Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Xorvatiyaning noyob topilmasi

Xorvatiyaning noyob topilmasi

Baho:
+ | -

Syurprizlarga boy bo‘lgan so‘nggi JCHda asosiy favoritlardan biri bo‘lmish Braziliyani chorak finalda musobaqadan chiqarib yuborgan Xorvatiya terma jamoasi tarkibidagi barcha futbolchilar ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi.

 Lekin ular orasida yarim finalga qadar 510 daqiqa to‘liq to‘p surgan va ayniqsa «pentakampeonlar»ga qarshi o‘yinda fidoyilik namoyish etgan Yosip Yuranovichni har qancha maqtasak, shuncha oz. Himoyachi janubiy amerikaliklarning asosiy hujumchisi bo‘lgan Vinisius Juniorga umuman imkoniyat qoldirmadi. Bundan tashqari, o‘z jamoasi uyushtirgan hujumlarning yarmini aynan Yuranovich boshlab berdi.

Uchrashuvni sharhlab borgan Garri Nevill Yosipning vaqtni cho‘zishlaridan jig‘ibiyron bo‘lib, tutaqib ketgan bo‘lsa, boshqalar taajjubdan o‘yga botishgandi: tavba, qanday qilib bu yigitni shu paytgacha e’tibordan chetda qoldirdik?

Yuranovich asl xorvat yigiti. Yon berishni yoqtirmaydigan, o‘rni kelganda chaqib olishga shay, qisqasi, raqiblari yoqtirmaydigan himoyachi asta-sekin, mayda, lekin ishonchli qadamlar bilan yarim finalga yetib keldi va ikkinchi marta mundialning bronza medali sohibiga aylandi. Hozir Yuranovich 27 yoshda, lekin terma jamoada atigi 3 yildan beri to‘p surmoqda: ko‘pchilik jamoadoshlaridan farqli ravishda, Yosip 18 yoshga qadar top-ligalarda to‘p surmagan, hatto xorvatiyalik muxlislarga ham notanish edi.

Yuranovichning havaskor futbolchidan «Seltik»ning asosiy tarkibigacha asta bosib o‘tgan yo‘li

Yosip Yuranovich faoliyatidagi keskin o‘zgarish 2014 yilda yuz bergandi. O‘shanda Xorvatiyaning 2-ligasi vakili bo‘lgan «Dubrava» klubi himoyachisi Nike tanlovida ishtirok etib, mamlakatning eng yaxshi havaskor futbolchisi sifatida e’tirof etilgandi.

Yuranovich Mario Manjukich bilan suratga tushgan va Londonga sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlangandi. O‘sha davrdagi notanish himoyachi ishtirokidagi video ostida endi 8 yildan keyin u Vinisiusni to‘xtatdi, degan yozuv paydo bo‘ldi.

Biroq aslida, Yosip mutlaqo ustoz ko‘rmagan havaskor emasdi. Bolalik paytida u ikki nafar akalari bilan akademiyaga qatnagan, futbolni birinchi muhabbati, deb hisoblardi. Lekin boshqa sohalarda ham ishlagan. Masalan, do‘stining iltimosiga ko‘ra, uning o‘rnida ofisiant vazifasini bajargandi. Hatto bu ish unga yoqib qolgandi: «Mehmonlar bilan muloqotda bo‘lishni xush ko‘raman».

Nike tanlovidagi muvaffaqiyatdan keyin Yuranovich «Xayduk» e’tiborini jalb etdi. lekin u nomdor jamoada talab darajasida o‘ynay olishiga hech kim ishonmagandi. Chunki Yosip kamtarin jamoa maktabida shug‘ullangandi.

«Xayduk»da himoyachi taraqqiyotga erishib, Xorvatiya chempionatida yilning ramziy jamoasi tarkibidan joy oldi. Biroq shiddatli parvozni namoyish eta olmadi. Xorvatiyadagi 5 mavsumdan keyin Yosip bir yil Polshaning «Legiya»sida to‘p surdi, keyin «Seltik»ka yo‘l oldi. Bu faoliyatidagi ajoyib imkoniyat ekanligini himoyachi o‘z intervyularida ko‘p ta’kidlaydi.

Yuranovich boshqa himoyachining jarohati tufayli terma jamoaga jalb etildi, u hozir ham (top-uchrashuvlardan keyin) o‘zini ustun hisoblamaydi

2019 yilda Zlatko Dalich ilk marta Yuranovichni terma jamoaga chaqirdi. Chunki Tin Yedvay jarohat olib, safdan chiqqan, o‘ng qanotda boshqa himoyachi qolmagandi.

Shu tariqa chorlov olgan qahramonimiz endi bosh murabbiy uchun shogirdlariga ibrat bo‘ladigan o‘yinchi: maqsadga erishish uchun qanchalik sabr qilish, ishlash va kutish lozim. Xorvatlarning asl mohiyati shu.

«Agar uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash kerak bo‘lsa, men Yuranovichni tanlagan bo‘lardim. U Vinisiusni «o‘ldirdi», himoyada ham, hujumda ham ko‘z ochishga imkon bermadi. Oxir-oqibat, raqiblarimiz Juniorni zaxiraga olishdi. Chunki u hech narsa qila olmadi, Yosip esa qanotdagi hukmronlikni davom ettirdi.

Mehnatsevarlik, halollik, ishonch va ter to‘kish evaziga erishilgan imkoniyat tasodifiy bo‘lmaydi. Yuranovichning faoliyat yo‘li: havaskorlik maqomidan bugungi saviyaga sakrash - hamma narsani qilish mumkinligiga misol. U o‘zicha ter to‘kdi, kurashdi va Braziliyaga qarshi o‘yinning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. U - terma jamoamizning bir futbolchidagi ifodasi», - degandi Dalich yarim final yo‘llanmasi naqd bo‘lganidan keyin.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Yuranovichga «Barselona», «Chelsi» va «Atletiko» qiziqish bildirgan (taqqoslash uchun - bir yil avval «Spartak» haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi). Biroq himoyachi kamtarlik bilan «Seltik»dan ketmasligini ta’kidlamoqda: «Men 20-30 millionli o‘yinchi emasman. O‘z agentimdan klublar takliflarini jo‘natmasligini iltimos qildim. Hozir bu mavzu meni umuman qiziqtirmaydi».

O‘zining dastlabki intervyusida himoyachi Modrich va Messining o‘yinlarini yoqtirishini aytgandi. Hozir u Xorvatiyaning yarim himoya chizig‘ini banklar mustahkamligiga qiyoslamoqda (shu sababli Modrich va Brozovichga bemalol to‘p uzatish mumkin), jamoadoshlarini esa Messining Argentinasidan shunchaki, qo‘rqmaslikka da’vat etmoqda. Shuningdek, bosh­qa jamoalardan ham.

YURANOVICH «UNION»NI TANLADI

Yosip Yuranovich faoliyatini Bundesligada davom ettiradi. 27 yoshli o‘ng qanot himoyachisi «Seltik»dan «Union»ga o‘tdi. Transfer qiymati - 8 mln. yevro va bonuslar. Berlin klubi Yuranovich bilan 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Ma’lumot uchun, Yuranovich JCH-2022da Xorvatiya safida 6ta o‘yinda maydonga tushib, 1ta golga assistentlik qildi va jamoa bilan bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 06:10, 30.01.2023.
O'qildi: 3839 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.