Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Rubin Sanches: «Maqsadga erishmaguncha to‘xtash yo‘q»

Rubin Sanches: «Maqsadga erishmaguncha to‘xtash yo‘q»

Baho:
+ | -

Ispaniyalik murabbiylar rahbarligida istiqbolli loyiha bo‘yicha oldinga intilayotgan «Surxon» Superligada biroz qiynalayotgan bo‘lsada, jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar yo‘q emas.

Umuman, Termizda klub  infratuzilmasini tubdan yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Futbolchilar ham bunga javoban mahalliy muxlislarga quvonch ulashish, iloji boricha munosib natija qayd etish yo‘lida astoydil harakat qilishmoqda. Jamoa safida chakki taassurot qoldirmayotgan o‘yinchilardan biri - bu safga davralar oralig‘ida qo‘shilgan ispaniyalik hujumchi Ruben Sanches. Biz yaqinda «Surxon» matbuot xizmati ko‘magi bilan Rubendan eksklyuziv intervyu olishga muvaffaq bo‘ldik.

- Ruben, mamlakatimizga yozgi transferlar vaqti keldingiz. Xo‘sh taassurotlar qanday, o‘zbek futboli darajasi kutganingizdek bo‘lib chiqdimi yoki...? 

- Avvalo, suhbatga chorlaganingiz uchun katta rahmat. To‘g‘risini aytaman, mahalliy futbol saviyasidan hayratdaman. Har bir uchrashuvda shiddat va kurash yaqqol sezilmoqda, jamoalar tarkibida kuchli ijrochilar borligi ham. O‘zbek diyoriga bog‘liq taassurotlar ham ajo­yib. Ayniqsa, odamlarning ochiqko‘ngil va samimiy munosabatlarini alohida aytishim kerak. Turmush o‘rtog‘imga ham ushbu mamlakat juda yoqdi. Xullas, mahalliy sharoitlarga moslashishda qandaydir muammo bo‘lgani yo‘q.

- «Surxon»ga kelishingiz haqida gapirib bersangiz - kimdan taklif tushdi va transfer qanday amalga oshdi?

- Hammasi juda tezda sodir bo‘ldi. Aslida Ispaniya klublaridan biri bilan shartnoma tuzish arafasida turgandim. Shu pallada agentim aloqaga chiqib, xorijdan qiziqarli taklif borligini aytdi. Ochig‘i, o‘sha vaqt Ispaniyadan tash­qariga chiqish haqida o‘ylamagandim ham. Keyin «Surxon» vakillari aloqaga chiqishdi, jamoa loyihasi bilan tanishtirishdi. Yakunda klubni Superligada olib qolishda ko‘maklashishimdan umidvor ekanliklarini aytishdi. Shu asnoda o‘z salohiyatimni xorijda sinab ko‘rish istagi tug‘ildi. Endi bu missiya bajarilmagunicha harakatdan to‘xtamayman.

- Ortda qolgan davrda 8ta o‘yinda maydonga tushib, 5ta gol urishga ulgurdingiz. Statistikangiz chakki emas, bu jamoa va o‘zbek futboliga tezda moslashganingizdan darak...

- Ha, shunday. Bunda jamoadoshlarim va klubning barcha xodimlari xizmati kattaki, ularga talab darajasidagi qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirishim kerak. Klubdoshlarim ayniqsa, maydonda erkin to‘p surishimga imkon boricha yordam berishmoqda.

- «Surxon» taklifini qabul qilishingizda ispaniyalik murabbiylar ta’siri katta bo‘lgani tayin. Qiziq, ular bilan oldindan tanishmidingiz?

- Unchalik emas. Lekin «Surxon»ning sobiq bosh murabbiyi bilan o‘rtamizda yaqin aloqalar bor. Aynan u klubga yordam bera olishimni aytdi, meni yetarlicha qiziqtirdi. Lekin murabbiylar shtabidagi boshqa hamyurtlarimni yaxshi tanimasdim.

- Qisqa vaqtda «Surxon»­da o‘z o‘rningizni topdingiz, Superliganing yetakchi jamoalariga qarshi o‘yin­larda ishtirok etib, binoyidek taassurot uy­g‘otdingiz. Hozirda chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar tayin. Xo‘sh, legioner futbolchi sifatida «oltin»ga da’vogarlar o‘yi­ni xususida nima deya olasiz?

- Ko‘rinib turibdiki, chempionat yetakchilarida o‘ziga xos kuchli tomonlari bor. Har biri o‘ziga yarasha ustunliklarga ega. Asosiysi, ularda barqarorlik joyida. Qolaversa, o‘yin kartinasi ham chakki emas. Ayniqsa, «Navba­hor»ga qarshi safar uchrashuvida stadiondagi muhit, muxlislik darajasidan lol qoldim. Gap yo‘q, manzara xuddi yevrofutboldagidek! «Nasaf» va «Paxtakor» maydonida esa o‘ynaganim yo‘q. O‘ylaymanki, shu ketishda chempionlik uchun kurash intrigasi finishga qadar o‘lmaydi.

- Jamoangiz amaldagi chempion «Paxtakor»ni oltinga teng ochkolardan mahrum qildi. O‘sha o‘yin xususida ham to‘xtalsangiz: asosiy da’vogarlardan biri bilan nimaning hisobiga tengma-teng kurash olib bordinglar?

- Birinchidan, «Paxtakor»­ga qarshi bahsda himoyada o‘ta tartibli harakatlandik. Ikkinchidan, butun jamoa ochko uchun borini berdi. Aslida o‘sha o‘yinda g‘alabani ko‘zlagandik va bunga imkon ham yo‘q emasdi. Umuman, har ikki jamoa yetarlicha vaziyatlar hosil qilganini inobatga olsak, yakuniy durang adolatli natija bo‘ldi. Muhimi, kuchli raqibdan tortib olingan ochko jamoada ishonchni oshirdi, bu mavsumning qolgan qismi uchun ajoyib motivasiya bo‘lib xizmat qilishidan umidvorman.

- Oldinda yana 4ta tur qoldi. «Surxon»ni esa og‘ir o‘yinlar kutib turibdi. Sizningcha, jamoada Superligada qolish vazifasini bajarish imkoniyati qanday?

- Ha, qolgan har bir o‘yin murakkab tus olishi o‘z-o‘zidan tushunarli. O‘ylaymanki, agar so‘nggi bir necha haftada ko‘rsatilgan o‘yin saviyasini buzib qo‘ymasak, Superligada bemalol «jon» saqlab qolishimiz mumkin. Har holda, sifat bor, ishonch bor. Faqat o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olsak, bas.

- Endi shartnomangiz haqida ham ma’lumot bersangiz. Agar klub kelishuv muddatini uzaytirishni istasa, javobingiz qanday bo‘ladi?

- Hozircha amalda shartnoma bor. Men uchun eng muhimi - bajarilgan ishlardan avvalo, klub qoniqish hosil qilishi kerak. Albatta, o‘zimning ham maydon va uning tashqarisida erkin bo‘lishim muhim. Hozircha barchasi yoqyapti. Lekin oldindan baralla gapirish yaramaydi. Mavsum tugasin, barchasini bafurja ko‘rib chiqamiz agar yangi shart­noma taklif etishsa, albatta.

- O‘zbek futbolida to‘p­urar hujumchilarga katta ehtiyoj bor. Jamoalarda yaqqol goleadorlar yo‘qligi sezilyaptimi, bu borada nima deya olasiz?

- O‘zbekistonda faoliyat boshlaganimga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunday ekan, bu masalada dangal gapirishim yoki qandaydir izoh berishim joiz emas. Jamoamizning oxirgi o‘yinlarida ampluadoshim Bobojonov bilan bir-birimizni yaxshi tushunib to‘p suryapmiz. Men uchun eng muhimi shu. 

Xurshid YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:08, 28.10.2022.
O'qildi: 1621 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.