2006 yilgi mundialda ko‘plab yulduzlar qatnashgandi. Ular ichida Ueyn Runi Zayniddin Zidan, Fillipp Lam, Andre Pirlo hamda Tyerri Anrilar bo‘lgan. Ammo qatnashuvchi futbolchilar orasida shunday nomlar borki, ular hali ham o‘z faoliyatini yuqori marralarda davom ettirmoqda. Quyida o‘sha yulduzlar haqida hikoya qilinadi.
Lionel Messi
2006 yilgi Argentina ham hozirgi kabi favoritlar qatorida e’tirof etiladi. Jamoa butunlay Xuan Roman Rikelme atrofida qurilgandi. Ernan Krespo esa ko‘plab gollarga mualliflik qilgan. Argentina tarkibda 18 yoshli Messi ismli yigitcha ham bo‘lib, u asosan zaxira varianti sifatida jamoaga jalb etilgan. U ilk mundialida Serbiya-CHernogoriyaga qarshi bahsda gol uradi. O‘shanda Argentina 6-0 hisobida zafar quchadi. Germaniyaga qarshi chorak final bahsida Messi maydonga tushmaydi. Uning jamoasi esa mag‘lubiyatga yuz tutadi. Mana, oradan 16 yil o‘tdi. Leo esa hozir o‘sha jamoaning sardori.
Krishtianu Ronaldu
Ronaldu Germaniyaga, nisbatan yulduzroq bo‘lib tashrif buyuradi. U Portugaliya terma jamoasining asosiy tarkibidan joy olgandi. "MYU" hujumchisi o‘zining mundialdagi ilk golini Eronga qarshi, penaltidan kiritgandi. Uning jamoasi esa yarim finalga qadar yetib kela olgan. Undan keyingi 16 yillik muddat ichida Ronaldu dunyoda Messi bilan birga hukmronlik qildi. Portugaliya esa Ronaldu boshchiligida Yevropa chempioni bo‘ldi, Millatlar ligasi g‘olibiga aylandi. U 37 yosh bo‘lishiga qaramay, Jahon chempionligini ko‘zlagan.
Teo Uolkott
Ha, hamma biladiki, Teo Germaniyadagi mundialda maydonga tushmagan. Ammo u bosh murabbiy tomonidan tanlab olingan va Olmoniyaga olib ketilgandi. Garchand, jamoasiga foydasi tegmagan bo‘lsa ham, Uolkott, keyinchalik, "Arsenal" safida katta shuhrat qozondi. Ayni damda 33 yoshni qarshilagan hujumchi, "Sautgempton" safida harakat qilmoqda.
Zlatan Ibragimovich
Shvesiya milliy terma jamoasi Qatar-2022ga saralashda Polsha tomonidan hal qiluvchi bahsda mag‘lub etildi. Shu sabab Ibragimovich Jahon chempionatiga bormaydigan bo‘ldi. Uning so‘nggi mundiali esa, o‘sha, olis 2006 yilga borib taqaladi. Shvesiya o‘shanda nimchorak finalda Germaniya mag‘lub bo‘ladi. 24 yoshli Zlatan esa golsiz turnirni yakunlaydi. Shundan keyin, uning manzili "Yuventus", "Inter", "Barselona" kabi klublar bo‘ldi. Hozir u "Milan" hujumchisidir.
Luka Modrich
Modrich Germaniyaga 16 yoshli o‘smir sifatida tashrif buyurgan. Ha, uning jamoasi unchalik ham kuchli emasdi. Afsonaviy yarim himoyachi 2006 yilda o‘zini ko‘rsata olmaydi. Chunki u ikki marta, zaxiradan maydonga tashlanadi xolos. Shundan keyin, Modrich o‘z yurtida shuhrat qozondi. U so‘nggi Jahon chempionatida final ishtirokchisiga aylangandi.
Lukash Podolski
Germaniyada o‘tgan mundialda Germaniya termasi yarim finalga qadar yetib bora olgan. Bunda Podolskining xizmati beqiyos edi. Hujumchi turnir davomida 3 ta golga mualliflik qiladi. U turnir yakunida eng yaxshi yosh futbolchi sifatida e’tirof etiladi. Ayni damda 37 yosh bo‘lgan Podolski, Polshaning "Gurnik" klubida to‘p tepmoqda.
ISMATOV J.