Zamonaviy futbolda rasmiy uchrashuvni tashkil etishda komissarning o‘rni muhim.
O‘zbekiston proyessional futbol ligasi 2023 yilgi mavsumda Superliga, Pro liga, Birinchi liga, U21 chempionati, U19 chempionati, O‘zbekiston kubogi kabi musobaqalarni o‘tkazishni rejalashtirgan. Ularning barchasida tashkilot komissarlari faoliyat olib boradi. Komissarlar Liga, assosiasiya hamda hududiy assosiasiya mutaxassislari orasidan shakllantiriladi.
Bugun 2023 yilgi mavsumda komissarlik faoliyatini olib boradigan mutaxassislar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Unda uchrashuv o‘tkazish, reglament talablariga qat’iy rioya qilish, kiritilayotgan o‘zgarishlar, uchrashuvga qadar, uchrashuv paytida va undan keyin yuzaga keladigan holatlar, shuningdek, ortda qolgan 2022 yilgi mavsum uchrashuvlarini tashkil etishda yuzaga kelgan jihatlar muhokama etildi.
2023 yilda Liga klublar rasmiy va futbolchilarini MyLeague onlayn platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazdi. Mavsum davomida rasmiy uchrashuv qaydnomasini to‘ldirish ham elektronlashtiriladi. Bu bilan komissar start list yoki qaydnoma to‘ldirish uchun sarf etiladigan vaqtni 4 karra qisqartirishga erishadi. Seminar davomida mazkur platformadan foydalanish bo‘yicha tushuntirish berildi.
Seminar yakunida komissar sifatida faoliyat olib borish uchun nomzod mutaxassislar reglament va futbol qoidalari asosida tuzilgan test topshirdi. Uning natijasidan kelib chiqib komissarlar turli toifadagi musobaqalarda faoliyat olib boradi.