Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Metallurg»-2022: mavsum sarhisobi

«Metallurg»-2022: mavsum sarhisobi

Baho:
+ | -

Mamlakat XXXI milliy chempionati ham tarix sahifalaridan joy oldi. Yil davomida Superliga bahslariga ko‘nikib qolgan muxlislar uning poyoniga yetganiga ishonishlari qiyin. Ammo sevimli jamoalari uchrashuvlarini ishqibozlar endi faqatgina kelgusi mavsum – 2023 yilning bahoridan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

2022 yilgi futbol mavsimini ko‘pchilik turlicha talqin etmoqda. Kimdir chempionat murosasiz, qiziqarli kurashlarga boy bo‘ldi, deyapti. Buni chempionlik uchun kurashning oxirgi turgacha hal bo‘lmaganligi yoki Superligada jon saqlash uchun kurashgan jamoalarning har bir o‘yinni qizitib berganligi bilan isbotlashmoqda. Ba’zilarning nazdida esa shunchaki aksariyat klublarning kuchi tenglashgan, shuning evaziga keskin raqobat kuzatildi. Biz bu fikrlarni tahlil etish fikridan yiroqmiz. Shunchaki qadrdon jamoamiz – “Metallurg” sarhisobiga nazar tashlamoqchimiz. Bekobodliklar uchun mavsum qanday o‘tdi? Muxlislarning jamoa ishtirokidan ko‘ngli to‘ldimi? Shu va boshqa savollarga esa raqamlar misolida javob axtaramiz.

O‘tgan yiliga nisbatan o‘sish – bir pog‘ona!

2021 yilgi mavsumda bekobodlik futbol ishqibozlari chempionat yakunini yurak hovuchlab kuzatishgandi. Boisi jamoa faqatgina oxirgi turda safar g‘alabasi evaziga xavfli mintaqani tark etgan, 11-o‘rinni egallab, o‘tish bahslaridan “qutilib qolgandi”. Bu yilgi chempionatning birinchi davrasidan keyin “Metallurg” yana 11-pog‘onada borar, Pro-ligaga tushib ketish xavfi ishqibozlarimizni xavotirga solganligi bor gap. Hatto eng ashaddiy ishqibozlarimiz jamoa rahbariyatiga natijadan qoniqishmayotganini, bir mavsum avvalgidek so‘nggi turgacha  qiynalishni istamasligini ochiqcha aytishgacha borishdi. Klub rahbariyati e’tirozlarni o‘rinsiz qoldirmadi. Davralar oralig‘ida tarkibda bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jamoaga yangi, iste’dodli o‘yinchilar taklif qilindi. Murabbiylar shtabida juz’iy o‘zgarishlar bo‘ldi. Avgust oyi oxiridan klub boshqaruvida ham yangilanishlar kuzatildi. Muassislar jamoa a’zolari bilan ochiq muloqotda klubdan nimalarni xoxlayotganini ochiq bayon etishdi. Aniq vazifalar yuklandi. Bu islohotlar esa o‘z samarasini bermasdan qolmadi. Birinchi davrada safarda bironta ham g‘alaba qozonmagan jamoa ikkinchi davrada to‘rtta yutuqni qo‘lga kiritdi. Superligada mavqeini saqlab qolish vazifasini muddatidan oldin uddaladi. Faqatgina oxirgi uchta o‘yinni boy berish natijasida kuchli oltitalikka kirish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Yakunda 10-pog‘ona bilan kifoyalandi. 26 uchrashuvning 8 tasida g‘alaba, 8 tasida durang qayd etildi. 10 ta o‘yinda imkoniyat boy berildi. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi 19:27, 32 ochko jamg‘arildi. Ligada “Metallurg” raqib darvozasiga eng kam to‘p kiritgan jamoa bo‘ldi. Gol o‘tkazib yuborishdagi ko‘rsatkichi esa – 5-o‘rin.

Safarda ham uydagidek...

Yuqorida aytib o‘tganimizdek “Metallurg” birinchi davrada safarda bironta ham g‘alaba qozona olmadi. 6 ta o‘yinning uchtasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa yana 3 tasini durang bilan tugatdi. Ikkinchi davrada esa mehmondagi o‘yinlar ko‘rsatkichi keskin yaxshilandi. Jamoa to‘rtta bahsda 3 ochkolik bo‘ldi. 3 ta o‘yinni esa boy berdi. Safarda ochko jamg‘arish bo‘yicha Superliga jamoalari orasida ijobiy ko‘rsatkich qayd etdi.

Bu yilgi mavsumda bekobodliklar o‘z maydonlarida ko‘proq ochko yo‘qotishdi. 13 ta uchrashuvning 4 tasida yutuqqa erishgan “Metallurg” yana shunchasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. 5 ta bahsda esa raqiblar bilan ochkolarni bo‘lib olindi. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi ham ijobiy emas – 9:11. Quyidagi taqvimda “Metallurg”ning 2022 yildagi barcha o‘yinlari natijalari e’tiboringizga havola etilayapti:



Jamoa gvardiyachilari

Bu yilgi mavsumda ispaniyalik murabbiylar shtabi asosiy tarkib o‘yinlarida 29 futbolchining xizmatiga tayanishdi. Eng ko‘p maydonga chiqqan futbolchi Zabixillo O‘rinboyev bo‘ldi. U 25 ta uchrashuvda asosiy tarkibda to‘p surdi. Abrorbek Toshqo‘ziyev esa 24 ta bahsni asosiy tarkibda o‘tkazdi. Uchinchi ko‘rsatkich Shahzodbek G‘ofurbekovga tegishli – 23 o‘yin. Yigirmatalik dovondan yana ikki nafar vakilimiz – Farrux Ibrohimov (21 ta uchrashuv) hamda Ixtiyor Toshpo‘latov (20 ta o‘yin) oshishdi.

Maydonda bo‘lish – daqiqalar hisobidan kelib chiqqanimizda esa peshqadam Abror Toshqo‘ziyev yetakchi. Keyingi natija Farrux Ibrohimovga tegishli. Zabixillo O‘rinboyev esa kuchli uchtalikni yakunladi. Futbolchilarimizning 2022 yilgi mavsumdagi ulushini quyida keltirilayotgan taqvim orqali o‘zingiz tahlil etib olishingiz mumkin.



Jamoa to‘purarlari

Superligada raqiblar darvozasiga 19 ta gol kiritgan bo‘lsak, shulardan 18 tasi “Metallurg” futbolchilari hisobiga yozilgan. Bitta avtogol qayd etildi. “Dinamo” bilan uy uchrashuvida gollardan biri samarqandliklar himoyachisi Jasur Jumayevning oyog‘idan darvoza to‘riga borib tushganligi sabab avtogol yozildi.

Qolgan 18 ta gol esa 9 nafar o‘yinchimiz orasida taqsimlandi. Jamoamiz to‘purari ikkinchi davradan tarkibga kelib qo‘shilgan 20 yoshli Bektemir Abdumannonov bo‘ldi. U 12 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 5 marta ishg‘ol etdi. Jamoamiz pleymeykeri, tayanch yarim himoyachimiz Damir Temirov esa 14 ta uchrashuvda 4 ta gol muallifiga aylandi. Agar Damir oyog‘idan jiddiy jarohat olib, ikkinchi davrani to‘liq o‘tkazib yubormaganida albatta bu ko‘rsatkich yanada ijobiy bo‘lishi aniq edi. Hujum chizig‘imiz vakili Zabixillo O‘rinboyev esa o‘z hisobiga 3 ta gol yozdirib qo‘ydi. Qolgan olti nafar o‘yinchimiz esa bir martadan muvaffaqiyat qozonishdi.

2022 yilgi to‘purarlar:

Bektemir Abdumannonov – 5 ta gol
Damir Temirov – 4 ta gol
Zabixillo O‘rinboyev – 3ta gol
Farrux Ibrohimov – 1 ta gol
Jasur Xolto‘rayev – 1 ta gol
Boburbek Farhodov – 1 ta gol
Xudoyshukur Sattorov – 1 ta gol
Abrorbek Toshqo‘ziyev – 1 ta gol
Shohnazar Norbekov – 1 ta gol
Jasur Jumayev (Dinamo S) – 1 ta avtogol.

Jarimalar jafosi

“Metallurg” bu yilgi mavsumni juda intizomli o‘tkazdi deyish qiyin. Uchrashuvni boshqarib borgan hakamlar bekobodlik futbolchilar qarshisida 67 marta sariq kartochkani ko‘targanliklari fikrimiz isboti. Shulardan bir nafari bitta uchrashuvda ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatilgandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri qizil olgan futbolchilarimiz esa 2 nafar. Ulardan biri Shohnazar Norbekov o‘yin payti maydonda olgan bo‘lsa, yana bir nafari Akmal Ortiqov maydonga tushmasidan chetlatilgan. AbrorToshqo‘ziyev esa bitta uchrashuvda ikkita sariq kartochka olib, o‘yinni vaqtliroq tugatganligini ham aytib o‘tish lozim. O‘z navbatida ogohlantirilganlar orasida bosh murabbiyimiz Luisma Ernandes ham borligini qayd etish kerak.

Ogohlantirishlar:

Farhod Bekmurodov – 7 ta
Karim Palich – 6 ta
Zabixillo O‘rinboyev – 5 ta
Ixtiyor Toshpo‘latov – 5 ta
Abrorbek Toshqo‘ziyev – 4 ta
Ibrohim Ibragimov – 4 ta
Jasur Xolto‘rayev – 4 ta
Damir Temirov – 4 ta
Xudoyshukur Sattorov – 4 ta
Aleksandr Lobanov – 4 ta
Abbos Otaxonov – 3 ta
Bektemir Abdumannonov – 3 ta
Farrux Ibrohimov – 3 ta
Salamat Quttiboyev – 3 ta
Akmal Ortiqov – 2 ta
Anvar G‘ofurov – 1 ta
Islombek Isoqjonov – 1 ta
Shahzodbek G‘ofurbekov – 1 ta
Boburbek Farhodov – 1 ta
Muhammadali Aliqulov – 1 ta
Ergash Ismoilov – 1 ta

O‘rinbosarlarda o‘sish bor

Asosiy jamoamizga yaqin o‘rinbosarlarni yetishtirib beruvchi U-21 hamda U-19 chempionatlarida qatnashgan yoshlarimizning natijalarida o‘sish borligini kuzatishimiz mumkin. Xususan, Bahrom Umarov yetakchiligidagi “Metallurg U-21” jamoasi mavsumni 4-o‘rinda yakunladi. Sovrindorlar safiga qo‘shilish uchun ozgina omad yetishmadi. Ammo bir mavsum muqaddam O‘zbekiston birinchiligida autsayder bo‘lgan jamoamizning kuchli to‘rtlikka qaytishi barchamizni xursand etmasdan qolmaydi. Zero asosiy tarkibning eng yaqin o‘rinbosarlari mazkur jamoamiz sanaladi. Bu yil ushbu jamoaning juda ko‘plab o‘yinchilari Luisma Ernandes boshchiligidagi asosiy tarkib mashg‘ulotlarida qatnashishdi. Mahoratlarini oshirishdi. 20 yoshli Daler Sharipov Superligada debyutini o‘tkazdi. Humoyunshoh Sayyotov, Shahzodjon Ne’matjonov, Mirkomil Abdurazzoqovlar O‘zbekiston U-20 terma jamoasining yig‘inlaridan doimiy ravishda chaqiruv olib turishdi. Aytish mumkinki, ular kelgusi yigi o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga Ravshan Haydarov boshchiligida puxta tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Shuhrat Yuldashev murabbiyligidagi “Metallurg U-19” jamoamizning yosh o‘yinchilari Samandar Muratboyev, Ravshan Xayrullayev hamda Ro‘ziboy Fayzullayevlar esa Rauf Ineleev rahbarlidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi tarkibida xorij yig‘inida bo‘lib qaytishdi.

Shuningdek, “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritayotgan “El Golazo” futbol akademiyamizning barcha yosh toifasidagi jamoalari Toshkent shahar birinchiligida qatnashib, mahoratlarini sayqallashtirib borayotganligi muxlislarimizni xursand etayapti. Zero poytaxt chempionatida kuchli jamoalar ko‘p va ular bilan raqobatda akademiyamiz tarbiyalanuvchilari yo‘qolib qolishmayapti. Aksincha, “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” singari boy tajribaga ega klublar tarbiyalanuvchilariga qarshi o‘yinlarda tajriba to‘planayapti. Bu esa klubimizning kelajagiga katta umid ko‘zi bilan qarashimiz uchun asosdir.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 21:45, 16.11.2022.
O'qildi: 1100 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.