Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/07 06:00 Argentina 1-1 Ekvador
05/07 21:00 Ispaniya 2-1 Germaniya
06/07 00:00 Portugaliya 0-0 Fransiya
06/07 06:00 Venesuela 1-1 Kanada
06/07 21:00 Angliya - Shveysariya
07/07 00:00 Niderlandiya - Turkiya
07/07 03:00 Kolumbiya - Panama
07/07 06:00 Urugvay - Braziliya

Moziyga nazar. Fergyuson Yevropadagi birinchi kubogini qanday qo‘lga kiritgan edi?

Moziyga nazar. Fergyuson Yevropadagi birinchi kubogini qanday qo‘lga kiritgan edi?

Baho:
+ | -

Bugun, 23 fevral kuni Yevropa ligasi 1/16 final javob o‘yinida “Manchester Yunayted” va “Barselona” o‘zaro to‘qnash keladi. Ispaniyadagi birinchi o‘yinda durang qayd etilgandi - 2:2. Jamoalar 1/8 finalga chiqish uchun kurashmoqda, lekin ko‘pincha ikkita superklub o‘zaro o‘yinlarda jiddiyroq muammolarni hal qilishganini ko‘rganmiz.

2009 va 2011 yilgi finallar muxlislar xotirasida qolgan, ammo eng qiziqarli o‘yin 32 yil avval bo‘lib o‘tgan. O‘shanda jamoalar Kubok egalari kubogi finalida to‘qnash kelishdi va uchrashuvning bosh qahramoni "Barsa" tomonidan rad etilgan, ammo vatani "Manchester Yunayted"da quchoq ochib kutib olingan hujumchi bo‘lgan edi.

1990/1991 yilgi mavsumda UEFA kubogida ingliz jamoalaridan “Aston Villa, Kubok egalari kubogida esa “MYU” o‘ynadi. Fergyuson 1990 yilda ligadagi natijalari tufayli iste’foga chiqarilishiga yaqin qolgandi, ammo Angliya kubogi finalida "Kristal Pelas" ustidan qozonilgan g‘alaba uni qutqarib qoldi. Shotland ustidan bosim pasaygach, u Yevropa kubogi uchun yurishni boshladi. Final yo‘lida "Yunayted" hech qanday muammolarga duch kelmadi, ular nisbatan oson raqiblarga ega bo‘lishdi. Sakkizta o‘yinda “Manchester Yunayted” 15 ta gol urdi va atigi 3 ta gol o‘tkazib yubordi.

"Barsa"ning hal qiluvchi o‘yingacha bo‘lgan yo‘li ancha qiyin bo‘ldi. "Ko‘k-anorranglilar" "Dinamo Kiyev" (1/4) va "Yuventus"(1/2) bilan to‘qnash keldi. Ammo Yoxan Kroyff shogirdlari qarshiliklarni sindira oldi va finalga chiqdi. Ispaniyaning yangi chempioni unvoni ham "Barsa"ga ijobiy his-tuyg‘ularni qo‘shdi: ular "Real Madrid"dan o‘tib, besh yil ichida birinchi marta birinchi pog‘onaga ko‘tarilishdi.

Hujumchi Xristo Stoichkov jarohat olganiga qaramay, “Barselona” Niderlandiyaning Rotterdam shahridagi “De Kuyp” stadionida bo‘lib o‘tadigan finalga deyarli optimal formada yaqinlashdi: Ronald Kuman, Xulio Salinas va Mikayel Laudrup maydonga tushishi mumkin edi. Ammo Fergyusonning birinchi afsonaviy tarkibi “Manchester Yunayted”da shakllana boshlagandi. “Qizil iblislar” finalga Stiv Bryus, Gari Pallister, Pol Ins, Brayan Robson, Li Sharp va Mark Xyuz bilan yetib keldi.

"Manchester Yunayted" futbolchilaridan biri - Mark Xyuz uchun "Barselona" bilan uchrashuv o‘zgacha bo‘ldi. Uelslik forvard 1986 yilda Kataloniya klubida yomon mavsumni boshdan kechirdi. 1986/1987 yilgi chempionatda u 28 o‘yin o‘tkazib, bor-yo‘g‘i to‘rtta gol urdi. Xyuzdan rahbariyatning hafsalasi pir bo‘ldi, keyingi yili "Bavariya"ga ijaraga berishdi va bir mavsumdan so‘ng uni 1,8 million funt evaziga "Yunayted"ga qaytarishga qaror qilishdi. Shunday qilib, hujumchi hal qiluvchi o‘yinda nimanidir isbotlashi kerak edi.

Finalning birinchi yarmida hisob ochilmadi. O‘yin teng kurashlarda o‘tdi. Hisob 67-daqiqada ochildi. Gol muallifi Mark Xyuz bo‘ldi. Oradan 7 daqiqa o‘tib "Manchester Yunayted" hujumchisi dubl qayd etib, "Barsa" rahbariyatini ranjitdi. Xyuz ispanlar darvozaboni Karles Busketsni (Serxioning otasi) aldab o‘tdi va o‘tkir burchakdan zarba berib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

"Barselona" uchrashuv natijasini o‘zgartirishga harakat qildi - Ronald Kuman asosiy qurolini ishga tushirdi: 79-daqiqada jarima zarbasidan gol urdi. Ammo bu o‘yinni qaytarish uchun yetarli bo‘lmadi. “Yunayted” 1968 yildan beri ilk bor Yevropa kubok egalari kubogini qo‘lga kiritdi.

Ispan gazetalari “Manchester Yunayted” o‘yinga farishtalardek oq libosda kelganini, biroq keyin “Barselona”ni shaytondek bilan mag‘lub etganini ta’kidladi. Fergyuson muhim Yevropa kubogini qo‘lga kiritdi va bu uning "Manchester Yunayted" bilan xalqaro maydondagi birinchi jiddiy tituliga aylandi. Shunda ma’lum bo‘ldiki, shotlandiyalik "Yunayted"ga haqiqiy buyuklik keltira oladi. “Qizil iblislar” boshliqlarining sabri besamar ketmadi: Fergyuson jamoasiga 13 marta APL chempionligi, beshta Angliya kubogi, to‘rtta Liga kubogi, ikki marta Chempionlar ligasi va yana ko‘plab sovrinlarni olib keldi. Mark Xyuz esa 1991 yilning may oyida "Barselona" noto‘g‘ri qaror qabul qilganligini isbotladi va yana to‘rt ajoyib yilni Manchesterda o‘tkazdi.

Kiritildi: 15:40, 23.02.2023.
O'qildi: 2696 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.