Angliya terma jamoasi har bir pozisiyada yetarlicha zaxiralarga ega. Ammo jamoa ustozi Garet Sautgeyt mundialga bir oy qolganida o‘ng qanot muammosiga duch keldi. Bunga esa o‘sha joyning asosiy egalari bo‘lgan Ris Jeyms hamda Kayl Uokerning jarohat olgani sabab bo‘lmoqda. "Liverpul" yulduzi Trent Aleksander-Arnold ham variantda mavjud. Ammo uning ahvoli uchalik ham yaxshi emas. Aniqrog‘i, sport formasini yo‘qotgan. Quyida Qatardagi musobaqaga borishi mumkin bo‘lgan yangi nomlar haqida so‘z boradi.
Kiran Trippyer
Variantlar ichida eng tajribalisi Angliya terma jamoasida 37 ta o‘yin o‘tkazgan Kiran Trippyer sanaladi. U Sautgeyt tomonidan chap qanotda foydalanib kelingandi. Ammo futbolchining asl joyi o‘ng qanot himoyasi sanaladi. 32 yoshli futbolchi hozirda "Nyukasl" uchun katta ishni bajarib bermoqda.
Ben Uayt
Uayt "Arsenal" bilan fantastik o‘yin namoyish etmoqda. U bu mavsumda o‘z o‘rnini Vilyam Salibaga bo‘shatib berdi. O‘zi esa o‘ng qanotga o‘tdi. Mikel Artetaning ushbu qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqqan ekan. Endilikda, Sautgeyt undan muvaffaqiyatli tarzda dunyoning eng yirik musobaqasida foydalanishi mumkin.
Kayl Uolker-Piters
"Sautgempton" futbolchisi Uolker-Piters Angliya terma jamoasida tajribaga ega bo‘lib ulgurgan. U joriy yilning boshida Shveysariya hamda Kot-d'Ivuar termalariga qarshi o‘rtoqlik bahslarida qatnashgan edi. 25 yoshli himoyachi bu mavsumda "avliyolar"ning barcha, 9 uchrashuvida ishtirok etdi. Shu sabab uning holati optimal shaklda. Ammo katta ehtimol bilan uning tanlanishi Uayt va Trippyerdan keyin o‘ylab ko‘riladi.
Jeyms Jastin
Jastin ham Trippyer kabi himoyaviy qanotlarning har ikkisida o‘ynay oladi. U bir marta terma jamoa safida o‘yin o‘tkazgan. Ammo Jastinning jamoasi, "Lester Siti"ning bu mavsumdagi ahvoli yaxshi emas. Shuning oqibatida u Jahon chempionatiga borish uchun "yaroqli" deb topilmasa kerak.
Eron Uan-Bissaka
Eng so‘nggi nomzod bo‘lgan Uan-Bissaka bir paytlar inglizlar sharafini himoyalagan. Ammo so‘nggi davrdagi muammolar uning "MYU"dagi o‘rniga ham ta’sir ko‘rsatdi. U yangi mavsumda atigi 4 daqiqagina maydonda harakat qildi. 24 yoshli futbolchi yoshlar tarkibida ham Kongo, ham Angliya sharafini himoya qilgan. Hozirga kelib esa uning ishlari yurishmay qoldi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham u Sautgeyt uchun nomzodligicha qolaveradi.
ISMATOV J.