust oyida “sherlar” “Napoli”ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari Dris Mertensni tekinga olib kelishdi. Neapolliklar 35 yoshli hujumchini olib qolishni istashdi, biroq u ularning taklifini qabul qilmadi. Futbolchi turk klubi bilan 1+1 sxemasi bo‘yicha shartnoma imzolagan. Mertensning Belgiyaga qaytishi kutilgandi, ammo u Turkiyaga ketishga qaror qildi. Hozircha u Superligada samarali harakasiz 300 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tkazdi, ammo bunday tajribali hujumchi uchun gollar faqat vaqt masalasidir.
Mesut Ozil (“Istanbul Bashakshehir”)
O‘zil bir necha yildan beri Turkiyada harakat qilmoqda. 2021 yilning yanvarida Mesut "Arsenal"ni tark etdi va "Fenerbaxche"ga o‘tdi. Dastlab tomonlar hamkorlikdan qoniqish hosil qildi. Klub hattoki, futbolchiga dastlabki olti oyda umuman pul to‘lamagan. Ammo o‘tgan mavsum oxirida O‘zil jamoadan chetlatilgandi. Hech kim bu qarorning sababini aytmadi. Mish-mishlarga ko‘ra, hammasi jamoadoshi bilan mojaro tufayli boshlangan. Qanday bo‘lmasin, mavsum oralig‘ida 33 yoshli yarim himoyachi Istanbul futbolchisiga aylandi va u yerga erkin agent sifatida o‘tdi. Nemis futbolchisiga boshqa davlatlardan takliflar bor edi, ammo u Turkiyada qolishga qaror qildi.
Lukas Torreyra (“Galatasaroy”)
Va yana "Galatasaroy". Mavsum oralig‘ida jamoa safiga yana bir nomdor futbolchi kelib qo‘shildi. Lukas "Arsenal"da muvaffaqiyasizlikka uchradi. "Kanonirlar" futbolchisi sifatida Torreyra "Atletiko" va "Fiorentina"da ijara asosida o‘ynagan. Urugvaylik futbolchi Florensiyada qolishni istadi, ammo “binafsharanglar” to‘liq transfer borasida “kanonirlar” bilan kelisha olishmadi. Natijada, 26 yoshli yarim himoyachi darhol “Galatasaroy”ga yo‘l oldi. “Sherlar” futbolchi uchun 6 million yevro to‘lab, u bilan 4 yillik shartnoma imzoladi.
Dele Alli (“Beshiktosh”)
Joze Mourinyoning "Tottenxem"ga kelishi bilan Dele Alli uchun ishlar yomonlashdi. Boshqa murabbiylar bilan vaziyat yaxshilanmadi. yanvar oyida angliyalik futbolchi "shporlar"ni tark etib, "Everton"ga o‘tdi. Ammo u yerda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatmadi. Avgust oyida liverpulliklar 26 yoshli yarim himoyachini "Beshiktosh"ga ijaraga jo‘natgandi. Dele Allining karyerasi jiddiy ravishda to‘xtab qolgan, ammo uni qayta boshlashga ulgurdi. Turkiya bunga mos variantmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha futbolchi Superligada 2 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urgan.
Marek Gamshik (“Trabzonspor”)
"Napoli"da o‘ynagan paytlari bilan solishtirganda, Gamshikni hozir unchalik tez-tez eslashmaydi. Slovak Neapolda tirik afsonaga aylandi va o‘tkazilgan o‘yinlar soni (520) bo‘yicha klub rekordchisiga aylandi. A Seriyadan keyin Marek Xitoyning “Dalian Pro” va Shvesiyaning “Gyoteburg” klublarida o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi. 2021 yilning yozidan buyon 35 yoshli yarim himoyachi "Trabzonspor"da o‘ynamoqda. O‘tgan mavsumda Gamshik Superligada har bir o‘yinda o‘rtacha 80 daqiqani maydonda o‘tkazdi, bu faxriy futbolchi uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. Superligada yaxshi yulduz futbolchilar to‘plandi, bu Turkiya chempionatini yanada qiziqarli qiladi.