Zo‘rlash ayblovi bilan qamalib chiqqan Meyson Grinvud «MYU» uchun chinakam bosh og‘rig‘i bo‘lmoqda.
Har holda, klub vaqtida salohiyati juda yaxshi baholangan vingerdan qutulishni istasa, shartnoma bo‘yicha 8,1 million funtdan voz kechishi kerak. Chunonchi, futbolchi «MYU» rahbariyati bilan uchrashuvda «Old Trafford»dan ketmoqchi emasligini ochiq bayon etdi.
The Athletic nashrida Meyson Grinvud zo‘rlash ayblovi bilan panjara ortiga ketishiga qadar o‘zini qanday tutgani haqida katta maqola berildi. Uning muallifi Lori Uituell futbolchi endi maydonga qaytish ishqida yonayotganini qo‘shimcha qilgan: «Grinvud hozir «MYU» libosini yana kiyish uchun g‘isht devorni ag‘darib o‘tishga ham tayyor».
Daily Mail jurnalisti Mett Xyuz ham «Grinvud ishi» masalasida to‘xtaldi: «Meyson oxirgi ikki hafta davomida klubning rasmiy vakillari bilan qayta-qayta uchrashib, «Old Trafford»dan ketish niyati yo‘qligini bildirdi. Biroq «MYU» Grinvud masalasida shoshmoqchi emas. Ayni payt futbolchining holati va xatti-harakati jiddiy o‘rganilmoqda». Umuman, klub Grinvud masalasida rosa ikkilanmoqda. Ayrimlar unga ikkinchi imkoniyat berish kerakligini ta’kidlayotgan bo‘lsalar, tijoriy rahbarlar bunda klub obro‘siga putur yetishidan cho‘chishmoqda.
*** Grinvudning Angliya milliy jamoasiga qaytishi ehtimoli yo‘q, hisobi. Har holda, Garet Sautgeyt bu borada aniq pozisiyaga ega.
*** The Sun nashrida yozilishicha, Meyson ustidan sudga ariza yozgan Xarriyet Robson farzand kutmoqda. Asosiysi, futbolchi u bilan turmush qurishga tayyor.
*** Meyson hamon klubdan haftasiga 70 ming funt miqdorida maosh olmoqda. O‘rtadagi shartnomani buzish esa klubga 8,1 million funtga tushadi.
Meyson Grinvudga ayblov e’lon qilingach, «MYU» uni mashg‘ulotlar va o‘yinlardan chetlashtirgandi. Shunga qaramay, futbolchi hamon haftasiga 70 ming funt sterling miqdorida maosh olmoqda.
«MYU» 2025 yilning iyunigacha mo‘ljallangan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni istasa, unda 8,1 million funt sterling miqdorida tovon puli to‘lashi kerak.
A.AHMEDOV tayyorladi