"Manchester Yunayted"ning sarf-xarajatlari doim ham omadli bo‘lavermagan. Ya’ni, jamoa olib kelgan futbolchilari asosan o‘zidan kutilgan natijani bermaydi. Yillar davomida shunday bo‘lib keldi. 2021-22 yilgi mavsumda esa bu ko‘rsatkich rekord darajaga yetdi. Quyida "MYU"ning so‘nggi davrlardagi sarf-xarajatlariga e’tibor qaratamiz.
Manchesterliklar o‘tgan mavsum davomida jami 116 million funt mablag‘ni ortiqcha sarf etgan. Bu esa rekord natija hisoblanadi. Bunga 2021 yil yozida Ronaldu va Varan kabi katta nomlarni jamoaga olib kelingani ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Ha, pandemiya o‘tgach, muxlislar yana stadionlarga qaytdi. Bu esa, hamma kabi "MYU"ning ham daromadlari oshishiga sabab bo‘ldi. Daromadlar ko‘rsatkichi 18 foizga ko‘payib, yillik 583 million funtga yetadi. Ammo baribir klub haftasiga o‘rtacha 2,2 million funtni ortiqcha harajatlar uchun sarflayverdi.
Avvalo, moliyaviy yo‘qotishlar ortida futbolchilarning maoshi keskin oshgani turadi (19 foizga). Bu esa "Manchester Yunayted" o‘tgan mavsum davomida 384 million funtni faqatgina futbolchilarga to‘lash uchun ishlatganini anglatadi (APL rekordi). Ushbu raqam bir yil oldingisiga qaraganda 62 millionga ko‘proqdir.
Yuqoridagi kabi ortiqcha sarf-xarajatlar klubni qarz girdobiga torta boshlagan. "MYU"ning umumiy qarzlari 22 foizga oshgan va yarim milliarddan ziyod hajmga aylangan (515 million funt). Bunday natija undan oldinga mavsumdagi pandemiya oqibatida yuzaga kelgani aytiladi. O‘shanda klubning yillik umumiy yo‘qotishlar hajmi 92 million funtni tashkil etgan edi. Ammo bu bilan hammasi tugagani yo‘q. Klub yana yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. Ayniqsa, bu yozdagi 220 million funtlik xaridlardan keyin buning ehtimoli oshib ketdi.
Klub direktori Jon Murto yuqoridagi manfiy natijalarga o‘z munosabatini bildirdi. U yaqin kelajakda xarajatlar o‘z foydasini berishini ta’kidlab, shunday deydi: "Umuman olganda, rejalashtirganimizdan ko‘ra ko‘p futbolchi sotib oldik. Shu sababli kelayotgan transfer oynalarida unchalik ham faol bo‘lmaymiz. Doimo bizning rejalarimiz, asosan, yozgi transferlar oynasi uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Olingan futbolchilar jamoa uchun zarur deb hisoblangan edi".
ISMATOV J.