Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Keksa sinyora»ning navqiron xaloskori

Keksa sinyora»ning navqiron xaloskori

Baho:
+ | -

So‘nggi yillarda o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘ygan «Yuventus» nihoyat, «uyg‘ondi» va qatorasiga 5ta uchrashuvda zafar quchdi.

Aslida, ijobiy o‘zgarishlar birmuncha avval, oktyabr oyidagi «Lechche»ga qarshi bahsda boshlangandi. O‘shanda tarkibda atigi 3 nafar sog‘lom yarim himoyachi qolgan, Allegri esa tabiiyki, tajribaliroq shogirdlariga ishonch bildirgandi. Aksiga olib, ular ishonchni oqlay olmadilar. Yugura-yugura holdan toygan Makkennini murabbiy zaxiraga olishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini to‘ldirish uchun 21 yoshli Nikolo Fadjolidan boshqa nomzod yo‘q edi. Shundan keyin turinliklar mag‘lubiyatni batamom unutdilar. Nikolo markaziy chiziqni talab darajasiga olib chiqdi, «A» seriyasidagi 6 uchrashuvni umumiy 9ta javobsiz gol bilan o‘z foydasiga hal etdi. Qo‘shimchasiga, o‘z maydonida «PSJ»ni «sindirdi». Birgina futbolchi mavsumni qutqara olishiga ishonasizmi? To‘g‘ri, ishonish qiyin. Lekin shunaqa voqealar ham bo‘lib turadi.

Fadjoli o‘z tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketgandi. Bir oz sustkashlikka yo‘l qo‘yganida «Kremoneze» «surguni» va «V» seriyasining eng yaxshi yarim himoyachisi unvoni unga yordam berdi.

Aslida, Nikolo 5 yil muqaddam noyob iqtidoridan nishona bergan, 2018 yilda Allegri uni AQSHdagi mavsumoldi yig‘iniga jalb etgandi.

Aftidan, yosh iqtidorning kelajagi avvaldan hal bo‘lgandi. Barcha sadoqatli muxlislar avlodi qatori (Fadjolilar oilasi salkam 100 yildan beri «Yuventus» muxlisi) Nikolo o‘zini faqat yo‘l-yo‘l futbolkada tasavvur qilar, boshqa o‘ta manfaatli takliflarni doimo rad etardi. Turinga u 13 yoshda kelgan bo‘lsada, tengdoshlaridan ancha o‘zib ketgan, juda ko‘p o‘yinlar taqdirini bir o‘zi hal etardi.

Xullas, Fadjoli hali balog‘atga yetmay turib, turinlik muxlislarning italiyalik yoshlar orasidan mukammal pleymeyker chiqqanini ko‘rish orzularini ro‘yobga chiqardi. Aynan shu pallada Fadjo dastlabki qiyinchiliklarga duch keldi. Hayratomuz o‘yinlarni tezda unutgan Allegri 2018/2019 yillar mavsumida mahalliy tarbiyalanuvchiga biror daqiqa imkoniyat bermadi. Sarri va Pirlo ham usiz ishlashni ma’qul ko‘rishdi - faqat o‘tkinchi o‘yinlarda ba’zan sinab ko‘rishdi.


Nima sababdan Fadjoli juda kech o‘zini ko‘rsatdi?

2019 yil aprelida shifokorlar Nikoloda yurak aritmiyasi xastaligini aniqlashdi: jarrohlik muolajasi va tiklanish davri zafarli mavsumda debyutini nishonlashiga imkon bermadi. Pirlo va Sarri sifatsiz shakllangan jamoa bilan ovora bo‘lib, tarbiyalanuvchilar bilan yaqinroq tanishishga vaqt topa olmadilar. Fadjo ushalmagan orzu maqomiga yaqin turganida, «V» seriyasiga «surgun» qilinishi unga qo‘l keldi. Bir yil avval salomatligini tiklab olgan futbolchi qadrdon «Kremoneze» safidan joy olib, uni «A» seriyasiga olib chiqishga va’da berdi. Keyin... 3ta gol va 7ta assist bilan liganing eng yaxshi yarim himoyachisi unvoniga sazovor bo‘lgan holda va’dani bajardi. Qizig‘i, u asosan tayanch yarim himoyachisi pozisiyasida to‘p surgandi.

Yozda ortga qaytgan Nikolo navbatdagi ehtiyotkor murabbiyga duch keldi va oktyabr oxirigacha sabr qilishga majbur bo‘ldi - keyin nursiz kechayotgan bahsning ikkinchi bo‘limida maydonga tushib, Del Pyero uslubida gol urdi. Navbatdagi turda u «Inter» darvozasini zabt etdi. lekin gap faqat golda emas.


Fadjoli «Yuve» muvaffaqiyatining birinchi sababchisi. U bilan markaz jonlandi.

Italiya futbolining o‘ziga xos jihati - mahalliy iqtidorlarga e’tiborning sustligi. Matbuot bu muammoni ko‘tarmaydi, klublar ziqnalik qiladilar, murabbiylar mahalliy yoshlarga yetarli imkoniyat bermaydilar. Hatto aholi o‘rtasida hazilnamo ibora shakllangan: agar italiyaliklar sharifi «ich» bilan tugaganida, futbolda ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishardi.

Fadjoli - «Yuve»dagi o‘zgarishlar sababchisi. Buni raqamlar isbotlay olmaydi. Statistika borasida Nikolo yaqqol ajralib turmaydi. Bu qisman jamoaning to‘pni pastdan olib yurish uslubi bilan bog‘liq. Fadjo shunchaki, «Yuve»ning markaziy chizig‘i uchun yetishmay turgan muhim murvatga aylandi. Allegri bunga erishish uchun 1,5 yil ter to‘kdi, markazda duet va triodan foydalanib ko‘rdi. Biroq Lokatelli va Rabyo noqulay yumushga moslasha olmadilar, Makkenni taslim bo‘ldi, Zakariyo «Chelsi»ga o‘tib ketdi. O‘rta chiziqdagi nomutanosiblikdan butun jamoa zarar ko‘rdi.

Fadjo «Yuve»ning uslubini tubdan o‘zgartirdi. 3-5-1-1 sxemasida u o‘ng qanot 8ligi rolida pala-partish harakatlarga tartibga keltirdi. Natijada pozision hujumdagi pressing va barqarorlik ortdi, to‘pni nazorat qilish va tajovuzkorlik yaxshilandi.

Lekin asosiy o‘zgarish Rabyo va Lokatelli o‘yinlaridagi ijobiy siljish bo‘ldi. Yuqorida zikr etilganidek, bu futbolchilar noqulay rollarni bajarishga majbur bo‘lishgandi. Nikoloning kelishi ularni ortiqcha «bosh og‘rig‘i»dan xalos etdi:

• Yuqoriroq hududga o‘tgan Rabyo jamoaning eng samarali yarim himoyachisiga aylandi: Fadjoli maydonga tushgan barcha o‘yinlarda samarali uzatmani amalga oshirdi;

• Lokatelli «Sassuolo»dagi o‘yiniga yaqinlashiboldi: u erkin harakatlangan holda vertikal futbolni namoyish etardi. «Yuve»da shu uslubni Nikolo yordamida qo‘llamoqda. Ya’ni, tayanch hududini Fadjoga qoldirib, o‘zi bo‘sh hududlarga intilmoqda.

Hozircha, «Yuventus» sog‘aydi, deyish noo‘rin. Lekin avvalgidan yaxshiroq o‘ynayotgani aniq. Bunga Fadjoli jamoadoshlariga nisbatan ko‘proq hissa qo‘shdi. U Allegriga qaysi yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratishni ko‘rsatib qo‘ydi. Qizig‘i, hali u o‘z mahoratining yarmini ham namoyish etishga ulgurmagan.

Umid qilamizki, 2023 yilda Nikolo yana nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatadi, u bilan «Yuve»ning o‘yinlari tomoshabopligi ortadi.

Italiyalik qahramonimiz barcha hududlarga ta’sir ko‘rsata oladigan Luka Modrich o‘yinlaridan ilhom olishini aytdi: «Men vinger, 2-hujumchi, o‘nlik, sakkizlik va tayanch yarim himoyachisi rollarida o‘ynadim. Biroq sakkizlik roli ham menga juda mos».

Ehtimol, bu e’tirof bir oz ajablanarli tuyular. Lekin «Yuventus» mavsumini tubdan o‘zgartirib yuborgan 21 yoshli yarim himoyachi hali chinakamiga ishga kirishgani yo‘q. «A» seriyasi uning eng yorqin o‘yinlariga endi guvoh bo‘ladi. Buning uchun ozgina vaqt talab etiladi. U bor mahoratini namoyish etsa, murabbiyning ishonchini qozonadi. Ana shunda Fadjoli xorvatiyalik faxriy kabi barcha hududlarda hal qiluvchi o‘yinchiga aylanadi. Yoshlar jamoasi murabbiyi Lamberto Zaulining ta’biri bilan aytganda, Nikolo yashil maydonda har qanday yumushni a’lo darajada uddalay oladi. Qachonki, unga xalal berishmasa.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:58, 19.02.2023.
O'qildi: 1712 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.