Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Rojer Shmidt: «Bu chempionlik Rui Koshta uchun...»

Rojer Shmidt: «Bu chempionlik Rui Koshta uchun...»

Baho:
+ | -

Lissabonning «Benfika» klubi bu yil Portugaliya Primerosida 38-marta chempionlikni nishonladi.

G‘alaba tantanalari bahona jurnalistlar «burgutlar» bosh murabbiyi Rojer Shmidt bilan alohida uchrashib, jamoaning buguni va kelajagiga doir savollarni o‘rtaga tashlashdi. Shu tariqa germaniyalik mutaxassis Benfica Campus qarorgohida tashkillashtirilgan va ochiq suhbat shaklida kechgan tadbirda joriy mavsum yakunlari barobarida shaxsiy masalalarga ham to‘xtaldi.

O‘ta pozitiv notalar mavsumi

- Hozir butun vujudimni faxr-g‘urur tuyg‘usi qamrab olgan. Mavsum boshida bosh maqsad haqida alohida gaplashgan edik. Tushunarliki, «Benfika»da faqat sovrinlar yutish haqida o‘ylaysiz. Murabbiy yoki futbolchi bo‘lishingizdan qat’iy nazar, aynan chempionlikni ko‘zlashingiz oddiy hol. Bu - «Benfika» talabi! Oxirgi o‘yinning so‘nggi daqiqalarigacha qiyin bo‘ldi va endi mutlaq baxtlimiz. Chempionlik yo‘lida ham katta jismoniy, ham aqliy kuch sarflaganimiz o‘z-o‘zidan ayon. Muhimi, bosim ostida o‘ynay olishimizni amalda ko‘rsata oldik. Aytishim kerak, mavsum davomida o‘z salohiyatimizga nisbatan ishonch ortib bordi. Yakunda eng yaxshi hujum va eng yaxshi himoyaga ega jamoa sifatida hammadan ko‘p ochko to‘pladik. Demak, haqli ravishda taxtga ko‘tarildik. Ehtimolki, «Benfika» tarixidagi eng yaxshi mavsumlar darajasida o‘ynagandirmiz. Qolaversa, yevro­arenada, ya’ni CHLda 14ta o‘yin o‘tkazib, faqat bir bora mag‘lubiyatga uchradik. Bu futbolchilar uchun katta yutuq, albatta. Axir aksariyat yigitlar asosiy yevrokubokda ilk marta o‘ynashdi. Qisqasi, «Benfika» xalqaro miqyosda g‘ayrioddiy ishlarni bajardi.

Eng yaxshi chempionlik oqshomi

- Hayotim davomida bunday ajoyib chempionlik oqshomini ko‘rgan emasdim. «Benfika» sharafiga uyushtirilgan bayram butun yevrofutbol bo‘yicha eng yaxshilaridan biridir! O‘z navbatida, jamoa sifatida hammaga quvonch ulashishimiz kerak. Qisqasi, shaxsan men g‘ayrioddiy oqshomni boshdan o‘tkazdim, futbolchilar ham xuddi shu gapni takrorlashsa, ajabmas. Umuman, ular bu oqshom uchun qanchalik kuch sarf­lashganini yaxshi bilaman.

Rui Koshta sharafiga

- Lissabonda ish boshlashimning asosiy sababchilaridan biri - bu klub prezidenti. Esimda, «Benfika» taklifi haqida gap-so‘z boshlagan paytdayoq qandaydir ko‘tarinkilikni his qilgandim. Rui Koshta o‘ta tirishqoq inson, klub loyihasiga bog‘liq ishtiyoqi balandligi boshidanoq sezilgandi. Jamoa bazasiga kelishim hamono Koshta shunchaki, oddiy prezident emasligini angladim. U kerak bo‘lsa, jamoa ortidan Seyshel orollariga ham boradi, mashg‘ulotlarni muntazam kuzatadi, futbolchilar bilan yaqin aloqa o‘rnatadi. Oddiy aytganda, Rui hamisha hamma uchun ochiq. Uning tajribasiga qattiq ishondik. Qisqasi, klub prezidenti bu g‘alabaga munosib edi. Ushbu unvonni barcha «benfikachilar» va aynan Rui uchun qo‘lga kiritdik.

Mavsum-2023/2024 xayollari

- Ochig‘i, keyingi bir necha kun davomida futbol haqida umuman o‘ylamayman. Avvalo, xotirjam hordiq chiqarishim kerak, chunki mavsum hamma uchun juda murakkab tus oldi. Ta’tildan keyin mavsumni batafsil tahlil qilamiz va tayyorgar rejasini tasdiqlaymiz. Yangi yurishlar uchun mukammal tarkib shakllantirmasak bo‘lmaydi. To‘g‘ri, chempionlikni qo‘lga kiritdik va yaxshi natijalarga erishdik, ammo keyingi mavsumni nol ochko bilan boshlaymiz. Endi oson g‘alaba haqida o‘ylash mumkin emas, chunki odatda duch kelgan raqib chempionga ikki hissa kuch bilan qarshilik ko‘rsatadi. Tabiatan kamtarman va g‘alaba katta ish samarasi ekanligini bilaman. Shuning barobarida o‘yinni yanada yaxshilash zarurligiga aqlim yetadi - buning uchun tarkibda muvozanatni topishimiz shart. Mavsum boshida haftasiga 3tadan o‘yin bo‘lishiga ham tayyor turishimiz lozim. Hozir ixtiyorimda yuqori darajada o‘ynash salohiyatiga ega futbolchilar borligidan mamnunman, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 08.06.2023.
O'qildi: 1179 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.