Nemis mutaxassisining joriy klubidagi yurishi tugagandek
Yurgen bir vaqtlar «Mayns»ni lisenziyasiz boshqargan, rekordlarni yangilagan, ammo muammolarga dosh bera olmagandi. U butun faoliyatini mahalliy «Mayns» jamoasida o‘tkazdi. Bu jamoa o‘shangacha hech qachon birinchi Bundesligada bo‘lmagan va Yurgenning o‘zi uning darajasiga mos edi.
2000/01 mavsum o‘rtalarida 30 yoshdan oshgan Yurgenga jamoani boshqarish taklif qilindi. Klopp kiyinish xonasida katta obro‘ga ega edi va jamoaning taktik tarkiblari haqida o‘z qarashlariga ega edi. O‘shanda «Mayns» achinarli holatda edi - quyi ligaga tushib ketishga juda yaqin qolgandi. Biroq nemis murabbiyi boshchiligidagi dastlabki 7 uchrashuvda klub 6 ta g‘alabaga erishdi va pastga tushib ketishdan qutilib qolgandi. O‘zining birinchi to‘liq mavsumidayoq Yurgen jamoani shakllantirishda o‘ziga xos tarzda yondashdi. U muzokaralar davomida har bir yangi o‘yinchining oilasidagi psixologiyasini ham o‘rganib chiqqan va o‘yinchilarning o‘sha shahardan uy olishlariga katta yordam bergan. Bu holat keyinchalik «Borussiya»da ham takrorlandi. Klopp odamlar bilan oson aloqada bo‘lgan va shogirdlari bilan juda mehribon munosabatda qolgan bo‘lsada, mashg‘ulotlarda nihoyatda talabchan edi. To‘xtovsiz yugurish va chidamlilik mutaxassis rahbarligida shug‘ullangan futbolchilarning asosiy fazilatlariga aylandi: «Stadionni tark etayotgan birgina muxlis siz haqingizda: «Ular bugun bor kuchlarini berishmadi, ozgina yugurishdi va jang qilishmadi» deb o‘ylayotgan bo‘lsa ham, demak, biz o‘z ishimizni muvaffaqiyatsiz yakunladik», - degandi Klopp. O‘zining birinchi to‘liq mavsumidayoq Klopp «Mayns»ni Bundesligaga deyarli olib chiqqandi. Biroq biroz omad yetishmagan.
Afsuski, jamoa liganing oxirgi o‘yinida 82 va 90-daqiqalarda gol o‘tkazib, imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ammo muxlislar Germaniya oliy divizioniga kirish uchun kurashga qaytish muqarrar ekanligini tushunishdi, mag‘lubiyatdan keyin ham ular o‘z jamoasini olqishlar bilan kutib olishdi. Keyingi mavsumda tarix takrorlandi, «Mayns» yana 4-o‘rinni egalladi. 2004 yilda «Mayns» nihoyat Bundesligaga chiqdi, 2005 yilda esa Klopp jamoani UYEFA kubogiga olib chiqdi va bu nafaqat mahalliy aholi, balki butun Germaniya bo‘ylab shov-shuvga sabab bo‘ldi. «Mayns»ning byudjeti juda minimal va klub murabbiylar shtabi tarkibni yangilay olmasdi. Klubda yosh sikli yakunlanayotgan edi va 2006/07 yilgi mavsum oxirida jamoa Bundesligadan quyi ligaga tushib ketdi. Klopp o‘z lavozimida qoldi, ammo «Mayns»ni yuqori ligaga qaytara olmaganidan so‘ng, iste’foga chiqishga qaror qildi. «Borussiya» bilan u deyarli hamma narsaga erishdi, ammo yettinchi mavsumida klubni tark etdi. Yurgen Klopp boshchiligida deyarli minimal sarmoya bilan «Borussiya Dortmund» ko‘p yutuqlarga erishdi. To‘g‘ri o‘sha paytda jamoa «Bavariya» yoki Yevropaning boshqa yirik klublari bilan moliyaviy jihatdan raqobatlasha olmas edi, chunki ko‘plab o‘yinchilar o‘shanda «arilar» lagerini tark etganini ko‘rganmiz.
Futbolchilarning ketishi haqida nima deyishim mumkin? «Bavariya» xuddi Jeyms Bondga o‘xshaydi, agar ularga biror narsa kerak bo‘lsa, nima qilib bo‘lsa ham sizdan uni tortib oladi. Klopp maydonda kutilmagan o‘zgarishlar qilishdan tortinmaydi va bu hatto chetdan kuzatuvchini ham quvontiradi. Yurgen Dortmundda yorqin o‘yin ko‘rsatdi, Bundesliga, Germaniya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi, Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Bu «Borussiya» uchun eng yuqori cho‘qqiga aylangan mavsum edi. Buning ortidan klub Gyotse, Xummels, Levandovski, Kagava va boshqa ko‘plab yetakchilarni boshqa jamoalarga qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi. Bu zarbalarga dosh berish qiyin bo‘ldi, ayniqsa, jamoada mavjud imkoniyatlar kam bo‘lganida. Yettinchi mavsumida «Borussiya»ning o‘yini va psixologik muammolari o‘zining avjiga chiqdi. «Qora-sariqlar» birinchi davrani turnir jadvalining quyi pog‘onasida yakunladi, individual ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa jamoa raqiblaridan qolishmadi, bu esa barchaga birdek kuchli zarba bo‘ldi. Dortmundliklar bu kabi muammolar girdobidan chiqa olmadi va aprel oyida Klopp klubdan ketishini e’lon qildi.
Mavsumning ikki final uchrashuvi jamoa psixologiyasiga jiddiy zarba berdi. Bu maydonda ko‘rindi, bu haqda futbolchilarning o‘zlari gapirishmoqda. Tiago Alkantara shunday dedi: «Shubhasiz, o‘tgan mavsumdagi voqealar jamoaga ta’sir qildi. Bu nafaqat jismoniy shaklga, balki ba’zi psixologik jihatlarga ham tegishli. Biz yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritishga juda yaqin edik. Lekin faqat yaqinlashdik xolos. O‘tgan mavsum faoliyatimdagi eng yaxshilaridan biri bo‘ldi».
«Qizillar» Yurgen Kloppning oldingi klublarida bo‘lgan muammolarga duch kelishmoqda. Mersisaydliklar ruhiyat va taktik imkoniyatlar bo‘yicha raqiblariga yutqazib qo‘yishmoqda, jamoa Premyer-ligadagi so‘nggi 24 o‘yinning 17 tasida birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishdi va raqiblariga tez-tez uchrashuvning dastlabki 10 daqiqasida gol urishga imkon berishyapti. Tarkibning yangilanmagani, og‘ir jismoniy zo‘riqish, o‘tgan mavsumdagi alamli mag‘lubiyatlar va joriy mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklar nihoyat jamoani abgor holatga olib keldi. Biroq Yurgen Kloppning shartnomasi 2026 yilning yoziga qadar amal qiladi. Nemis mutaxassisi ishdan bo‘shatilmasligi aniq va bu mavsumdan kechiktirmay «Liverpul»ni qayta qurishni rejalashtirgan.