Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

O‘z obro‘yini qayta tiklayotgan A Seriya muammolardan to‘liq holi bo‘lolmayapti

O‘z obro‘yini qayta tiklayotgan A Seriya muammolardan to‘liq holi bo‘lolmayapti

Baho:
+ | -

Quyida Italiya futbolidagi vaziyat haqida gaplashamiz. 

A Seriya o‘zining eski kuchli saviyasiga qaytdi. Ammo ligada hali ko‘p muammolar bor. A Seriyaning joriy mavsumi garchi chempionlik amalda ma’lum bo‘lganiga qaramay, juda qiziqarli o‘tmoqda. Avval ochko tortib olingan, keyin qaytarilgan, ammo yana olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan «Yuventus»ning ahvoli qanday? Aynan «byankonerilar» Italiya chempionatidagi o‘zgarishlar nuqtasiga aylandi. Avvaliga Turin klubining sobiq prezidenti Andrea Anyelli Andrea Pirloni jamoaga bosh murabbiy etib tayinladi va bu milliy chempionatda intrigani jonlantirdi. Keyin Italiya klublari Yevropada o‘zini ko‘rsata boshladi.

A Seriyada raqobatning jonlangani yaxshi belgi. «Yuventus»ning ichki maydondagi gegemonligini birinchi bo‘lib «Inter» buzdi. «Milan» o‘tgan mavsumda Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Napoli» bu mavsumda Skudettoni qo‘lga kiritishga yaqin. 3 yil ichida uchta turli chempionlar juda qiziq holatni yuzaga keltirgan. Qolaversa, A Seriyada ham yevrokuboklarda qatnashish uchun jiddiy kurash ketmoqda. Ko‘pgina italyan klublari eng yaxshi moliyaviy ahvolda emas, shuning uchun UYEFAdan pul mukofotlari ular uchun jiddiy bonus hisoblanadi.

«Roma», «Milan», «Inter» va «Atalanta» bir-birini kurashga chorlamoqda, «Lasio» Maurisio Sarri qo‘l ostida yaxshi o‘ynadi va vise-chempion bo‘lishi mumkin, «Yuventus» esa umuman oldindan aytib bo‘lmaydigan holga keldi. «Byankonerilar»dan endi hamma narsani kutish mumkin, faqat bir xil barqarorlikni emas. «Bolonya», «Sassuolo», «Udineze», «Fiorentina» va «Monsa» kabi boshqa jamoalar ham borki, ular katta byudjetga ega emas, ammo ambisiyalari katta. Ularning har biri favoritlardan ochko olib, chempionatda intrigani kuchaytirishi mumkin.

Italiya klublarining Yevropa arenasidagi muvaffaqiyatlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. 2014/15 va 2016/17 yilgi mavsumlarda «Yuventus» Chempionlar ligasi finaliga qadar yetib borgan, biroq har ikki safar ham «Barselona» va «Real»ga mag‘lub bo‘lgan. 2019/20 yilgi mavsumdagi Yevropa Ligasi finalida «Inter» «Sevilya»ga yutqazdi. O‘tgan mavsumda A Seriya vakili nihoyat yirik g‘alabaga erishdi - aynan Italiya klubi («Roma») Konferensiyalar Ligasi chempioni bo‘ldi.

Joriy yevrokuboklar mavsumi Italiya uchun so‘nggi yillardagi eng muvaffaqiyatli mavsumlardan biri hisoblanadi. Shu zahotiyoq A Seriyaning 5ta klubi Yevropa turnirlarining yarim finaliga chiqdi. Boz ustiga, ulardan biri Chempionlar ligasi finalida albatta o‘ynaydi. «Inter» va «Milan» Chempionlar ligasining 1/2 finaliga chiqishgan, «Yuventus» va «Roma» Yevropa ligasidagi ishtirokini davom ettiradi, «Fiorentina» esa Konferensiyalar ligasida kuchli to‘rtta jamoa ichidan joy oldi. Bu esa nazariy jihatdan Yevropaning har bir turnirida italyan klubining g‘alaba qozonish imkoniyati borligini anglatadi.

A Seriya rang-barang bo‘lib bormoqda. Ko‘p narsa murabbiylarning mehnatiga bog‘liq. Jennaro Gattuzo o‘z intervyusida Koverchanoda (futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi) bo‘lajak murabbiylarga ko‘proq ijodiy erkinlik bera boshlaganini ta’kidladi. Natijada jamoalar xilma-xil bo‘lib, favoritlar bilan o‘yinlardan unchalik qo‘rqmaydilar. Koverchanoda yondashuvning o‘zgarishi ham murabbiylarga, ham ularning futbolchilariga ijobiy ta’sir qildi. Misol uchun, Italiyada o‘z vaqtida «Sassuolo»ni qayta qurgan va yevrokuboklar zonasiga yaqinroq qilgan Roberto De Zerbining mehnati hamon yuqori baholanadi.

A Seriya asta-sekin avvalgi holatiga qaytdi. Lekin shu bilan birga ligada ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda. Ulardan biri futbol infratuzilmasi bilan bog‘liq. Italiyadagi ko‘plab stadionlar rekonstruksiyaga yoki hech bo‘lmaganda qisman modernizasiyaga muhtoj. Biroq, italiyaliklarning futbolga bo‘lgan muhabbatiga qaramay, bu mamlakatga sarmoyani ushbu sport turiga jalb qilish oson emas. Deyarli barcha arenalar mahalliy hokimiyatlarga tegishli ekanligi ham bunga ta’sir qiladi. A Seriyadagi klublardan faqat «Yuventus», «Atalanta», «Udineze» va «Sassuolo»ning o‘z stadionlari bor xolos.

Italiyadagi eng zamonaviy stadionlardan birining egasi - «Udineze». Boshqa klublar uchun byurokratiya tufayli o‘z arenalarini yangilash juda qiyin. «Milan», «Roma», «Inter» va «Fiorentina» o‘z stadionlarini modernizasiya qilishni xohlashdi, lekin hech qachon buni oxiriga yetkaza olishmadi. Natijada ko‘plab arenalar o‘yinlar uchun yarmi bo‘sh holatda qolmoqda. Bu mahalliy aholining futbolga bo‘lgan qiziqishi yo‘qligi uchun emas, balki xavfsizlik nuqtayi nazaridandir. Bu o‘z navbatida chiptalar daromadiga ham, translyasiya sotuviga ham ta’sir qiladi.

A Seriyaning OAV huquqlari bo‘yicha direktori Anna Guarnerio stadionlardagi atmosfera televizion suratga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqladi. Odamlar sokin stendlarga qarashga qiziqmaydi. Bu A Seriyaning televideniye daromadlari bo‘yicha atigi 4-o‘rinda turishining sabablaridan biridir. Mavsum uchun bu 1,178 milliard yevroni tashkil qiladi. Faqat Liga 1 A Seriyadan kamroq oladi xolos.

A Seriyaning xorijda unchalik mashhur emasligining yana bir sababi, yulduz futbolchilarning kamligi. O‘tgan mavsum oralig‘ida Italiya chempionatiga atigi 3 nafar jahonga mashhur futbolchi qo‘shildi: Anxel Di Mariya, Romelu Lukaku va Pol Pogba. Natijada, faqat argentinalik o‘z imkoniyatlarini maksimal darajada ko‘rsatmoqda. Belgiyalik futbolchi mavsum oxiridagina o‘zini ko‘rsatdi, fransuz esa mavsumning ko‘p qismini kasalxonada o‘tkazdi. Shu bilan birga, so‘nggi bir necha yil ichida A Seriya ko‘plab yulduz futbolchilarini yo‘qotdi. Italiya jamoalarini Krishtianu Ronaldu, Kalidu Kulibali, Matteys de Ligt, Ashraf Hakimi, Janluiji Donnarumma va boshqalarni tark etdi.

Qolaversa, italyan klublarining aksariyatida moliyaviy qiyinchiliklar bor. Katta qarzlarsiz hozir turnir jadvalida faqat «Lasio» va «Napoli» yetakchilik qilmoqda. Shunday ekan, Italiya futbolining muammosi murakkab. Ehtimol, agar mamlakat Yevro-2032 ni o‘tkazish huquqini olsa, bu hech bo‘lmaganda qisman hal bo‘ladi. Bu sarmoyadorlarni jalb qiladi va hokimiyatning mahalliy klublarga nisbatan ijobiy munosabatiga ta’sir qiladi. Ammo funksionerlarning ham qiladigan ishlari ko‘p – ular o‘z mahsulotini yaxshiroq sotish yo‘llarini o‘rganishlari kerak, bundan nafaqat bir kishi, balki butun liga foyda ko‘radi.

Kiritildi: 21:25, 26.04.2023.
O'qildi: 1314 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.