Erik ten Xag o‘tgan yozda jamoaga olib kelingan edi. U kelgan paytda "MYU" saksoninchi yillardan beri eng yomon natijasini qayd etdi. Niderlandiyalik mutaxassis o‘zining debyut mavsumidayoq "qizil iblislar"ni inqirozdan olib chiqdi. Ten Xag mankunianliklarni olti mavsumdan iborat sovrinsiz davriga yakun yasab qolmay, jamoani YECHL pog‘onalariga qaytara oldi. Garchand jamoada endigina 10 oydan beri faoliyat yuritayotganiga qaramasdan, ten Xag APLdagi eng uzoq xizmatlarga ega menejerlar orasida to‘qqizinchi pog‘onani band etdi. Bu narsaga asosiy sabab APLning pastki pog‘onalarida ketayotgan ikki jamoa o‘z murabbiylari bilan xayrlashganidir. Turnirda qolish uchun kurashayotgan klublar ichida faqatgina "Vest Xem" ustozi Devid Moyes hamda "Nottingem" menejeri Stiv Kuperlar Erik ten Xagdan ko‘proq muddatga ega xolos. Ammo ushbu ikki nom ham iste’foga chiqish xavfi ostida qolgan.
Xo‘sh, bu masalaga kelganda Yurgen Kloppga yetadigani yo‘q. U so‘nggi to‘qqiz yil mobaynida "Liverpul"da faoliyat yuritib kelmoqda. Garchand mersisaydliklar ayni damda 8 o‘ringa tushib ketgan bo‘lsada, nemis mutaxassisining ishdan ketishi borasida ma’lumotlarga ega emasmiz.
Ikkinchi pog‘onada Pep Gvardiola qayd etiladi. U 2016 yilda "Manchester Siti" bilan bitim tuzgandi. Hozirda "shaharliklar" mavsumni uchta sovrin bilan yakunlashga harakat qilmoqda. Bunday vaziyatda, tabiiyki, Gvardiola hech qayoqqa ketmaydi.
Tomas Frank uchinchi o‘rinda bo‘lib turibdi. U 2018 yilda Londonning "Brentford" jamoasini qabul qilib olgandi. Eng hayratlanarlisi, Mikel Arteta bu borada to‘rtinchi pog‘onada! Xuddi kechagina Unai Emeri Artetaga joyini bo‘shatib berganday tuyuladi. Ammo bunga uch yildan oshdi. Vaqt tez o‘tmoqda.
Ayni damga kelib, APLda to‘rtta klub vaqtinchalik murabbiylar qo‘lida bo‘lib turibdi. Ular "Sautgempton" (Ruben Selles), "Lester" (Adam Sadler), "Tottenxem" (Kristian Stellini) hamda yaqinda ishga kelgan "Chelsi" ustozi Fnk Lempardlardir. Qizig‘i shundaki, "Sautgempton" murabbiyi Selles eng uzoq xizmat qilish borasida 15 o‘rinni egallaydi. U "Lids" va "Kristal Pelas"ning doimiy murabbiylaridan ko‘ra ko‘proq ishlab qo‘ydi. Bunda nomutanosibliklarning yuzaga kelishining asosiy sababi esa APLda rekord qayd etilganidir. Ingliz elitasida joriy mavsumda jami 12 ta murabbiy ishdan olindi. Bu 2017-18 yilgi mavsumdagi rekorddan 2 taga ko‘proqdir.
ISMATOV J.