Tomas Tuxel 25 mart kuni birdan Myunxen «Bavariya»si bosh murabbiyi sifatida keng ommaga tanishtirildi.
Qo‘qqisdan iste’foga chiqarilgan Yulian Nagelsmann o‘rnini egallagan germaniyalik mutaxassis shundan so‘ng «FK Gollivud» bosh direktori Oliver Kan va sport direktori Hasan Salixamijich bilan qo‘shma matbuot anjumanida ishtirok etdi. Yakunda Germaniya matbuoti vakillari Tomas Tuxelni turli savollarga «ko‘mishdi» go‘yo.
- Janob Tomas, to‘g‘risini ayting, «Bavariya» bilan kelishuvingiz nechog‘li tez amalga oshdi? Umuman, klubdan bunday taklif kutganmidingiz?
- Yo‘q, mutlaqo kutmagandim. Alohida ta’kidlashim kerak, matbuotda noto‘g‘ri xabarlar berildi - «Bavariya» bilan o‘rtamizda qandaydir aloqa mavjud emasdi. Oddiy aytganda, shartnoma tuzishni oldindan rejalashtirmaganmiz. Aksincha, faoliyatimni yana xorijda davom ettirish haqida o‘ylayotgandim. Myunxen jamoasi vakillari ilk marta 21 mart kuni aloqaga chiqishdi va kechqurun uchrashdik. O‘zi murabbiy hamisha jiddiy qadam tashlash, katta qarorlar chiqarishga shay turishi shart. Kelishuvimizda aynan hozirgi murakkablik hal qiluvchi omil bo‘ldi. «Bavariya»ni juda yaxshi bilaman, jamoaga hamisha ijobiy munosabatda bo‘lganman. Qolaversa, taklif tushgan pallada o‘ylab ko‘rish yoki ozgina kutish uchun vaqt yo‘q edi. Chunki klub kutolmasdi va mendan tezkor javob berish talab qilindi. Umuman, muzokara jarayonida bosim ostida qolish yaxshi emas. Shu ma’noda aytsam, hammasi juda tez hal etilgani avvalo, men uchun yaxshi bo‘ldi.
- Xo‘sh, ishni nimadan boshlamoqchisiz?
- Hozir qandaydir katta o‘zgarishlarga qo‘l urish vaqti emas. Boz ustiga, aksariyat futbolchilar milliy jamoalari ixtiyoriga ketishgan va ular bilan hafta oxirigacha ko‘risholmaymiz. Asosiysi, klubga ajoyib pallada keldim, deylik, barcha musobaqalarda g‘alaba qozonish imkoniyatiga egamiz. «Bavariya» tizimi barchaga ma’lum va qandaydir katta o‘zgarishlar ortiqcha. Shunchaki, o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘rib, to‘g‘ri yondashsak, bas. Albatta, miyamda qanday ishlash va nima qilish kerakligi xususida nimalardir bor. Hozir tarkib to‘liq jamlanishini sabr-siz holda kutyapman. Ehtimolki, vaqt tig‘izligidan bosim kuchayar, lekin ishonamanki, hammasi yaxshi rivojlanadi. Axir muayyan tizim va o‘yin chizmasiga ega «Bavariya»daman. Har qanday holatda ham, imkoni bor barcha sovrinlar uchun oxirigacha kurashishimiz shart. Keling, yana ozgina sabr qilaylik va barchasini tahlil qilib chiqaylik.
- Qiziq, jamoaning zaif jihatlarini yaxshilash uchun qandaydir rejalarga egamisiz?
- O‘xshamayotgan narsalarni gap bilan emas, mashg‘ulotlar maydonida tuzatish tarafdoriman. Bosh murabbiyning o‘zgarishi - katta to‘ntarish. Ayniqsa, «Bavariya»dek grand klublarda. Deylik, ba’zi futbolchilar o‘zgarishdan mutlaq qoniqishmaydi, ayrimlari esa yana bir imkoniyatga ega bo‘lishdan umidvorlar. Tezkor ravishda hammaning ishonchiga kirishning eng yaxshi usuli - bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq-oydin gapirish. Jumladan, jamoaviy muhokamalarda futbolchilarga ham o‘z fikr-mulohazalarini baralla bayon etish imkoniyatini berish kerak. Bu masalada kimgadir ortiqcha bosim yuklamoqchi emasman. Kelgusi haftadan har bir yigit bilan alohida gaplashib chiqmoqchiman. Shaxsiy suhbatlar umumiy xulosa chiqarishim uchun muhim. Asosiysi, klub sifatida faqat va faqat oldinga qaraymiz.
- Murabbiylar shtabi tarkibida oldingi yordamchilaringizni ko‘ramizmi yoki...?
- Doimiy assistent-hamkorlarim ham bunday kutilmagan burilishga tayyor emasdilar. Shunga qaramay, meni qo‘llab-quvvatlashdi. Ularga moslashuvchanlik va eyforiya uchun katta rahmat aytishim kerak. Axir oilalarini darhol Myunxen variantiga ko‘ndirishdi. Xullas, Arno Mixels va Jolt Lyov «Bavariya»da ham men bilan birga bo‘lishadi. O‘zaro hamkorlikda ish boshlaganimizga 10 yildan oshganini aytishim joiz. Umid qilamanki, ayni payt «Chelsi»da faoliyat yuritayotgan Entoni Barrini ham yaqin orada safimizga qo‘shib olamiz. Har holda, mutlaq xohishim shunday.
- Joriy mavsum uchun oldingizda qanday marralar bor?
- Jamoa o‘zi ishtirok etayotgan 3ta musobaqada ham g‘olib chiqish imkoniyatiga ega. Bu Yulian yaratgan o‘yin mahsuli, albatta. Shunday ekan, boshlang‘ich tarkibni keskin o‘zgartirish to‘g‘ri emas. Ha, bizga qarshi bir necha faktorlar ham yo‘q emas. Deylik, murabbiylar shtabim oxirgi oylarda birga ishlagani yo‘q. Lekin tabiatan bosim va stressni yoqtiraman. Yaxshi bilamanki, o‘yinga nisbatan muhabbatim salbiy natijaga bog‘liq qo‘rquvdan ancha kuchli. Gap vazifaga ishonch bilan yondashishda. Demak, har uch frontda ham chempionlikni ko‘zlaymiz, boshqasi biz uchun marra sanalmaydi.
- Nagelsmann yo‘lga qo‘ygan o‘yin haqida nima deysiz, undan qandaydir maslahat olasizmi?
- Hozir Yulianga hamdard bo‘lishim mumkin, xolos. Lekin uning ishiga baho berish mening vakolatimga kirmaydi, shuning uchun o‘z yo‘lim va energiyam bilan shug‘ullanishim ma’qulroq. Yulian bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqib, qandaydir maslaham ham so‘ramayman, chunki vazifamga o‘z fikrim bilan yondashishga o‘rganganman. To‘g‘ri, qachondir yo‘llarimiz kesishi mumkin, baribir.
- Debyutingiz asosiy raqib - «Dortmund» bilan o‘yinga to‘g‘ri kelyapti...
- Suhbatning dastlabki soniyalarida nisbatan soddaroq ko‘rindimmi? Ishni «Borussiya»ga qarshi o‘yin bilan boshlash? Mas’uliyatli vazifaga bundan yuqoriroq notada kirishish mumkin emas. Gap nemis futboli «klassiko»si haqida ketmoqda. Lekin amalda har qanday murakkab o‘yin ham yuksaklikka intilishimizga to‘sqinlik qilolmaydi.
- «Bavariya» bilan birinchi marta qachon tanishgansiz?
- Albatta, jamoa tarkibini ham, o‘yinini ham bilaman. «Chelsi»dan ketgach, dam olish barobarida futbol kuzatuvini kanda qilmadim. Chunki tomosha kunimga o‘zgacha mazmun bag‘ishlaydi. Qaytaraman, taklif olish haqida bir soniya ham o‘ylamagandim, bunga allaqachon ko‘nikkanman - futbol murabbiyi kutish va chidashni ham bilishi kerak. Mana, klub bilan shartnoma tuzdim va darhol o‘yin tizimi, tarkib haqida o‘ylay boshladim. CHL «pley-off» bosqichida «PSJ»ga qarshi kechgan o‘yinlar juda yaxshi bo‘ldi. Ayniqsa, Parijda «Bavariya»ning juda yuqori darajasini ko‘rdik. Hech qaysi raqib «Bavariya»ga qarshi o‘ynashni yoqtirmaydi - bu klubning kattaligi va qudratidan nishona, shubhasiz.
- APLda ishlagan murabbiy sifatida aytingchi, «Bavariya» Angliya chempionatida nimalarga da’vo qila olardi?
- APL Yevropadagi eng murakkab liga, albatta. Lekin «Bavariya»da Angliyada ham chempionlik uchun kurashish imkonini beradigan katta salohiyati bor.
- Shartnomangiz muddati uncha uzun emas, bunga munosabatingiz qanday?
- Muddat uncha muhim emas. Agar ishimiz o‘xshasa, uni uzaytirishga urinishadi, albatta. Bordiyu, tribunadagilar qoniqish hosil qilishmasa, hammasi o‘zgaradi. Demoqchimanki, natija va yutuqlar muhim hisoblanadi. Birinchi qadam - ishonchni oqlash!
MUHAMMADXON tayyorladi