Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Maykl Oliver shunaqa o‘jar...

Maykl Oliver shunaqa o‘jar...

Baho:
+ | -

APL 6-turidan o‘rin olgan «Nottingem Forest» - «Bornmut» (2:3) o‘yinida kamdan-kam kuzatiladigan voqelik ro‘y bergandi - muxlislar nafaqat sermahsul va murosasiz bahs, balki bosh hakam VAR tizimi tavsiyasini inkor etib, o‘z qarorini o‘zgartirmagani guvohiga aylanishdi.

Aniqroq aytsak, 45-daqiqada mezbon jamoa hujumi chog‘i «Bornmut» himoyachisi ko‘ksini qalqon qilgan holda to‘pni gavdasi bilan qaytargach, referi Maykl Oliver «nuqta»ga ishora qildi. VAR tizimi esa bosh hakam qaroriga qo‘shilmadi va uni vaziyatni monitorda takroran ko‘rishga chorladi. Oliver hammasini qayta ko‘rib chiqdi, ammo qarorini o‘zgartirmadi! Shu tariqa Brennan Jonson penaltidan foydalanib, «Nottingem»ning ikkinchi golini urdi. To‘g‘ri, mehmonlar tanaffusdan keyin tezda hisobni tenglashtirdilar va so‘nggi daqiqalarda g‘alabani o‘z tomonlariga og‘dirdilar. Xo‘sh, kim haq edi - hakammi yoki VAR? 

APL BOSHQACHA, BARIBIR...

Aksariyat chempionatlarda hakamlar bu kabi holatlarga mantiqan yondashishga odatlanishgan: VAR videotakrorni ko‘rishga chorladimi, demak, qandaydir xatolik o‘tgan. Referi o‘z qarorini o‘zgartirmasa, yangi tizimga bo‘ysunmagan hisoblanadi. APLda esa bunday harakat qoida buzilishi bilan tengdir. E’tiborlisi, Maykl Oliver qarorini hozirda teleekspert sifatida ishlayotgan sobiq hujumchi Alan Shirer darhol qo‘llab-quvvatladi: «Oliver tomonidan sifatli ishi. Nihoyat, kimdir «O‘z qarorimni o‘zgartirmayman» qabilida ish tutishga jur’at etdi. Endi shunga o‘xshash holatlar ko‘paysa kerak. Oliver bu borada birinchi».  Umuman olganda, Maykl Oliver VAR bilan bog‘liq masala yuzasidan ancha oldin ko‘zga tashlangan edi. Ya’ni 2 yilcha avval «Kristal Pelas» - «Derbi Kaunti» o‘yinida o‘zaro to‘qnashib ketgan Tom Xaddlstoun va Luka Milivoyevichga sariq kartochka ko‘rsatgan referi monitorga murojaat qilganidan so‘ng ikkinchisini maydondan chetlatgandi. Shundan so‘ng APL hakamlari yig‘ilishida videoassistent tizimi ishi rosa tanqid ostiga olindi va referilarga bahsli lavhalarda mustaqil qaror chiqarish huquqi berildi.

APLda VAR TIZIMIGA MUNOSABAT

APL bahslarida videoassistent tizimi gumonlari deyarli to‘liq tasdiqlanadi. Masalan, The Sun nashri yanvar oyida qiziqarli ma’lumot berdi: «Mavsumning birinchi yarmida VAR 49ta vaziyatga aralashdi va bosh hakamlar ularning barchasida tizim maslahatiga quloq solishdi». Shu ma’lumot fonida Britaniya sport OAVda hakamlarning VARga qarshi chiqishdan qo‘rqishlari, videoassistentlarga esa chetdan ta’sir o‘tkazilishi haqida nazariya paydo bo‘ldi. Umuman, mavsum-2021|2022da referilar VAR aralashuvi o‘laroq, 87ta qarordan 82tasini o‘zgartirganlar. Angliyalik jurnalist Deyl Jonsonning hisob-kitobiga ko‘ra, tizim joriy etilganidan keyingi uch mavsum orasida aynan oxirgisida VAR aralashuvi rekord darajada ko‘paydi - bosh hakamlar naq 120 marta monitor oldiga yugurishdi.

VAR ISHI BO‘YICHA  SAVOLLAR KO‘P...

APLning yangi mavsumi ham VAR va hakamlar uchun murakkab boshlandi. Deylik, «London derbisi»da «Chelsi»ga qarshi maydonga tushgan «Vest Xem» 90-daqiqada Maksvell Korne goli bilan muvozanatni tikladi. Biroq VAR ivuarlik futbolchi darvozabon Eduar Mendiga nisbatan qoida buzganiga ishora qildi va gol bekor qilindi. O‘yindan keyin «bolg‘achilar» ustozi Devid Moyes nafratini boricha to‘kib-sochdi: «To‘pni ilib olishga uringan darvozabon uni qo‘lidan chiqarib yubordi. Natijada to‘p 5-6 yard masofaga uzoqlashib ketdi, kiper unga yetolmasligini tushunib, xuddi jarohatlangandek yotib oldi. VAR esa referini vaziyatni qayta ko‘rishga chaqirdi. G‘alati, juda g‘alati...». «Vest Xem» bosh murabbiyi fikrini hattoki, «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Kris Satton ham ma’qulladi: «Ha, Devid Moyes haq - gol inobatga olinishi kerak edi. Har holda, Mendiga nisbatan qoida buzilmadi. Shunday noo‘rin qarorlar barcha muxlislarda VARga nisbatan naf­rat uyg‘otadi».

Yana bir misol: 0:0 hisobida yakuniga yetgan «Nyukasl» - «Kristal Pelas» o‘yinida aslida gol urildi - Tayrik Mitchell mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqandi. Biroq bosh hakam Maykl Salisberi VAR tavsiyasi bilan uni inobatga olmadi. «Golni haqli ravishda bekor qilishdimi? Yo‘q, aslo. Aslida jamoam hujumga o‘tganida, Jo Uillokka nisbatan qo‘pollik ham ishlatilgandi», - dedi Eddi Xau o‘yindan keyin. Alan Shirer esa mojaroga shunchaki, moy quydi: «Salisberi xunuk va sharmandali qaror qabul qilib, hammani xijolatda qoldirdi. Uillok to‘p tomon yugurgan vaqt Mitchellga turtilib ketdi, referi golni hisobga olib, to‘g‘ri qildi. Ammo VAR hakami Li Meyson qandaydir yo‘l bilan uni xatolik borligiga ishontirdi».

«Lids» bosh murabbiyi Jessi Marshga esa raqib jamoa darvozasi tomon penalti belgilashni talab qilgani uchun qizil kartochka ko‘rsatildi. Shundan biroz oldinroq bosh hakam Robert Jons «Brentford» foydasiga penalti belgilagan va u gol bilan yakunlangan edi. Keyinroq «Brentford» jarima maydoni ichida Aaron Xiki «Lids» vakili Krisensio Sammervillga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Ammo hakam bunisini nazardan qochirdi. «Avvalo, liga vakillari yoki hakamlar bilan qanday gaplashish kerakligini tushunib olishim kerak, shekilli. To‘rtinchi hakam bilan qo‘limdan kelganicha xushmuomala bo‘lishga urindim, hattoki, darvozamiz tomon penalti belgilangan vaziyatda ham jahlimni tiydim. Biroq shunga yarasha hurmat topmadim. Bugungi vaziyatni boshqacha baholay olmayman. VAR tizimining vaziyatga aralashmagani - menga nisbatan hurmatsizlik belgisi», - deya nolidi murabbiy ushbu holat yuzasidan.

ANGLIYADA VAR XUSUSIDA NIMA DEYISHMOQDA?

Salbiy fikrlar yetarli. Muayyan qarorlardan ko‘ngli to‘lmaganlar ro‘yxatida Match of the Day dasturi ishtirokchisi, sobiq futbolchi Denni Myorfi ham bor: «Tushkunlik, umidsizlik... Qarang, «Brent­ford» foydasiga 11 metrli jarima zarbasi belgilagan hakam keyin qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymoqda. O‘sha vaziyatda VAR hakamni monitor oldiga taklif etishini kutdik, lekin amalda...». Toni Pyulis esa muhokama yo‘nalishini o‘zgartirishga urinmoqda: «Yo‘q, barchasiga VAR aybdor emas. Tizim shunchaki, mavjud videomaterialni taqdim etadi, qarorni esa unga jalb etilgan referilar qabul qiladilar».  Alan Shirer ham shunday fikrda: «Muammo VAR emas, videohakamlarda. Minimal aralashuv, maksimal effekt - bizga shunday tizim kerak». Xullas, APLda JCH-2022ga qadar VAR atrofidagi muhokamalar qaynadi, vaziyat tobora keskinlashdi. Mavsumning qolgan qismida ham umumiy holat o‘zgarmasa kerak.

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: е
Kiritildi: 23:40, 02.01.2023.
O'qildi: 2106 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.