Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/11 01:00 Monako 2-3 Benfika
28/11 01:00 Aston Villa 0-0 Yuventus
28/11 01:00 Bolonya 1-2 Lill
28/11 01:00 Seltik 0-0 Bryugge
28/11 01:00 Dinamo Zagreb 0-3 Borussiya D
28/11 01:00 Liverpul 2-0 Real Madrid
28/11 01:00 PSV 3-2 Shaxtyor
28/11 15:00 Istern 1-4 Sidney
28/11 15:00 Chonbuk Motors 4-0 Sebu
28/11 17:00 Kaya–Iloilo 1-1 Sanfrechche Xirosima
28/11 17:00 Jechjiang 4-2 Lion Siti Seylors
28/11 17:00 Selangor 1-2 Muangtong Yunayted
28/11 19:00 Port 2-2 Persib
30/11 00:45 Kalyari - Verona
30/11 01:00 Brayton - Sautgempton
30/11 01:00 Malyorka - Valensiya
30/11 18:00 Barselona - Las-Palmas
30/11 19:00 Komo - Monsa
30/11 20:00 Brentford - Lester
30/11 20:00 Kristal Pelas - Nyukasl
30/11 20:00 Nottingem Forest - Ipsvich
30/11 20:00 Vulverhempton - Bornmut
30/11 20:15 Alaves - Leganes
30/11 22:00 Milan - Empoli
30/11 22:30 Vest Xem - Arsenal
30/11 22:30 Espanyol - Selta

Kaoru Mitoma — «Brayton»ning yangi yetakchisi

Kaoru Mitoma — «Brayton»ning yangi yetakchisi

Baho:
+ | -

Bu yigit vaqtida universitetdagi tahsilni ustun qo‘ygan va futbolchilik faoliyatini to‘xtatib turib, dribling mavzusida diplom ishini himoya qilgan. Gap JCH-2022da maydon chizig‘i ustidagi to‘pni jamoadoshiga yetkazib berish asnosida gol hammuallifiga aylangan Yaponiya milliy jamoasining navbatdagi yorqin umidlaridan biri haqida ketmoqda. Umuman, «Brayton» oxirgi yillarda tetik futbol namoyish etish barobarida bir qator yuqori saviyali futbolchilarni katta sahnaga olib chiqdi: Ben Uayt, Mark Kukurelya, Iv Bissuma allaqachon grand klublarga yo‘l olishdi. Navbatda Moyzes Kaysedo va Aleksis MakAllister turishibdi. «Brayton»da istiqbolli yana bir yulduzcha bor - yaponiyalik Kaoru Mitoma. Aynan shu yigit JCH-2022 guruh bosqichida Ispaniya termasiga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsda «samuraylar»ga g‘alaba keltirgan gol assistentiga aylangandi. Eslang, u to‘p chiziqdan chiqib ketgandek tuyulgan vaziyatda uni maydonga qaytargandi. Kaoru shu birgina uzatmasi bilan «kunchiqar yurt»da afsonaga aylandi. Muhimi, Mitoma Qatardan APLga qaytgach, mundialdagi ajoyib o‘yinlari tasodif emasligini baralla ko‘rsatishga tushdi. Deylik, yangi yil oldidan «Arsenal» bilan bahsda gol urdi (yana bir aniq zarbasi «ofsayd» tufayli bekor qilindi) va butun vaqt davomida Mikel Arteta yo‘lga qo‘ygan tartibli himoyaga aslo tinchlik bermadi. To‘g‘ri, yakunda «Arsenal» 4:2 hisobida g‘alaba qozondi, ammo Mitoma yana bir bora hammaning e’tiboriga tushdi. 2023 yil ham yaponiyalik uchun yaxshi boshlandi - «Everton» bilan o‘yinda gol. 25 yoshli vinger shundan keyin chempionatda «Lester» va «Bornmut», kubokda esa «Liverpul» darvozasiga yo‘l topdi. Xullas, Mitoma «Brayton»ning yangi yetakchilaridan biri sifatida APL mavsumi kashfiyoti bo‘lishga yaqqol da’vogarlik qilmoqda.

Potterning ketishi samarasi

Kaoru Mitoma oktyabr oyi oxiridan buyon «Brayton»ning asosiy futbolchilaridan biri sifatida muntazam maydonga tushmoqda. Yaponiyalik vinger yevrofutbolga 24 yoshidagina yuzlanganini alohida aytish kerak. «Brayton» skautlari iqtidorli yigitni Yaponiya ligasida ilg‘ashdi va klub rahbariyati uning transferi uchun «Kavasaki Frontale»ga 3 million yevro to‘lashdan bosh tortmadi. Shu tariqa angliyaliklar yaponiyalikni ijara sharti asosida darhol Belgiyaning «Union» klubiga yuborishdi. Aytish o‘rinli, bu jamoa «Brayton» xo‘jayini Toni Blum uchun o‘ziga xos «sinov maydoni» sanaladi. Mitoma Belgiya chempionatidagi debyut mavsumidayoq «Union»ning muhim futbolchilari qatoriga qo‘shildi: 29ta o‘yinda 8ta gol va 4ta samarali uzatma. Jamoa esa muntazam chempionat finishiga 1-o‘rinda yetib keldi, faqat «pley-off» bosqichida oliy sovrinni qo‘ldan chiqardi.

Mart oyida esa Kaoru yaponlarni jahon chempionati sari boshladi. U Avstraliya termasiga qarshi kechgan hal qiluvchi saralash o‘yinining 84-daqiqasida Takumi Minamino o‘rniga maydonga tushdi va yakunda «dubl» qayd etdi (89 va 90+4-daqiqalarda gol). Darvoqe, «Brayton» vakili bundan bundan 6 oy oldin Olimpiadaga zaxira futbolchisi sifatida yo‘l olgan va 3-o‘rin uchun kechgan bahs­da gol urgandi. «Olimpiadadagi ishtirok ichimdagi qo‘rquv mohiyatini tushunish va o‘yin bobida menga nima yetishmayotganini yaxshiroq anglash imkonini berdi. Bunga qadar salohiyatim uncha baland emasligini o‘ylab, rosa asabiylashardim. Ayniqsa, muhim uchrashuvlarda jamoaga naf keltirolmasligimdan siqilardim. Olimpiadada esa bu kabi ishonchsizlik va qo‘rquvga qanday qarshi turishni o‘rgandim», - degandi Mitoma o‘sha musobaqadan keyin. Yozda Kaoru «Brayton»ga qaytdi, ammo Grem Potter uni faqat zaxirachi rolida ko‘rdi. Yapon yigitiga murabbiylar shtabidagi o‘zgarish yordam berdi: Potter «Chelsi»ga ketgach, uning o‘rnini egallagan italiyalik Roberto de Zerbi jamoada sevimli taktik chizmasi - 4-2-3-1ni yo‘lga qo‘ydi. Shu tariqa Mitoma chap qanotdan joy oldi. Qarangki, aynan «Chelsi»ga qarshi o‘yin Kaoru uchun burilish nuqtasiga aylandi. «Brayton»ning boshlang‘ich tarkibiga ilk marta kirgan yaponiyalik 5-daqiqadayoq ikki raqibini chiroyli dribling evaziga ortda qoldirib, Leandro Trossardga gol urish imkonini yaratdi. Mitoma shu-shu har bir o‘yinning ilk daqiqalaridan «Brayton» tarkibida. To‘g‘ri, orada tana harorati oshib ketgani tufayli «Aston Villa» bilan bahsda chetda qoldi va jamoa 1:2 hisobida yengildi. JCH-2022ga jo‘nash arafasida esa «Vulverxempton»ga qarshi uchrashuvda APLdagi gollari hisobini ochdi va «Arsenal»ni Liga kubogidan chiqarib yuborishda katta rol bajardi. Oddiy aytganda, Kaoru Qatarga «Brayton»da o‘zini tiklab olgan futbolchi sifatida yo‘l oldi.

Futbolga ilmiy yondashuv

Qiziq, bunday iste’dodli yigit yevrofutbolga nega 24 yoshidagina yuzlandi? Gap shundaki, Kaoru 19 yoshida futbolchilik faoliyatini universitetdagi tahsilga almashtirgandi. U o‘sha vaqtga qadar «Kavasaki» tizimida bir necha yil muvaffaqiyatli shug‘ullangan, ammo kattalar futboliga tayyorligiga shubha bilan qaragan. «Ochig‘i, o‘sha payt professional darajada o‘ynab ketishimga ishonchim yo‘q edi, - deya tan olgandi Mitoma. - Ayniqsa, mendan bir yosh katta guruhda shug‘ullangan Miyasi va Itakura(hozirda «Antverpen» va «Borussiya» M. klublarida to‘p surishmoqda)ga qarasam, yuqori saviyada o‘ynay olishimga shubha kuchayardi. Shuning uchun kelajak haqida o‘ylab, Sukuba universitetida tahsil olishni ma’qul ko‘rdim». Bu universitet nafaqat futbolchilar, balki sportchilarni tayyorlash bilan ham dong taratgan. Kaoru esa bundan maksimal darajada foydalandi. Deylik, dissertasiya yoqlash uchun dribling mavzusini tanladi. Mitoma bunda ilmiy rahbar tavsiya etgan mavzularni rad etgandi. Qisqasi, futbolda dribling salohiyatini qanday yaxshilash mumkinligini ilmiy qarash bilan asoslab berishni xohladi. Buning uchun GoPro kamerasi yordamida o‘zining aldamchi harakatlarini yozib oldi. «Dribling asosini ochib berish uchun raqib yo‘nalishini aniqlashim kerak edi. Agar uning tanasini harakatga keltira olsangiz, harakatingiz samarali chiqishi ehtimoli keskin oshadi», - deya xulosa chiqargandi Mitoma bu borada. E’tiborli tomoni, Mitomaning ilmiy ishi hozir universitetda saqlanmoqda. U hattoki, yosh sportchilar uchun qo‘llanmaga aylandi. Asosiysi, Kaoru shu ishi ortidan o‘zi uchun ham muvaffaqiyatli driblingning muhim tamoyillarini kashf etdi. Endi u to‘pni qabul qilishdan oldin raqiblar joylashuviga zimdan nigoh tashlaydi va shundan so‘ng oyoqlarga qaramay, oldinga intiladi.

Mitoma jismonan baquvvat futbolchilar toifasidan emas, lekin o‘qish jarayonida to‘g‘ri ovqatlanish asosida mushak massasi to‘plashni ham o‘rgangan. Bunda hatto professional nutrisiolog (diyeta tayinlash bo‘yicha mutaxassis) xizmatidan ham foydalangan. Yaponiyalik yigit yana to‘g‘ri yugurish ustida Sidney va Afina Olimpiadalari ishtirokchisi Satoru Tanigava bilan alohida shug‘ullangan. Mitomaning universitet jamoasidagi o‘yinlarini kuzatgan skautlar ham tahsil jarayoni uni butunlay boshqacha futbolchiga aylantirganini ta’kidlashgan.

Mitoma Yaponiya «J»-ligasida 2020 yili debyut qilgan va darhol «Kavasaki» yetakchisiga aylangan - 30ta o‘yinda 13ta gol + 13ta assist. U chempionat tarixida ilk mavsumdayoq 10ta gol marrasidan oshgan atigi 5-futbolchi bo‘lganini ham aytish o‘rinli. Umuman, Kaoru Yaponiya ligasida 2 mavsum ham o‘ynagani yo‘q - 2021 yilning yozida «Brayton»ga yo‘l oldi.

 A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 02.03.2023.
O'qildi: 1578 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.