Futbolga VAR kirib kelganiga ancha bo‘ldi. Angliyada 2019-2020 yilgi mavsumdan buyon bu tizimdan muntazam foydalanib kelinadi. Ammo u bo‘lmaganida nima bo‘lardi? Quyida APLning VAR'siz jadvali shakllantirildi. Undadagi natijalar esa sizni, balki, biroz ajablantirar ham.
"Liverpul" bu mavsumda VAR bilan "o‘rtoq" bo‘lib olgan deyish mumkin. Agarda bu moslama bo‘lmaganida, mersisaydliklar hozirgi qayd etib turgan to‘qqizinchi pog‘onasidan ham quruq qolgan bo‘lardi. Shuningdek, "Tottenxem" "MYU"dan o‘zib ketib, kuchli to‘rtlikka kirib olardi. ESPN nashri tomonidan taqdim etilgan jadval "eski APL davri"ni eslatadi. Muqobil ro‘yxatda keltirilishicha, VAR'siz "Arsenal"ning yetakchiligi biroz susaygan bo‘lardi. London jamoasi "Manchester Siti"ni 5 ochko emas, balki 3 ochko farq bilan ortda qoldirib turardi. Ammo hali bu hammasi emas. Asosiy voqealar yanada quyiroqda ro‘y beradi.
"Shporlar" eski uslubdagi jadvalda "MYU"ni, hozirgi beshinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan holda quvib o‘tishini aytgandik. Ammo VAR'siz holatda eng katta zarar ko‘radigan "Liverpul" bo‘ladi. Yurgen Klopp VAR'ga rahmat aytishi kerak. Chunki usiz jamoa 11 o‘ringa tushib ketgan bo‘lar, bu esa xavfli hudud bilan farqni 6 tagacha qisqartirgan bo‘lardi. Aslida esa mersisaydliklar video takrorlar orqali 6 ochko ko‘proq to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. "VAR'chilar" ro‘yxatida ikkinchi bo‘lib "Aston Villa" qayd etiladi. Bu klub 4 ochkoni aynan "Liverpul" uslubida olgan. Keyingi o‘rinlarni esa uch ochko bilan "MYU", "Brentford" va "Kristal Pelas" egallaydi.
Bu mavsumda VAR'dan eng ko‘p aziyat chekkan jamoa ro‘yxatida "Lids Yunayted" qayd qilingan. Jessi Marsh bu tizim sababli besh ochko yo‘qotgan. Teskari jadvalda, ochko yo‘qotish borasidagi ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasini uch ochko bilan "Manchester Siti" va "Vest Xem" band etib turibdi. "Brayton" va "Everton"dan esa ikkitadan ochko ayirib tashlangan. Shunday qilib, VAR APLda katta ta’sirga ega bo‘lib bormoqda.
"Liverpul" VAR'dan eng katta foyda ko‘rdi. Aks holda Klopp holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi. Xususan, oktabr oyida aynan VAR "Brayton" bilan bahsda Roberto Firminoning ikkita golidan bittasini hisobga olinishiga sabab bo‘lgan. Hisob esa 3-3 bilan yakunlangandi.
O‘sha oyda "Manchester Siti" bilan 1-0 hisobida g‘alaba qayd etgan Klopp jamoasi, aslida bunga loyiq emasdi. Fil Fodenning goli boshqa joyda sodir etilgan qo‘pollik tufayli VAR tomonidan bekor qilingan va o‘yin "qizillar" foydasiga hal bo‘lgan.
ISMATOV J.