Kirish Ro'yxatdan o'tish

Ochko‘zlikka qarshi makkorlik

Ochko‘zlikka qarshi makkorlik

Baho:
+ | -

Antuan Grizmann «Atletiko»da ajabtovur mavsumni o‘tkazmoqda. Har bir uchrashuvda u muntazam ravishda 61, 64-daqiqalar oralig‘ida maydonga tushadi.

Yozilmagan bu qoida barcha turnirlarga taalluqli: Antuan «matraschilar» safida 5 marta ichki chempionatda va 2 bor YECHLda to‘p surdi va 3ta o‘yinda 3ta gol urdi. Uning «Atletiko»si esa kutilganidek, g‘alabalarni rasmiylashtirdi. Lekin La Ligadagi oxirgi turda madridliklar hamshaharlari «Real»ni qabul qilib muhim bahsda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi, vaholanki Grizmann mavsumda ilk bora 90 daqiqani maydonda o‘tkazgandi.


«Atletiko» Grizmanni faqat yarim soat o‘ynatmoqda, «Barselona» esa sudga tayyorlanmoqda

Madridliklar fransiyalik hujumchini 2021 yilning 31 avgustida ijaraga olgandilar. Ikki yillik shartnoma ularga 10 mln. yevroga tushgandi. «Matraschilar» shu yil yozda Grizmanndan voz kechishi mumkin edi, lekin aynan shartnomaningyana bir yilga uzaytirilishi bahsli bandni faollashtirib yubordi. «Barselona»da endi Grizmanni sotib yuborishga umid paydo bo‘ldi - hujumchining amaldagi shartnomasi 2024 yilning yozida tugaydi.

ESPN ikki jamoa o‘rtasidagi bahs sababini tushuntirib berdi. O‘tgan mavsumdagi 37 uchrashuvning 30tasida Antuan 45 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘ynagan. «Barselona»ning fikricha, futbolchini 40 mln. yevroga sotib olish bandining kuchga kirishi uchun bu yetarli ko‘rsatkich.

«Atletiko»ning javobi: ikki mavsumdagi barcha o‘yinlarni yarmida Grizmann 45 daqiqadan ko‘proq to‘p surishi lozim. Bu borada jarohatlar va diskvalifikasiya qayd etilmagan o‘yinlar hisobga olinadi.

Uch yil avval Antuan yulduz maqomida edi. O‘sha davrda «Barselona» uni «Atletiko»dan 120 mln. yevroga xarid qilgandi. Shundan keyin 31 yoshli hujumchining o‘yinida pasayish boshlandi. Uning La Liga doirasidagi sermahsulligi har mavsumda 20dan oshmay qoldi. Ijaradagi dastlabki mavsum «Atletiko»ni qoniqtirmadi: ichki chempionatning 26 o‘yinida 3ta gol va 4ta assistni amalga oshirdi.


2022|23 yillar mavsumida Grizmann zaxiradan maydonga tushgan o‘yinlar:

v  «Xetafe» - 62-daqiqa, gol urdi;

v «Vilyarreal» - 62-daqiqa;

v «Valensiya» - 64-daqiqa, gol urdi;

v «Real Sosyedad» - 63-daqiqa;

v «Portu» - 61-daqiqa, gol urdi;

v «Selta» - 63-daqiqa;

v «Bayer» - 63-daqiqa;

Bularning barchasi Rossiyadagi vaziyatga o‘xshaydi. Roman Shirokov «Spartak» bilan «2}1» ko‘rinishida shartnoma imzolagandi. Agar Roman so‘nggi mavsumda 15 marta maydonga tushganida, kelishuv yana bir yilga uzayardi. Biroq u 14ta o‘yin o‘tkazdi, keyin asosiy tarkibdagi o‘rnini boy berdi. Agenti bilan 2 oy kutgach, 2016 yil yanvarida «Spartak» bilan aloqani uzdi.

«Atletiko» ijara kelishuvlarining har bir bandini puxta o‘ylab ko‘radi. Grizmann yonida Moratadek namuna bor. Jamoa uni «Chelsi»dan ijaraga olgan, keyin xarid qilgan, 2 oydan so‘ng «Yuventus»ga ijaraga bergandi. Joriy mavsumda Alvaro Madridga qaytib, asosiy tarkibda o‘ynamoqda. Yozda «Yuventus» 35 mln.li xariddan voz kechdi - bu mablag‘ Grizmannga yordam berishi mumkin edi.

Hozir klub transfer balansini diqqat bilan kuzatmoqda. 35 mln.dan qimmatroq bo‘lgan so‘nggi o‘yinchini (Feliks, 127,2 mln.) u 2019|20 yillar mavsumida xarid qilgandi. Joriy mavsum arafasidagi transfer darchasida jamoa atigi 26,5 mln. sarfladi - Molina uchun 20, Lino uchun 6 mln.. Vitsel erkin agent maqomida, Regilon esa ijaraga keldi.

Hozir Antuan bobida ikki variant mavjud. «Barselona» «Atletiko»ni Grizmanni 40 mln. yevroga sotib olishga majbur etish uchun sudga berish niyatida. Shuningdek, tomonlar transfer bahosini pasaytirish borasida muzokara bilan bandlar. L`Equipe ma’lumotiga ko‘ra, narx 25 mln.ga tushirilgan. «Atletiko» bu mablag‘ni berishga rozi.

Marca nima uchun «Atletiko» sudlashuvdan qo‘rqmayotganligini tushuntirdi. Klubdagilar fikricha, shartnoma bandini ongli ravishda bajarishdan bosh tortganlikni isbotlashning iloji yo‘q. Shu bois, mutasaddilarni bu holat tashvishlantirmaydi. «Matraschilar» prezidenti Enrike Sereso tarkibni shakllantirish masalasiga hech qachon aralashmasligini bayon etdi, Grizmann bilan esa munosabatlari yaxshi.

Hujjatga binoan, Antuan 2023 yil iyunida Barselonaga qaytishi lozim. Buning hech kimga keragi yo‘q: faqat shu yil yozida klub tarkibni kuchaytirish uchun 150 mln. sarfladi. Yangi «Barsa»da Grizmannga joy ham yo‘q, u yerda Memfis Depay doimiy zaxira o‘yinchisi.


Grizmann va Simeone «Atletiko» siyosatiga tobelar - vaziyatga ta’sir o‘tkaza olmaydilar

Grizmann xususidagi barcha savollarga Diyego Simeone o‘zini klub a’zosi ekanligini ta’kidlash bilan javob qaytardi. OAV buni Grizmanning juda kech maydonga tushirilishi rahbariyatning buyrug‘i, deb qabul qilishdi. Antuanning o‘zi ham ustozining fikrini tasdiqladi: «Hammasiga o‘zingiz guvohsiz. Bu mening izmimda emas».

«Portu»ga qarshi o‘sha uchrashuv hujumchining o‘zi uchun mavsumning noyob o‘yinlaridan biri bo‘ldi. Jamoalarning 3ta goli 90-daqiqadan keyin amalga oshirildi, jamoasiga g‘alaba keltirgan golni fransiyalik goleador 101-daqiqada urdi. «Atletiko» uchun esa, g‘alaba qimmatga tushishiga sal qoldi: u 61-daqiqada maydonga tushgan va 40 daqiqa to‘p surgandi. «Barsa» uchun manfaat keltiradigan ko‘rsatkichga ozgina kamlik qildi.

Hozircha, asosiy muammo Grizmanning bahosida. «Atletiko»ning 40 mln. bergisi yo‘q, ammo arzonroqqa olishga tayyor. O‘yindan keyingi izohlaridan birida klub prezidenti Antuanning muhim o‘yinchilardan biri ekanligini ta’kidlagandi: «U hech qayoqqa keta olmaydi, chunki hamon jamoaning muhim bo‘lagi».

May oyida Sereso fransiyalik snayperni dunyoning eng sara o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etgandi.

O‘z gollarini Antuan «Atletiko» emblemasini o‘pish orqali nishonlaydi. Klubdagilar «Barselona» bilan bahsli masalalarga barham berilganidan keyin yuksak saviyasiga qaytishidan umidvorlar. Axir u Kataloniyaga yo‘l olishidan avval «Atletiko»ning yetakchisi edi. «Matraschilar» safidagi 5 mavsumda «Real Sosyedad»dan o‘tgan hujumchi quyidagi natijalarni qayd etgandi: 22, 22, 16, 19 va 15ta gol.

Ko‘pchilik muxlislar uning «Barselona»ga o‘tib ketganini kechira olmagandilar, endi ular hushtakbozlikni butunlay to‘xtatishdi. Ular uchun «Barselona» o‘tmishga aylangan.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:09, 27.09.2022.
O'qildi: 1674 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.