O‘tgan yilning noyabrida Antonio Konte «Tottenxem»ni qabul qilgandi.
Italiyalik mutaxassisning Londonga kelishi xususidagi mish-mishlar juda tez tarqalgan bo‘lsada, murabbiyning rozi bo‘lish-bo‘lmasligi mavhum edi. Konte taklifni qabul qildi, uning «Tottenxem»ga kelishida londonliklar sport direktori Fabio Paratichi muhim rol o‘ynadi. Endi vatandoshlar hamkorlikda jamoani tiklamoqdalar.
Biroq muzokaraning asosiy tashabbuskori klub prezidenti Daniel Levi bo‘ldi. U bosh murabbiy lavozimini italiyalik mutaxassis egallashini istagandi. Jamoani Liga Kubogi finaliga olib chiqqan Joze Mourinyodan keyin Nunu Eshpiritu Santuning tayinlanishi klub uchun ortga tashlangan qadam edi. Amalda bu o‘z isbotini topdi, portugaliyalik murabbiy rahbarligidagi 17 uchrashuvdan keyin «Tottenxem» turnir jadvalida 8-o‘ringa tushib ketdi. Lekin jamoa uchun mavsum barbod bo‘lgandek pallada Konte kelgach, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi.
Italiyalik murabbiy KLni bir chetga surib, asosiy e’tiborni APLga qaratdi, yakunda «shporlar» yetakchi to‘rtlikdan joy oldilar. Mavsumning yakuniy bosqichini omadsiz o‘tkazgan «Arsenal» YECHL yo‘llanmasini qo‘shnisiga sovg‘a qildi.
O‘tgan yili yozgi transfer darchasida «shporlar» 170 mln. yevro sarflab, o‘z tarkiblariga Ivan Perishich, Kleman Langle, Iv Bissuma, Risharlison, Jed Spens va Destini Udogini qo‘shib oldilar. Bundan tashqari, klub «Atalanta»dan Kristian Romeroni 50 mln. yevroga sotib oldi. Qisqasi, Levi mablag‘ni ayamadi, Konte esa Paratichi bilan hamkorlikda tarkibni qaytadan shakllantirishga kirishdi.
Joriy mavsum «Tottenxem» uchun avvalgisidek dramatik lavhalarga boy o‘tmoqda. Misol uchun «Chelsi» bilan bo‘lgan o‘yinning (2:2) qo‘shimcha vaqtida qimmatli g‘alaba boy berildi, «Bornmut»ga qarshi bahsda ajoyib kambek (1:2ni 3:2ga aylantirdi) qayd etildi, «Sporting»ga qarshi bellashuvning (0:2) so‘nggi daqiqalarida 2ta gol o‘tkazib yubordi, «Marsel»ni esa qo‘shimcha vaqtning 5-daqiqasida mahv etdi, 2:1. Kontening «Tottenxem»i shunaqa - bir qarasang, avval o‘ziga muammo yaratib, g‘alaba qozonadi, boshqasida naqd yutuqni qo‘ldan chiqaradi.
Lekin jamoaning tobora rivojlanib borayotganligini tan olmaslikning iloji yo‘q. Konte shogirdlari APLda yetakchi kvartetda borishmoqda, YECHLda guruh bosqichidan 1-o‘rin bilan pley-off bosqichiga chiqdilar. Jamoa italiyalik murabbiy rahbarligidagi 57 uchrashuvning 33tasida g‘alabaga erishdi, 15 marta imkoniyatni boy berdi va 9ta o‘yinni durang bilan yakunladi. Bundan tashqari, mazkur uchrashuvlarda 111ta gol urib, o‘z darvozasidan 62 marta to‘p olib chiqdi.
Ichki chempionat doirasida «Tottenxem» 9ta g‘alaba bilan 3-o‘rinda bormoqda, faqat «Arsenal» va «Manchester Siti»da g‘alabalar soni ko‘proq. Shuningdek, jamoa gol urish borasida 4, zarbalar soni bo‘yicha esa 5-o‘rinlarda bormoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar jamoaning hujumkor uslubini tasdiqlaydi. Demak, Konteni himoyaviy uslub tarafdori deyishlari asossiz.
Murabbiy esa izlanishdan to‘xtab qolmasligi shart. Axir undan shu mavsumning o‘zida yuksak natijalarni talab qilishlari aniq. Hozir Konte barcha imkoniyatlarga ega: umidvor muxlislar, qo‘llab-quvvatlaydigan rahbariyat va risoladagidek transfer byudjeti. Bu yog‘iga, ko‘p narsa Antonio Konte va uning murabbiylar shtabiga bog‘liq.
Ravshan IBROHIM tayyorladi