O‘zbekiston Professional futbol ligasi shu yilning 3 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assosiasiyasidan 03/2811-sonli xat qabul qilib oldi. Unda mamlakat milliy terma jamoasi 10-21 noyabr kunlari yig‘in o‘tkazishi va uning doirasida o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bu Superliga futbol klublariga may oyida taqdim etilgan taqvim rejaning o‘zgarishiga olib keladi. Unga ko‘ra, 26-tur uchrashuvi 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi hamda Qatar mundialiga qadar chempionat yakunlanishi kerak edi. Ligada o‘z maqsadi sari harakat qilayotgan klublarning ish rejasiga salbiy ta’sir o‘tkazmaslik, qolaversa, hal qiluvchi so‘nggi tur oldidan tanaffus yuzaga kelmasligi O‘zPFL uchun muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, eng optimal holatda chempionatni FIFA kunlariga qadar yakunlash varianti ustida ishlandi. Natijada so‘nggi uch tur oralig‘i qisqartirildi. Ishonamizki, taqvimdagi zichlik futbol muxlislariga yanada qiziqarliroq futbol uchrashuvlarini taqdim eta oladi.
Endilikda 30 oktyabr sanasiga rejalashtirilgan O‘zbekiston kubogining final o‘yinidan keyingi taqvimda o‘zgarish bo‘ladi. Bunda 24-tur 2-3 noyabr sanalarida o‘tadi. O‘z navbatida 25-turdagi barcha uchrashuvlar 7 noyabrga va 26-turdagi barcha o‘yinlar 11 noyabrga belgilanadi. 24-turning yanada aniqroq sanalari esa kubokning ½ final uchrashuvlari yakunidan keyin e’lon qilinadi. Bunda kubok finaliga yo‘l olgan klublar ishtirokidagi o‘yinlar 3 noyabr sanasida, finalga chiqa olmagan jamoalar o‘yini esa 2 noyabrda bo‘lib o‘tadi.
24-turda Toshkentning to‘rt klubi ham uy uchrashuvida ishtirok etishi O‘zPFL uchun nisbatan murakkab hisoblanadi. “Bunyodkor” klubi “Jar” arenasidan foydalanayotganidan kelib chiqib, uning 24-turdagi o‘yini “Olimpik” ishtirokidagi o‘yin bilan parallel kelishi imkonsiz. Agar “Bunyodkor” 24-turda Olmaliqdagi stadiondan foydalansa, bunda Toshkentdagi o‘yinlar sonini inobatga olgan holda reja o‘zgarishi mumkin. O‘zPFL bir shahardagi o‘yinlar soni nisbatan kamroq bo‘lishi uchun harakat qiladi.
Shuningdek, AGMK klubi o‘z maydonida harakat qilishidan kelib chiqib, Olmaliqdagi stadiondan foydalanib kelayotgan “Surxon” futbol klubi 25-turni o‘tkazish uchun O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tgan boshqa stadionni Reglament talabi asosida mezbonlik uchun taqdim etishi kerak bo‘ladi. O‘z navbatida “Olimpik” klubi o‘z maydonida harakat qilishidan kelib chiqib, “Jar” stadionidan foydalanib kelayotgan “Bunyodkor” 26-turni o‘tkazish uchun O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tgan boshqa stadionni Reglamentda ko‘rsatilgan muddatdan kechikmay mezbonlik uchun taqdim etishi talab etiladi.
Ishchi reja bo‘yicha noyabr oyidagi taqvim quyidgi ketma-ketlikda bo‘ladi. Faqatgina shu holatda Srechko Katanes boshchilik qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining yig‘ini chempionat ishtirokchilarining rejasiga minimal ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, mavsum yakunidan keyin Katanes o‘zi istagan futbolchilar bilan bemalol mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga ega chiqadi.
24-tur
2 noyabr, chorshanba
OLIMPIK — METALLURG
QIZILQUM — QO‘QON-1912
2/3 noyabr, chorshanba/payshanba
PAXTAKOR — SO‘G‘DIYONA
LOKOMOTIV — NAVBAHOR
NASAF — DINAMO
NEFTCHI — AGMK
3 noyabr, payshanba
BUNYODKOR — SURXON
25-tur
7 noyabr, dushanba
PAXTAKOR — QIZILQUM
AGMK — OLIMPIK
QO‘QON-1912 — BUNYODKOR
SO‘G‘DIYONA — LOKOMOTIV
SURXON — DINAMO
METALLURG — NAVBAHOR
NASAF — NEFTCHI
26-tur
11 noyabr, juma
DINAMO — QO‘QON-1912
BUNYODKOR — PAXTAKOR
NEFTCHI — SURXON
LOKOMOTIV — METALLURG
OLIMPIK — NASAF
NAVBAHOR — AGMK
QIZILQUM — SO‘G‘DIYONA