Kirish Ro'yxatdan o'tish

Bir omadsiz o‘yin ortidan...

Bir omadsiz o‘yin ortidan...

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Sobiq hujumchi Martin Palermo 1999 yilning fevral oyida faoliya­tida ilk marta Argentina milliy jamoasidan taklif oladi.

25 yoshli futbolchi o‘sha vaqt «Boka Xuniors» o‘yinlarida mahsuldorlik ko‘rsatish asnosida muxlislar mehrini qozonishga ulgurgan top-goleador edi. Ayniqsa, «Boka»ning azaliy raqibi - «River Pleyt»ni ajoyib gollar bilan muntazam ravishda ranjitib kelgan snayper terma jamoada Gabriel Batistuta va Ernan Krespoga munosib voris bo‘lishga qodirdek ko‘ringandi. Biroq...

*** 

Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Marselo Byelsa 1999 yilning yozida Martin Palermoni Paragvay mezbonlik qilgan Amerika kubogi «zayavka»siga kiritadi. Iqtidorli hujumchi bunga javoban turnir startiga to‘g‘ri kelgan debyutida Ekvador termasi darvozasiga 2ta gol uradi. Diyego Simeone, Valter Samuel, Xavyer Zanetti va Xuan Roman Rikelme kabi yulduzlarni jamlagan «albiselest» esa 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnirga yuksak maqsadlar bilan kirishganini namoyish etadi. Zero, argentinaliklar avvalgi 2ta musobaqada hattoki, yarim finalga ham chiqolmagandilar. Taqdir ekan, ke­yingi uchrashuvda omad Martin Palermodan butunlay yuz o‘giradi - hujumchi Kolumbiya termasiga qarshi kechgan bahsda 3 marta raqiblarini jarima maydoni ichida o‘ziga nisbatan qoida buzishga majbur qiladi va 3 marta «nuqta»dan zarba yo‘llaydi. Ammo Migel Kalero qo‘riqlagan darvozasiga loaqal 1ta gol urolmaydi. Uvol ketgan 3ta penalti... Birinchi bo‘lim avvalida Palermoning kuchli zarbasidan so‘ng darvoza to‘sini larzaga kelgandi, u keyingi urinishida to‘pni ancha yuqoriga tepadi. O‘yin nihoyasiga yaqinlashib qolgan bir pallada esa (u payt Kolumbiya termasi 3:0 hisobida oldinga o‘tib olgandi), hujumchi va darvozabon o‘rtasidagi «duel» ikkinchisining foydasiga hal bo‘ladi. Aqlga sig‘mas omadsizlik, shunchaki, fantastika!

*** 

Tabiiyki, jurnalistlar o‘yin­dan keyingi matbuot anjumanida Marselo Byelsani savollarga ko‘mib tashlaydilar. Lekin murabbiy omadsizlikka bahona qidirib o‘tirmaydi, qisqa izoh bilan kifoyalanadi: «Penaltilar masalasiga Martinning o‘zi javob beradi. Axir o‘yindagi 3ta 11 metrli jarima zarbasini ham u amalga oshirdi. Lekin bir jihatga e’tibor qaratish kerak: qatorasiga ikki omadsiz urinishdan ke­yin mas’uliyatni yana o‘z zimmasiga olish kishidan metindek asab talab qiladi». Palermoning o‘zi esa OAV vakillari bilan yuzma-yuz kelishdan cho‘chimaydi. Ko‘pchilik uning o‘yindagi mislsiz omadsizligi uchun muxlislardan uzr so‘rashini kutgandi. Biroq Martin o‘zgacha izohi bilan olovga moy quyadi: «O‘yin payti o‘ta murakkab qarorlar qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Bu juda qaltis ish edi. Ammo amalga oshirgan zarbalarimning birortasidan ortiqcha afsuslanmayman». Kiyinish xonasida bosh murabbiy Palermoni xudbinlikda ayblaydi. Byelsa keyinchalik uchinchi penaltini ham Martin ijro etishiga qarshi bo‘lganligini oshkora tan olgandi. Lekin o‘yin payti qizil kartochka olgani tufayli vaziyatga aralasholmagandi: «Aslida hakamlikni sharhlash odatidan yiroqman. Biroq referi menga nisbatan adolatli qaror chiqarganini aytishim joiz. Chunki o‘sha pallada o‘zimni tarbiyasiz kishidek tutdim». 

*** 

Kutilganidek, o‘yindan ke­yin Martin Palermo turli ta’na-dashnom va tanqidlar ostida qoladi. Ko‘p o‘tmay, ota-onasining La-Plata shahridagi uyi toshbo‘ron qilingani haqida ham xabarlar tarqalgandi. Shuningdek, futbolchining yaqinlariga telefon orqali tahdidlar, do‘q-po‘pisalar yog‘iladi. Martinning o‘zini esa «Telba» laqabi bilan «siylashadi». Argentina termasi yakunda kolumbiyaliklardan qabul qilingan mag‘lubiyat tufayli «pley-off» bosqichiga 2-o‘rin orqali chiqadi va chorak finalda qudratli Braziliya milliy jamoasiga duch kelib, 1:2 hisobida yengiladi. Shu tariqa «albiselest» qatorasiga uchinchi marta Amerika kubogi yarim finaliga ham yetib borolmaydi. Futbolchi esa salbiy natija tufayli Ginness rekordlar kitobidan o‘rin oladi. Ma’lum bo‘lishicha, Martin Palermodan oldin biror futbolchi 1ta o‘yinda 3ta penaltini ko‘kka sovurmagan ekan. Argentinalik omadsiz antirekordchi keyinchalik bu borada o‘zini oqlashga ham uringandi: «To‘g‘risi, o‘shanda uchinchi zarbani tepishga hech kim botinolmagandi. Faqat Roberto Ayyala yonimga yaqinlashdi va asta so‘radi: «Bu safar ham tepasanmi?» Shunda port­lab ketishimga oz qoldi. Zero, o‘sha pallada konsentrasiya-e’tiborim nolga teng edi. O‘zimni yolg‘iz ko‘ppakdek his etdim. Lekin yana bir bora tepishga jur’at topdim, baribir. Bu safar darvozani aniq nishonga oldim, ammo kiper aldanmadi...».

*** 

Martin Palermo Amerika kubogi turniridagi o‘sha omadsizlik ortidan chetga chiqadi, hisob. Ya’ni naq 10 yil davomida uni hech kim terma jamoaga chaqirmaydi, vaholanki, hujumchi tupa-tuzuk o‘ynardi. Faqat buyuk Diyego Maradona bunga jazm etib, omadsiz futbolchini bosh jamoaga qaytaradi. Don Diyego avvaliga Martinni JCH-2010 saralash bosqichi o‘yinlariga taklif etadi, keyin JAR mundialiga ham olib boradi. Tajribali hujumchi esa o‘sha musobaqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, 9 daqiqadan keyin Gresiya termasi darvozasini ishg‘ol qiladi. Bu 36 yoshli Palermo uchun jahon chempionatidagi dastlabki o‘yin va gol edi, shundayligicha qoldi. «Diyego so‘nggi 10 daqiqada o‘ynash imkoniyatini berdi. Muhimi, JCHdagi debyutimni gol bilan bezadim. Quvontiradigan tomoni, oilam a’zolari guvohligida gol urdim. Ukam, to‘ng‘ich o‘g‘lim va rafiqam kuzatuvlari ostida. Bu faoliyatimdagi eng baxtiyor lahza bo‘lib qoldi. Muvaffaqiyatga yaqinlashayotganimni avvaldan his etgandim. Xullas, daho ishonchini oqladim, uning tanlovi tasodifiy emasligini isbotladim», - degandi Martin JAR mundialidan keyin.

*** 

Palermoning xorijda yorqin faoliyat yuritishiga esa doimiy jarohatlar monelik qilgan. U yangi asrning ilk yillari Ispaniyaga yo‘l olib, «Vilyarreal», «Betis» va «Alaves» jamoalari safida to‘p surgan, ammo vatanidagi sermahsullikni namoyish etolmagandi. «Boka Xuniors» muxlislari uchun Palermo - klub ramzi! U qadrdon jamoa­si tarkibida 404 marta maydonga tushib, 236ta gol urgan axir. Argentinalik afsona joriy yil noyabr oyida 49 yoshga to‘ladi. U ayni payt - ishsiz murabbiy. «Atletiko Aldosivi» klubidagi faoliyatini may oyi oxirida nihoyasiga yetkazdi. Umuman, Martinni haligacha asosan o‘sha bir uchrashuvdagi 3ta samarasiz penalti tufayli eslab turishadi. Lekin uning o‘zi endi murabbiylik sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun astoydil bel bog‘lagan. Kim biladi, futbolchilikda armon bo‘lib qolgan orzulari yangi yo‘nalishda ro‘yobga chiqar? Buni vaqt ko‘rsatadi, albatta.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:33, 17.09.2022.
O'qildi: 1617 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.