«Manchester Siti» 8 yanvar kuni Angliya kubogi 1/32 finali doirasida «Chelsi»ga zarracha imkon qoldirmadi - 4:0.
Boz ustiga, Xosep Gvardiola bu katta g‘alabani asosiy yulduzlarisiz uddaladi - Ederson, Jon Stounz, Joau Kanselu, Natan Ake, Kevin de Bryuyne, Ilkay Gyundogan, Kalvin Fillips va Erling Xoland o‘yin boshida zaxira o‘rindig‘idan joy olishdi. Ispaniyalik mutaxassisda tarkib bo‘yicha tanlov keng ekanligi - bir tomon, uning bahosi - bir tomon.
Xullas, bugungi «Chelsi» Xosep Gvardiolaning «yarim tarkibi»ga ham bas kelolmadi - 0:4 va oxirgi 25 yil badaliga ilk marta kubok turniri bilan 1G‘32 finaldan keyinoq xayrlashdi. Aosiy fakt: shu kuni «Manchester Siti» zaxirasida transfer bahosi jami 418 million yevroga teng futbolchilar guruhi o‘tirdi. Juda-juda qimmatbaho zaxira. Aslida summa yanada baland bo‘lishi mumkin edi, faqat zaxiradan o‘rin olgan 9-futbolchi - Riko Lyuisning «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi ekanligi bunga yo‘l qo‘ymadi. Qolaversa, Jek Grilish (118 million yevro) va Ruben Diash (72 million yevro) kabi qimmatbaho futbolchilar qaydnomadan ham chetda qolishdi.
O‘sha kuni «Siti» zaxirasida o‘tirganlar orasida Ilkay Gyundogan eng arzon futbolchi (sotib olinganlardan) bo‘ldi. Ikkinchi tomondan, boshlang‘ich tarkibiga klubga undan ham arzonroqqa tushgan 5 nafar futbolchi kiritildi: Xulian Alvares (21 million yevro), Serxio Gomes (13 million yevro), Shtefan Ortega (erkin agent), Fil Foden (klub tarbiyalanuvchisi) va Koul Palmer (klub tarbiyalanuvchisi).
Xosep Gvardiola nega bunday rotasiyaga qo‘l urgani tushunarli - «Siti»ning yanvar oyidagi taqvimi juda murakkab. Jamoa «Chelsi»ga qarshi ketma-ket ikki marta to‘qnashganidan so‘ng «MYU» bilan kuch sinashdi, oldinda esa «Tottenxem» kutib turibdi. Ehtimolki, Pep «Manchester derbisi»ni o‘ylab, yetakchilarga biroz tin olish imkoniyatini yaratgandir. Aytgancha, 2021 yilning fevral oyida ham «Manchester Siti»da shunday qimmatbaho zaxira kuzatilgandi. O‘shanda Gvardiola «Vest Xem»ga qarshi APL o‘yinida tig‘iz taqvim tufayli Rodri, Gabriel Jezus, Emerik Lyaport, Bernardu Silva va Joau Kanseluni zaxirada qoldirgandi.