Yaqinda «MYU» Angliya Liga Kubogi turniri chorak finali doirasida Antonining goli va Markus Reshfordning dubli evaziga «Charlton»ni mahv etdi (3:0) va o‘zi bilmagan holda ashaddiy muxlisini ham nufuzli musobaqadan chiqarib yubordi.
«Charlton» bosh murabbiyi Din Xolden bolalik davridan beri «qizil iblislar» muxlisi. Mazkur uchrashuv murabbiy Xolden uchun sevimli jamoasi bilan dastlabki diydorlashuv emas.
O‘z vaqtida o‘ng qanot himoyachisi pozisiyasida to‘p surgan Din Xolden hozir 43 yoshda. U 2-3-ligalarda o‘ynagan, 2 marta xorijga chiqib, Islandiyada «Valyur», Shotlandiyada «Falkirk» jamoalari sharafini himoya qilgan. Futbolchilikdan keyin «Oldxem» va «Bristol Siti» jamoalarini boshqardi, 2022 yil dekabrida «Charlton»ni qabul qildi.
Yaqin o‘tmishda bo‘lib o‘tgan bellashuvni balki unutmagandirsiz - 2017 yilda «Bristol Siti» Liga Kubogining chorak finalida «MYU»ni mahv etgan, Zlatan Ibragimovichning goli «qizil iblislar»ni mag‘lubiyatdan qutqara olmagandi. G‘olib jamoa bosh murabbiyi Li Jonson kasbdoshi Joze Mourinyoga sharob sovg‘a qilish uchun qizining aqchadonini sindirishga majbur bo‘lganligini qistirib o‘tgandi.
O‘shanda Din Xolden Jonsonning assistenti edi. U hayotining katta qismini «Old Trafford» abonementi bilan o‘tkazgani, stadionga otasi bilan qatnaganini gapirib bergandi: «Otam keyingi bosqichda «MYU»ga qarshi biz maydonga tushishimizni orzu qilgandi. U «qizil iblislar»ning 60 yildan ko‘proq stajga ega bo‘lgan muxlisi».
Final hushtagi yangraganidan keyin Din otasi o‘tirgan tribuna tomon yugurib, uni quchoqlab oldi: « U ho‘ngrab yig‘lardi. Bilmayman, bu «MYU»ning mag‘lubiyati tufaylimi yoki bizning g‘alabamiz sharafiga. Menimcha, har ikkisi uchun bo‘lsa kerak!»
Ten Xag Xoldenga sharob sovg‘a qildi va bazaga taklif etdi. Oradan 5 yil o‘tgach, fanat va klub yana uchrashishdi. Endi Xolden bosh murabbiy maqomida keldi. U yangi lavozimni egallagan kunning ertasiga, ammo uning ishtirokisiz «Charlton» «Brayton»ni penaltilar seriyasida Liga Kubogi turniridan chiqarib yubordi. Yana 2 kundan keyin «MYU»ga qarshi maydonga tushishi ma’lum bo‘ldi.
«MYU»ga qarshi bellashuvdan keyin Xolden o‘z shogirdlari bilan faxrlanishini e’tirof etib, kasbdoshi ten Xagning yuksak bahosini ham ta’kidlab o‘tdi: «U jamoamiz yoshlari sermazmun o‘yin ko‘rsatishganini e’tirof etdi. Bu menga qo‘shimcha faxr hissini baxsh etdi».
Murabbiy o‘zaro muloqotdan ham mamnun bo‘ldi: «U bilan 10-15 daqiqa suhbatlashdim. Endi uni yanada ko‘proq hurmat qilaman. Turnirda «MYU» g‘olib chiqishini istayman».
VVSning mavzuga oid qo‘shimchasi:
Ten Xag Xoldenni «Karrington» klubiga taklif etib, u yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi. Uchrashuvdan keyin esa kasbdoshiga o‘zining dastxati tushirilgan «MYU» futbolkasini sovg‘a qildi. Xolden «MYU» tarkibida maydonga tushmagan, ammo «Bolton»ning mashg‘ulotlariga «MYU» libosida kelgandi. Dinning otasi va amakisi uzoq yillar davomida «Old Trafford»da styuard bo‘lib ishlashgan, otasining amakivachchasi hozir ham ishlamoqda. «MYU» - «Charlton» uchrashuviga 28 nafar qarindoshlari kelishini oldindan bilgan Xolden ular uchun 28ta chiptani tayyorlab qo‘ygandi.
The Athletic va «MYU»ning rasmiy sayti ma’lumotlari:
• Xolden «MYU»ni 5 yoshli paytida, jamoa Angliya Kubogi-1985 turniri finalida Norman Uaytsaydning 110-daqiqadagi goli evaziga «Everton»ni mahv etganida sevib qolgandi. Kevin Moran maydondan chetlatilganda bolakay yig‘lagan, biroq «MYU» 10 nafar o‘yinchi bilan g‘alabaga erisha olgandi. Xoldenning otasi esa totalizatorda kattagina mablag‘ni yutib olgandi. Xolden o‘sha paytda «MYU»ni besh yil yevrokubok musobaqalarida ko‘ra olmasligini bilmasdi - ikki haftadan keyin «Eyzel»da yuz bergan fojia tufayli ingliz klublarini xalqaro turnirlardan chetlatishgandi.
• Din «MYU»ning safar uchrashuvlarini tomosha qilish uchun bir necha marta maktabga bora olmagani, «Old Trafford» chiptasini xarid qilish uchun tunda navbatda turganligini, 1994|2095 yillar mavsumida YECHL doirasidagi «Barselona»ga qarshi bahsda Li Sharp oyog‘ining tovoni bilan urgan nafis golini bollboy sifatida maydon chetidan tomosha qilganini hikoya qilgandi. O‘shanda Sharp muvozanatni tiklab (2:2), «MYU»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi.
• «Stretford End»dagi Xoldenning joyiga uning nomi yozib qo‘yilgan. Buning sababi shuki, Din 30 yildan ko‘proq vaqtdan beri abonement bilan yuradi. «25 yillik marradan o‘tgan muxlisning nomini u o‘tirgan o‘rindiqqa yozib qo‘yishadi. Men «Bolton» o‘yinchisiga aylanganimda, otam meni ogohlantirgandi: «agar abonementni olmay qo‘ysang, keyin uni qaytarib olishning iloji bo‘lmaydi» Shu sababli abonement bilan hamkorlikni davom ettirdim. Vaqti kelganda, undan akam yoki amakim foydalanishgan», - deydi Xolden.
Uchrashuv boshlanishi arafasida murabbiy kuchli hayajonda edi: «Er osti yo‘lidan chiqib, «Stretford Edn»ni ko‘rish, yon yo‘lakdan o‘tish - o‘ta hayratlanarli lahzalar. Muxlis sifatida ularni bir necha yuzlab marotaba qo‘llab-quvvatlaganman, butun mamlakatni kezib chiqqanman». Yana bir boshqa maqsad ham yo‘q emasdi: «Ser Aleksga duch kelishdan umidvorman. U bilan hech bo‘lmaganda bir daqiqa ko‘rishsam, birgalikda suratga tushsam, armonim qolmasdi».
Jurnalist Eddi Mittenning tvitterdagi xabariga binoan, bundan sal avvalroq Xoldenni otasi avtobus yonida kutib olgan, qo‘lida 3 yil avval vafot etgan onasining surati bor edi.
Xoldenning kelajakdagi rejasi - jon saqlab qolish uchun kurash
«Charlton» hozir Angliyaning 1-divizionida to‘p surmoqda. Xolden kelganidan keyin jamoa ancha o‘zini o‘nglab oldi, hozir 12-o‘rinda bormoqda. Lekin autsayderlar guruhidan 9 ochkoga o‘zib ketgan bo‘lsada, ularga nisbatan 2ta o‘yinni ko‘p o‘tkazgan. Oldinda esa 2-davra o‘yinlari kutmoqda.
Chempionatdagi bahslarga boshqa turnirlar xalal bermaydi, «Charlton» dekabr oyida Angliya Kubogi turnirini ham tark etdi - 2-liga vakili «Stokport»ga imkoniyatni boy berdi. Bu haftadagi yorqin voqealar mavsumning hal qiluvchi bosqichi uchun jamoaga qo‘shimcha kuch-quvvat baxsh etsa, ajabmas.
S.RAHMONOV tayyorladi