JCH-2022dan katta xafagarchilik bilan qaytgan Portugaliya milliy jamoasida iqtidorlar yetarlidan ham ko‘p.
Yana bir tomoni, «Evropa Braziliyasi»da taniqli agent Jorje Mendesh mijozlari katta o‘rin tutishadi. Qatar mundialidan oldin sports.ru sayti foydalanuvchilaridan biri aynan shu jihatga e’tibor qaratgandi. Ehtimolki, Fernandu Santushga «bir agent mijozlari bilan» qabilida ish tutgani ham qimmatga tushgandir...
Mundial arafasida yozilgan maqolada Portugaliya milliy jamoasi tarkibidagi 26 nafar futbolchidan 16 nafari huquqini Jorje Mendesh boshqaruvidagi Gestifute agentligi himoya qilishi yozilgan. To‘g‘ri, keyinchalik tarkibda bir qator o‘zgarishlar ham kuzatildi. Shunga qaramay, ushbu kutilmagan va qiziqarli statistik ma’lumotlar bilan tanishib chiqsak bo‘ladi. Zero, jamoadagi Mendesh mijozlari safi hali yanada kengashi mumkin.
*** Portugaliya milliy jamoasi darvozabonlari guruhi faqat Mendesh mijozlaridan shakllantirilgan. Hujum chizig‘ida ham shu agent bilan hamkorlik qiladiganlar yaqqol ustunlikka egalar. «Begona»lardan biri - «Benfika» vakili Rafa Silva. To‘g‘ri, Portugaliyaning Onsoccer agentligi mijozi sanalgan bu futbolchi yakunda JCHga borgani yo‘q. Umuman, jamoada faqat Diogu Dalot va Rikardu Orta (Proeleven), Tyagu Jalo (Invictus Team), Rafael Gerreyru (Wasserman), Nunu Mendesh va Brunu Fernandesh (MRP.Position-number), Joau Mariu (P&P Sport Mangement), Vilyam Karvalyu (Media Base Sport) boshqa agentlik xizmatidan foydalanishadi. Yarim himoyachi Joau Palinyada esa agenti yo‘q.
*** Jorje Mendesh bilan hamkorlik qilayotgan portugaliyalik yulduzlarning to‘liq ro‘yxati ancha uzun aslida. Tahlil uchun olingan yig‘indan chetda qolganlar: Fabio Viyeyra («Arsenal»), Renatu Sanshesh («PSJ»), Andre Silva («RB Leypsig»), Nelson Semedu, Gonsalo Guedesh, Daniel Podense («Vulverxempton»), Fransishku Trinkau («Sporting»), Rikardo Pereyra («Lester). To‘g‘ri, shulardan Andre Silva yakunda Fernandu Santushning JCH uchun yakuniy tarkibidan joy oldi. Qisqasi, hozirgi holatda Portugaliya termasini faqat Mendesh mijozlaridan shakllantirish imkoniyati bor.
*** Ishdan ketishga ulgurgan bosh murabbiy haqida. Transfermarkt saytida Fernandu Santush agenti borasida ma’lumot yo‘q. Ammo Gestifute agentligi mijozlari orasida uning joyini mamnuniyat bilan egallashga nomzodlar yetarli. Har holda, Joze Mourinyo, Nunu Eshpiritu Santu, Serjiu Konseysao, Brunu Laje va Rui Fariya (uzoq vaqt Mourinyo assistenti sifatida ishlagan) kabi mutaxasislar Mendesh bilan hamkorlik qilishadi.
Izoh: ushbu maqola JCHdan oldimngi yig‘inga chaqirilgan futbolilarga qarab yozilgan. Ya’ni Mendeshning Portugaliya termasidagi ta’sir darajasi muntazam o‘zgarib turadi. Deylik, himoyachi Pepe JCH-2022dan so‘ng milliy jamoa bilan xayrlashdi, lekin tarkibga boshqa «mendeshchilar» qo‘shilishlari tabiiy jarayon.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi