Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Afsonaviy finalni eslaysizmi?

Afsonaviy finalni eslaysizmi?

Baho:
+ | -

«Liverpul»ning sobiq sardori va «Milan»ning o‘ng qanot himoyachisi tarixda «ISTANBUL MO‘’JIZASI» nomini olgan dahshatli YECHL final bahsini eslashdi.

Airlines hamkorligida uyushtirilgan ushbu o‘ziga xos intervyuda «Milan»ning braziliya­lik o‘ng qanot himoyachisi Kafu va «Liverpul» sardori Stiven Jerrard 2005 yilgi Yevropa Chempionlar Ligasi turniri tarixidagi eng dramatik hal qiluvchi o‘yin haqida gapirishadi. O‘shanda «Milan» birinchi bo‘limda 3:0 hisobida g‘alaba qozonadi, ammo «qizillar» tanaffusdan keyin uch marta javob berish yo‘lini topishgandi. Qo‘shimcha taymalarda boshqa gol kiritilmaydi va o‘yin taqdiri lotoreya - penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Unda esa mersisaydliklarning polshalik posboni Yeji Dudek qahramonga aylandi - Andrea Pirlo va Andrea Shevchenkolarning zarbalarini sovuqqonlik bilan qaytaradi va «qizillar» 3:2 hisobida g‘alabani tantana qilishadi.

TANAFFUS: «MILAN» - «LIVERPUL» - 3:0 

(Maldini, 1; Krespo, 39, 44)

Stiven Jerrard: - Ularning jamoasi va bizning jamoamizga qarang, bu bir-biriga mos kelmaydi. Biz o‘yinni juda yomon boshladik. Men o‘yin rejasi yo‘qolganini his qilyapman va biz birinchi bo‘limda umuman o‘zimizga o‘xshamadik. Raqibga hatto yaqinlasha olmadik, ularning o‘yin sxemasini, tuzilmasini anglay ololmadik. Va, shubhasiz, tanaffusdagi jamoaviy suhbat muhim bo‘lishi kerak edi, chunki biz naq 3:0 hisobida ortda edik.

Kafu: - Men uchun ushbu o‘yin YECHLda birinchi marta g‘alaba qozonishga haqiqiy imkoniyat edi. Raqib esa ham kuchli, ham yorqin o‘ynayotgan «Liverpul» edi. O‘yinning birinchi yarmida «Milan» mutlaqo benuqson edi: hisob ham ajoyib edi - 3:0! Tanaffusga xotirjamlik bilan chiqarkanman: «Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish vaqti keldi», deb o‘yladim.

Jerrard: - Bir necha hafta davomida tayyorgarlik ko‘rasiz. Sizda o‘yin uchun aniq rejangiz bor, lekin o‘sha reja kutilmaganda buzilib ketadi. To‘pni shunchaki raqibga berib qo‘ydik. Men qo‘llarimni baland ko‘tarishim kerak edi - birinchi bo‘limda juda yomon o‘ynadim. Lekin orzular tamom endi, deb o‘ylaganingizda shunday bo‘lardi. Men esa jamoa sardori sifatida tanam bilan til topishishim, ishonchni saqlashni unutmasligim va tanaffusdan keyin shunchaki gol urishim kerak edi.

 

90 DAQIQA: «MILAN» - «LIVERPUL» - 3:3 

(Jerrard, 54; Shmiser, 56; Alonso, 60)

Jerrard: - Tanaffusga chiqdik va Rafa (Benites) muxlislarni tinglang, u yerga boring va buni qadrlang, dedi. U yechinish xonasida xotirjam turardi va juda aniq gapirdi: bir nechta tuzatishlar, ba’zi o‘zgarishlar kiritdi. Ditmar Xamanning maydonga tushishi hal qiluvchi omil bo‘ldi, desam xato qilmagan bo‘laman. Chunki u bizga o‘yinga qaytish uchun ko‘proq tajovuzkor bo‘lishimizga imkon berdi.

Kafu: - Ikkinchi bo‘limga qaytdik va atigi 10-12 daqiqadan so‘ng, ular bitta javob golini urishdi: 3:1. Birozdan keyin - 3:2. «Liverpul» ikkinchi golini urganida, jamoamiz biroz hushyor tortganday bo‘ldi. Lekin «Liverpul» baribir hisobni 3:3ga keltirdi.

Jerrard: - Mening maydondagi pozisiyam darvozaga ancha yaqin ekanligini ko‘rishingiz mumkin — birinchi gol ham shuning asnosida kiritildi. Riise (Jon Arne) ikki marta zarbaga urindi, men esa aslida shunchaki bo‘ynimni cho‘zdim. Bu o‘z navbatida, bizga ozgina ishonch bag‘ishladi va biz yana oldinga intildik. Buning natijasida ikkinchi javob goli ham o‘zini ko‘p kuttirmadi: Vladi (Vladimir Shmiser)ning zarbasi, Milan Barosh zarba yo‘lida bo‘lib qolishi... eh, qanday tuyg‘ular... Endi o‘zimizga bo‘lgan ishonch toshardi. To‘pga ko‘proq egalik qila boshladik oldinga siljidik. Men yugurdim va kuchli bo‘lmagan aloqani his qildim va shunchaki yiqildim: penalti! Xabi Alonso esa sovuqqonlik, xotirjamligini yo‘qotmay uchinchi javobimizni bera oldi.

Kafu: - «Liverpul» o‘yinni tenglashtirdi, ammo jamoa­miz juda tajribali va ishonchli bo‘lganligi sababli, biz sovuqqonlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik. Aslo yutqazishga rozi emasdik, istalgan vaqtda to‘rtinchi golni uramiz, deb ishongandik.

QO‘SHIMCHA TAYMLAR

Jerrard: - Xohlagan joyimizga yetib borganimizni bilardik. Keyin bu basketbol o‘yiniga aylanib ketdi: bir bizning darvozamizni o‘qqa tutishga urinishlar bo‘lsa, bir biz raqibga shunday javob berardik, lekin natija chiqmadi, energiya tugadi, hamma charchadi. Aytish joiz, qo‘shimcha taymlarda raqib biroz kuchliroq ko‘rindi. Lekin o‘sha oqshom Yeji (Dudek)ning fantastik seyvlari jonimizga oro kirdi va uyog‘iga penaltilar seriyasiga o‘tdik.

Kafu: - O‘yinning oxirida daqiqasida Shevchenkoda ajoyib imkoniyat yuzaga keldi: darvozabon shunchaki qo‘llarini ochib turardi, lekin zarba uning ko‘kragiga borib tegadi. Shundan keyin men o‘yladim: «bugun «Liverpul»­ni mag‘lub etolmaymiz!»

«OTISHMA»

Kafu: - Penaltilar seriya­siga ham o‘tdik va men: bunday bo‘lishi mumkin emas! dedim, birinchi zarbamiz xato, ikkinchisi... bugun men bu sov­rinni qo‘lga kirita olmayman, deb o‘shandayoq ishonch hosil qildim.

Jerrard: - Bunday paytda boshqacha bo‘lishi mumkin emas: Xo‘sh, bolalar. Faqat o‘z ishingizni qiling, diqqatni jamlang, hamma narsani to‘g‘ri bajarganingizga ishonch hosil qiling... Shu gaplarni gapiraman va beshinchi penaltiga ruhiy tayyorgarlik ko‘raman. Yaxshiyamki, bunga hojat qolmadi, chunki Yeji Shevchenkoning zarbasini qaytardi va meni katta sinovdan ozod etdi. Ha, hayotimdagi eng yaxshi kecha bo‘ldi.

Kafu: - Biz finalda yut­qazdik, lekin bu men uchun aql bovar qilmaydigan o‘yin bo‘ldi. «Liverpul» bizni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi, ammo ular bu g‘alabaga haqli erishdilar.

YECHL. FINAL

MILAN (Italiya) - LIVERPUL (Angliya) - 3:3 (3:0, 0:3, 0:0)

Penaltilar bo‘yicha - 2:3.

25 may. Itanbul, «Otaturk» nomli Olimpiya stadioni. 69000 tomoshabin.

Bosh hakam: Mexuto Gonsales (Ispaniya).

Gollar: Maldini (1), Krespo (39, 44) - Jerrard (54), 

Shmiser (56), Xabi Alonso (60).

Milan: Dida, Kafu, Yap Stam, Nesta, Maldini, Pirlo, Gattuzo (Rui Koshta, 112), Zeedorf (Serjinyo, 86), Kaka, Shevchenko, Krespo (Tomasson, 85).

Liverpul: Dudek, Finnan (Xamann, 46), Karrager, Xyuypya, 

Traore, Xabi Alonso, Luis Garsiya, Jerrard, Riise, Garri Kyuell (Shmiser, 23), Barosh (Jibril Sisse, 85).

Penaltilar seriyasi:

Milan: Serjinyo (noaniq)

Pirlo (darvozabon)

Tomasson (gol)

Kaka (gol)

Shevchenko (darvozabon)

Liverpul:

Xamann (gol)

Sisse (gol)

Riise (darvozabon)

Shmiser (gol).

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:14, 05.06.2023.
O'qildi: 27504 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.