"Liverpul"ning yaqin o‘tmishida erishgan yutuqlari e’tirofga loyiq. Jamoa yana dunyoning eng yaxshilaridan biriga aylandi. Yurgen Klopp mersisaydliklarni 2015 yildan beri boshqarib kelmoqda. Uning davrida kuchli futbolchilar yetishib chiqdi. Quyida Klopp jamoasida yulduzga aylangan, jamoani tark etgan va hozirda bundan (balki) afsuslanayotgan besh futbolchi haqida gaplashamiz. Demak, boshladik!
Sadio Mane
Senegal terma jamoasi a’zosi mersisaydning qizil tomonida doimo ardoqlanadi. Uning nomi "Liverpul" tarixiga abadiy yozilgan. Ammo u yozda o‘zi sevgan jamoani tark etdi. Endi u "Bavariya" futbolchisi. Shuni aytish kerakki, ayni damda hammasi Mane o‘ylagani kabi ketayotgani yo‘q. Germaniyada o‘ynash oson emas ekan. Mane esa yangi jamoasida safida 7 ta bahsda ishtirok etib, atigi 3 ta gol urishga ulgurdi. "Bavariya" ayni damda Bundesliga jadvalida 5 o‘rinni band etgan. Ular liga yetakchisi bo‘lgan "Union Berlin"dan 5 ochko, ashaddiy raqibi sanalgan "BVB"dan 3 ochkoga ortda qolmoqda. Mane esa 6 ta o‘yindan beri gol urgani yo‘q. Kamiga "Bavariya" so‘nggi bahsda "Augsburg"ga mag‘lub bo‘ldi. Mana shunday voqealardan keyin, balki, Mane "Liverpul"dan ketganiga afsus qilar. Yana kim biladi deysiz.
Takumi Minamino
Minamino "Liverpul"da hech qachon asosiy tarkibga kira olmagan. U Kloppga faqatgina liga kubogi kabi musobaqalarda kerak edi. Binobarin, yapon hujumchisi ko‘pincha jamoasi joniga oro kirgan. Ammo bu ko‘p davom etmadi. Minaminoning sabr kosasi to‘ldi. Shu sabab u yozda "Monako"ga ko‘chib o‘tdi. Aytish mumkinki, uning Fransiyaga safari ko‘ngildagidek kechmayapti. U ko‘pincha tarkibdan tushib qolmoqda yoki zaxiradan maydonga tashlanayotir. Shunga qaramay, Takumi oxirgi turda "Reyms" darvozasiga ilk golini kiritdi.
Divok Origi
Belgiya terma jamoasi a’zosi doimo zaxira varianti bo‘lganiga qaramay, "Enfild"da qadrlanar edi. Chunki Origi jamoasiga kerak paytda yordam berib kelgan. Ammo u ham jamoadan ketdi. Hozir Origi "Milan" safida. Bemalol aytish mumkinki, italyan jamoasi safida, u Liverpuldagidek o‘rin topa olmadi. Jarohatlar sabab hujumchi 4 tagina bahsda qatnashdi xolos. Origidan esa ko‘p narsa kutilgandi. Balki u ham "Liverpul"ni qumsay boshlagandir.
Filipe Koutinyo
Braziliyalikning mersisaydliklar safidan ketishi, faqat o‘ziga zarar keltirdi. Ammo "Liverpul" uchun Koutinyo transferidan tushgan 142 million funtlik foyda, juda muhim sanalgan. Aynan shu pullar evaziga Klopp jamoasi, muvaffaqiyatli transferlar bilan kuchaya boshlagandi. Koutinyo 2018 yilning yanvarida "Barselona"ga yo‘l oladi. O‘sha mavsumning so‘ngiga qadar esa anglaydiki, u katta xatoga yo‘l qo‘ygan. "Barselona"da omadi kulmagan yarim himoyachi "Bavariya" safida ijarada harakat qildi. Keyinchalik esa, shu yozda "Aston Villa"ga sotib yuborildi. U o‘tgan mavsumning yarmini ham birmingemliklar safida o‘tkazgan edi. Koutinyoga, shunchaki, achinish mumkin...
Emre Jan
Nemis futbolchisi 20 yoshida "Liverpul"ga olib kelinadi. Jan u yerda tayancha yarim himoyasi, markaziy himoya va qanot kabi bir nechta vazifalarni bajara oladigan futbolchi bo‘lib shakllandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Klopp Janga ishonishdan to‘xtab qoldi. Bu vaqt oralig‘ida u jarohatlarga ko‘p yo‘liqqandi. Shu sabab "Liverpul" 2018 yilda uni "Yuventus"ga sotib yuboradi. Ayni damda esa Emre Jan o‘z yurtida, Germaniyada to‘p tepmoqda. U "Borussiya Dortmund" sharafini himoya qiladi. Ammo bir narsa aniq, Jan "Liverpul"dan keyin hech qachon haqiqiy o‘sishga erisha olmagan.
ISMATOV J.