Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/06 18:00 Polsha - Niderlandiya
16/06 20:00 So‘g‘diyona 1-0 Nasaf
16/06 20:00 Paxtakor 0-0 Navbahor
16/06 21:00 Sloveniya 1-1 Daniya
16/06 23:59 Serbiya 0-1 Angliya
17/06 18:00 Ruminiya - Ukraina
17/06 20:00 Lokomotiv - Dinamo
17/06 20:00 Olimpik - OKMK
17/06 21:00 Belgiya - Slovakiya
17/06 23:59 Avstriya - Fransiya
18/06 21:00 Turkiya - Gruziya
18/06 23:59 Portugaliya - Chexiya

Kodi Gakpo: «Oilaviy muhit – aynan men uchun!»

Kodi Gakpo: «Oilaviy muhit – aynan men uchun!»

Baho:
+ | -

«Liverpul» avvalgi chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi joriy mavsum Eredivizionda o‘ta yorqin start olgan va Qatar mundialida ham o‘zini har tomonlama ko‘rsatgan niderlandiyalik Kodi Gapko transferini e’lon qildi.

 Ko‘p qirrali 23 yoshli hujumchi «qizillar» safida 18-raqam ostida o‘ynaydigan bo‘ldi (bu raqam vaqtida uning vatandoshi Dirk Kuytga tegishli edi). PSV klubida ko‘zga tashlangan hujumchi kelishuvga imzo chekkach, darhol «Liverpul» rasmiy sayti jurnalistlariga «tutildi».

- Kodi, jamoaga xush kelibsan! Hissiyotlar qanday?

- Katta rahmat. O‘zimni yaxshi his qilyapman, bu yerda ekanligimdan bag‘oyat xursandman. Ushbu qoyilmaqom klubda mash­g‘ulot boshlash va debyut qilishni intiqlik bilan kutaman, albatta.

- So‘nggi kunlar qanday o‘tdi?

- To‘g‘risi, ancha qiynaldim. Zero, hammasi juda tez rivojlandi, boz ustiga, Rojdestvo arafasida... Bayramni oilam davrasida nishonlashim kerak edi, lekin kelishuv jarayoni tezlashdi va zudlik bilan Angliya tomon uchishimga to‘g‘ri keldi. Muhimi, xursandman, qolaversa, yaqinlarim o‘zimni xotirjam tutishimda katta yordam berishdi! Bu juda yoqimli.

- Dushanba kuni, ya’ni «Liverpul»ga o‘tishing haqida xabarlar tarqalgan payt telefoning jiringlashdan to‘xtamagan bo‘lsa kerak...

- Ha! Barcha do‘stlarim qo‘n­g‘iroq qilishdi, xabar yozishdi, ma’lumot to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga qiziqishdi. O‘z o‘rnida menga omad tilagan, shu mazmunda SMS-xabar jo‘natgan hamma-hammadan minnatdorman. Ochig‘i, bunday e’tibor odamni to‘lqinlantirib yuborar ekan.

- Nima uchun aynan «Liverpul»? Eng to‘g‘ri klubni tanlaganingga ishonching komilmi? Buni qanday izohlaysan?

- O‘ylaymanki, bu yerda jamoa muxlislariga yanada ajoyib lahzalar taqdim etish, nimalarga qodirligimni ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘laman. Shu nuqtai nazardan olsak, «Liverpul» - men uchun ajoyib klub. Eng asosiysi, bu yerda o‘sish imkoniyati katta. Zero, tarkibda ajoyib futbolchilar ko‘p, ulardan yangi jihatlarni o‘rganish mumkin.

- Qadrdon uyingdan chiqib ketishda ikkilanmadingmi?

- Yo‘q, lekin ozgina qiyin kechdi, baribir. Uyda bo‘lgan vaqt atrofimdagi voqealar mohiyati va hammasi qanday tugashini to‘liq anglamagandim. Mana, hozir shu yerdaman - barchasi yaxshi xotima topdi. Endi kelajakda nimalar kutayotganini kutish qoldi.

- Virjil van Deyk bilan gaplashdingmi? U nima dedi?

- Biz klub menejeri xonasida ko‘rishdik, biroz gaplashdik. Lekin oxirgi kunlar telefon orqali tez-tez aloqaga chiqib turdik. Virjil jumladan, «Liverpul» chindan ham, katta klub ekanligi, bu yerda oilaviy muhit hukmronligini ta’kidladi. Ya’ni eng to‘g‘ri qadamni tashlash arafasida turganimni aytib, bu jamoada eng kuchli futbolchilar qatoriga qo‘shilishimga ishonch bildirdi. Men uchun ayniqsa, muhit muhim, chunki haqiqiy oilaviy ahillikka moyilman. Umuman, Virjil faqat ijobiy holatlar haqida gapirdi. Endi u bilan bitta klubda o‘ynashdan xursandman, menga qaysidir masalalarda yordam bera olishidan umidvorman, albatta.

- Yurgen Klopp-chi?

- Shunday murabbiy qo‘l ostida ishlash imkoni yuzaga kelgani - omadim chopgani. Uni asosan televizor orqali ko‘rgan, jamoasini qanday o‘ynatishi va xakarteri kuchli inson ekanligi haqida ko‘p o‘qiganman. Mana, endi birga ishlash onlarini orziqib kut­yapman.

- Yangi klubdoshlar, ayniqsa, hujum chizig‘i vakillari haqida nima deya olasan? Masalan, Muhammad Saloh bor...

- Aytganimdek, ulardan ko‘p narsa o‘rganishim mumkin. Asosiy vazifam - kimligimni ko‘rsatish va jamoaga yordam berish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilish. Saloh - fantastik hujumchi, albatta. Qanday ishlashini bevosita kuzatishning o‘zi katta foyda berishiga aminman. Shunday ijrochilar davrasida o‘z o‘yinimni yaxshilashim mumkinligiga to‘liq ishonaman. Tabiiyki, imkon qadar ko‘proq g‘alaba qozonishni istayman.

- O‘yin uslubingni qanday tavsiflarding?

- Jahon chempionatida chalg‘ituvchi «to‘qqizlik»ka yaqin pozisiyada o‘ynadim. To‘pni oldinga siljitish uchun muvozanat va bo‘sh hudud topishga harakat qilaman. Shuningdek, oldinga intiladigan, gol urish uchun vaziyatlar yaratishga urinadigan futbolchiman. Menimcha, dribling, uzatma berish va zarba yo‘llash salohiyatim chakki emas. Umid qilamanki, yangi jamoada ham eng yaxshi sifatlarimni ishga sola olaman.

- Rasmiy o‘yinda «Enfild» maydoniga qadam tashlashni qanday tasavvur qilyapsan?

- Bu stadion va uni o‘rab oladigan muhit haqida ko‘p hikoyalar eshitganman. To‘g‘risi, hozir sabrim chidamayapti, shunchaki. Maqsadim ulkan - jamoa bilan imkon qadar ko‘proq sovrinlar yutish, nimaga qodirligimni keng darajada ko‘rsatish. Har mavsum o‘yinimni rivojlantirib, eng yuqori saviyaga ko‘tarilishni istayman.

- «Liverpul» fanatlariga nima deysan?

- Avvalo, bunday samimiy qabul uchun rahmat. Barcha muxlislar bilan stadionda uchrashish onlarini sabrsiz kutaman. Ko‘rishguncha...

«Liverpul» va niderlandiyalik 23 yoshli hujumchi o‘rtasidagi shartnoma 2028 yilgacha mo‘ljallandi. Transfer summasi - 42 mln. yevro. Bu qiymat bonuslar hisobiga 57 mln. yevroga yetishi mumkin. Ma’lumot uchun, Gakpo joriy mavsum klub miqyosidagi 20ta o‘yinda 13ta gol va 17ta assist qayd etdi. Godi shuningdek, JCH-2022da Niderlandiya milliy jamoasining 5ta o‘yinida 3ta golga mualliflik qildi. U mundialda «lolaranglar» uchun qatorasiga 3ta o‘yinda gol urgan tarixdagi atigi 4-futbolchidir.   

MUHAMMADXON tayrladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 09:30, 05.01.2023.
O'qildi: 1061 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.