Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Turkiyadagi saylovlar sabab Chempionlar Ligasi finali qatorasiga to‘rtinchi marta ko‘chirilishi mumkin

Turkiyadagi saylovlar sabab Chempionlar Ligasi finali qatorasiga to‘rtinchi marta ko‘chirilishi mumkin

Baho:
+ | -

Chempionlar Ligasining final uchrashuvi Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Lekin "The Independent" nashrining xabar berishicha, UYEFA finalni Istanbuldan boshqa shaharga ko‘chirishni istisno qilmayapti. Bunga sabab Turkiyadagi prezidentlik saylovlari bo‘lishi mumkin.

Saylovlar bilan bog‘liq vaziyat finalga qanday ta’sir qiladi?

14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi, nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz olmasa 28 may kuni saylovlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. 10 iyun kuni esa Istanbuldagi “Olimpiya” stadionida Chempionlar Ligasi finali bo‘lib o‘tishi kerak.

Asosiy xavotirlar saylov natijalari bilan bog‘liq namoyishlar va tartibsizliklardan bo‘lmoqda. Prezidentlik lavozimi uchun Turkiyaning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kurashmoqda. “Xalq alyansi” partiyasidan Kamol Qilichdaro‘g‘li esa uning asosiy raqibi hisoblanadi.

Erdo‘g‘on favoritlik statusini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin

Erdo‘g‘on 2014 yildan beri Turkiya prezidenti hisoblanadi. 2023 yilning bahorida uning pozisiyasi unchalik kuchli emasligi ma’lum bo‘ldi. So‘rovnomalarga ko‘ra, Kamol Qilichdaro‘g‘li ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qayd etilishicha, Erdo‘g‘onni qo‘llab-quvvatlash fevral oyidagi zilzilalardan so‘ng kamaygan. Mamlakat aholisi hukumatning falokatga nisbatan sekin reaksiyasidan norozi bo‘lgan.

Masalan, Aksoy Research so‘rovnomalarining ko‘rsatishicha, Qilichdaro‘g‘lini 55,6 foiz, Erdo‘g‘onni esa 44,4 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan. Alf Research kompaniyasining so‘rovnomalarida ham muxolif partiya 55,1 foizga 44,9 foiz natija bilan ustunlik qayd etgan.

Avvalgi saylovlar 2018 yilning 24 iyunida o‘tkazilgan va unda Erdo‘g‘on 52,6 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.

Turkiyada haqiqatdan ham norozilik namoyishlari bo‘lishi mumkinmi?

Mamlakatda jiddiy tartibsizliklar bundan 10 yil avval bo‘lgandi. Unda namoyishlar hukumatning Istanbul markazidagi bog‘ni buzish haqidagi qarori sabab deyarli butun yoz davom etgandi. Ayni vaqtda bunday katta miqyosda tartibsizliklar bo‘lmasa-da, 2023 yilning fevralidagi kabi to‘qnashuvlar kuzatilib turadi. Fevral oyidagi zilzilalardan keyin shokka tushgan odamlar hukumatni sekin reaksiya qilishda aybladi. Shuningdek, polisiya bilan to‘qnashuvlar bo‘ldi.

Turkiya hukumati saylovlardan avval xavotirga tushmoqda. Noyabr oyida Istanbuldagi terakt oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Shundan so‘ng AQSH elchixonasi Turkiyada yashovchi amerikaliklarga murojaat qilib, gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishga chaqirgandi.

Oldingi finallar qanday ko‘chirilgan?

Chempionlar Ligasining o‘z belgilangan vaqtida o‘tkazilgan so‘nggi finali 2019 yilda Madridning “Atletiko” jamoasi stadionida bo‘lib o‘tgan. Unda “Liverpul” “Tottenhem”ni mag‘lub etgandi. Yurgen Klopp esa faoliyatida ilk bor Yevrokubok g‘olibiga aylangandi.

Keyingi barcha finallar ko‘chirilgan:

2020 yilning 30 mayida Chempionlar Ligasi finali Istanbulda o‘tkazilishi kerak edi. Lekin bunga pandemiya halaqit qildi. Final 3 oydan keyin Portugaliyaning Lissabon shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda “Bavariya” “PSJ”ni mag‘lub etgandi.

Pandemiya tufayli finallar bir yilga surildi. Shuning uchun istanbulliklar 2021 yilgacha kutishga majbur bo‘ldi. Ammo Turkiyadagi og‘ir epidemiologik vaziyat tufayli ingliz klublari uyga qaytgach, 2 hafta karantinda o‘tirishi kerak edi (Turkiya Buyuk Britaniyaning qizil ro‘yxatida edi). Angliya futbol assosiasiyasi holatni UYEFA bilan hal qildi. “Chelsi” va “Manchester Siti” finalni Portugaliyada “Portu”ning “Dragau” stadionida o‘tkazdi.

Chempionlar Ligasining finali 2022 yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq yakunda finalga Parij shahri mezbonlik qildi va unda “Real Madrid” “Liverpul”ni mag‘lub etdi.

Aslida YECHL finali Istanbulda 2020 yilda o‘tkazilishi kerak edi. Biroq taxminlar to‘g‘ri chiqsa 2023 yilda ham finalga boshqa shahar mezbonlik qilishi mumkin.

Chempionlar Ligasi finalida 2024 yilda London shahridagi “Uembli” stadioni mezbonlik qiladi. Ma’lumot uchun 2011 va 2013 yillarda ham finallar “Uembli”da o‘tgan. 2025 yilda esa YECHL finaliga “Alyans Arena” mezbonlik qiladi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 17:05, 02.05.2023.
O'qildi: 1980 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.