Joriy mavsumda Portugaliya chempionatida peshqadamlik qilayotgan Lissabonning «Benfika» klubi aprel oyiga qadar YECHLda mag‘lubiyat nima ekanligini bilmadi, ichki birinchilikda esa qatorasiga 10ta uchrashuvda g‘alaba qozondi.
Biroq hal qiluvchi pallada jamoaga ko‘z tegdi - Primeroda «Portu» (1:2) va «Shavish»ga (0:1), YECHL chorak finalining dastlabki bellashuvida «Inter»ga imkoniyatni boy berdi. Ana shu omadsiz seriyadan keyin muxlislar e’tibori «burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari Gonsalu Ramush va eng yaxshi assistenti Alexandro Grimaldoga qaratildi.
Ochig‘i, asosiy vazifasi o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlash bo‘lgan qanot himoyachisining samarali uzatmalar bo‘yicha yetakchilik qilishi - kamdan-kam uchraydigan voqea. Lekin 27 yoshli ispaniyalik himoyachi Primeroda ham, YECHLda ham «Benfika»ning eng yaxshi «snaryad tashuvchisi» maqomida to‘p surmoqda. Nufuzli turnirning guruh bosqichida u «Makkabi» va «Yuventus» darvozalariga, nimchorak finalda «Bryugge» darvozasiga urilgan gollarga hammuallif bo‘ldi.
Alexandroning «Benfika»dagi mavqeini to‘laroq his etish uchun yana ayrim ma’lumotlarga murojaat qildik. Himoyachi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 91ta hal qiluvchi uzatmalarni amalga oshirdi - jamoadagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ularning 54tasi golga aylangan, Rafa Silvadan keyingi (60) ikkinchi natija. Texnik mahorat bobida ham u toplar safida, «Maritimu» darvozasi zabt etilishiga to‘pni tovoni bilan jamoadoshiga oshirishi sabab bo‘lgandi.
Grimaldodagi yuksak saviya o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. U - «Barselona» tarbiyalanuvchisi, 5 yil Kataloniya grandining farm-klubida samarali to‘p surdi. Faqat ayni yorqin davrini o‘tkazayotgan va Messi bilan sermahsul duetni shakllantirgan Jordi Alba uning asosiy tarkibdan joy olishiga imkon bermadi.
2016 yil yanvarida himoyachi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun «Benfika»ga yo‘l oldi. «Barsa» 20 yoshli iqtidor evaziga 2,1 mln. yevroga ega bo‘lgandi. Alexandro esa 7,5 yildan beri «burgutlar»ning chap qanotini yondirib kelmoqda. Qizig‘i shundaki, ketish chog‘ida Grimaldo asosiy jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Luis Enrikedan norozi ekanligini izhor etgandi: «U menga hech narsa demadi, men ham hech qachon muloqotda bo‘lmadim. Mayli, mening o‘z ustozim bor, u o‘z o‘yinchilari bilan qolaversin. Men esa o‘z jamoamni topaman».
«Burgutlar» libosidagi 296ta o‘yinda Grimaldo 63ta samarali uzatmani amalga oshirdi, bu ko‘rsatkichni 24ta gol bilan bezatdi. Ba’zan u aql bovar qilmaydigan gollarni amalga oshiradi. YECHL doirasida «Makkabi» darvozaboniga shunday shedevr golni hadya etgandi.
Nima sababdan Alexandro hanuzgacha «Benfika»da? Ispaniyalik sermahsul himoyachiga top-klublar xaridor bo‘lishdi. Lekin lissabonliklar katta mablag‘ - 30 mln. yevro so‘rashdi. Balki xaridorlarni mablag‘ emas, balki Grimaldoning himoyada mukammal emasligi to‘xtatib qolgandir. Aslida, hozirgi zamonaviy futbolda bu - toplar uchun muammo emas. Qanotlarda ishonchli to‘p surayotgan Joau Kanselu kabi «boshsiz chavandozlar» juda ko‘p. Xullas, ispaniyalik futbolchining transferini shu paytgacha cho‘zib kelgan «Benfika» yakunda sariq chaqaga ham ega bo‘lmasdan, undan judo bo‘lishi mumkin.
Ha, joriy mavsum nihoyasida Grimaldoning lissabonliklar bilan imzolagan shartnomasi o‘z kuchini yo‘qotadi. Mish-mishlarga ko‘ra, «Barselona» o‘z tarbiyalanuvchisini ortga qaytarishni mo‘ljallamoqda. Ya’ni, erkin agent maqomida, albatta. Shuningdek, himoyachiga «Yuventus» va «Milan»dan qiziqish bildirilgani haqidagi xabarlar ham chop etildi. Qishki transfer darchasi yopilganidan keyin «Benfika» bosh murabbiyi Rojer Shmidt yengil tin olib, ispaniyalik shogirdining Lissabonda qolishiga umid bildirgandi. Mavsumlar oralig‘idagi oldi-sotdilar mavzuga oydinlik kiritadi.
Sodiq SOBIR tayyorladi