Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Qimor balosi yomon

Qimor balosi yomon

Baho:
+ | -

«Tuluza» futbolchisi odamlarni aldash xususiyatiga ega. Faqat shunisi borki, u bu sifatini ko‘pincha maydon tashqarisida ishga soladi.

Klub rahbariyati uni qarzi ko‘pligidan hattoki, tarkibdan chetlashtirishgacha borgan. Chunonchi, «Tuluza» vakillarining e’tirozlari ko‘payib ketgach, firibgar futbolchining maoshini oldindan to‘lashga to‘g‘ri kelgandi... Gap himoyachi Rasmus Nikolaysen haqida ketmoqda.

«Tuluza» diqqat markazida. Ha, bu klub Fransiya futboliga bog‘liq oxirgi yangiliklarning asosiy manbai bo‘lib qoldi. Binobarin, kamtarin jamoa avvaliga Fransiya kubogini qo‘lga kiritdi, keyin uning bir qator a’zolari LGBT futbolkasini ki­yishdan oshkora bosh tortishdi. Jumladan, marokashlik Zakariya Abuxlal bu borada keskin va dangal gapirdi. U hattoki, erkaklar va ayollar huquqi teng bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi. Endi esa «Tuluza»ning markaziy himoyachisi Rasmus Nikolaysen mojaro markaziga tushdi. U qimor o‘yinlariga «qaramlik» oqibatida klubdoshlaridan qarzdor...

100 ming yevro miqdorida qarz. Himoyachining shuncha qarzini yopish uchun «Tuluza» uning maoshini muddatidan oldin to‘lashga ham majbur bo‘ldi. Les Violets nashrida yozilishicha, Nikolaysen nafaqat 6 nafar jamoadoshi (kamida), balki klub xodimlaridan ham qarz ko‘targan. 100 ming yevroga teng qarz esa, qimor o‘yinlariga mukkasidan ketish oqibatidir. Futbolchilar maoshini hisoblab boruvchi nufuzli va ishonchli manba - Capology ma’lumotlariga qarasak, Nikolaysenning haftalik ish haqi 10 ming yevroni tashkil etadi. Demakki, unda chamasi 2,5 oylik maoshi miqdorida qarz yig‘ilib qolgan. L~Equipe xabarida aytilishicha, jamoa safiga qishda qo‘shilgan himoyachi Gabriel Suaso qimorboz futbolchiga qarz berishdan bosh tort­gach, uning ichki muhitga ta’siri kuchaygan. Natijada sardor Brext Deyagere va yarim himoyachi Branko van den Bomen klub prezidenti Damyen Komolli bilan Nikolaysen qimor o‘yinlariga qaram bo‘lib qolgani va bu holat kiyinish xonasi «ob-havosi»ni buzayotgani xususida gaplashishgan. Ish shu darajada chigallashganki, ba’zi futbolchilar Nikolaysenning qarzdorligi hal qilinmagunicha o‘yinlarda qatnashishdan bosh tortishgacha borishgan. 

Rasmus 14 aprel kuni «Lion»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmadi va «Tuluza» 1:2 hisobida yengildi. Jamoa bosh murabbiyi Filipp Montanye esa buni himoyachining son payida muammo borligi bilan izohladi. Lekin Rasmus hayratlanarli tarzda tez tiklandi. Komolli bu orada vaziyatni yumshatish maqsadida Nikolaysenga oldindan maosh to‘lab, klubdoshlari oldidagi qarzni to‘lashni buyurdi. Ma’lum bo‘lishicha, Rasmus yaponiyalik hujumchi Ado Onaivaning o‘zidan 50 ming yevro miqdorida qarz ko‘targan. U shuningdek, Velko Birmanchevich va Rafael Rataoni ham qattiq chuv tushirgan. Darvoqe, daniya­lik himoyachi bir necha mavsum oldin ham shunga o‘xshash holatga tushgan ekan. Aniqrog‘i, «Portsmut» klubidagi ijara muddati payti noqonuniy pul tikishda ayblangan va 2500 funt miqdorida jarimaga tortilgan. Tergovda Nikolaysen «Port­smut» ishtirokidagi o‘yin­larga pul tikmagani aniqlangan. Shuningdek, u Daniya va Angliya futbolidagi bukmekerlik  qoidalari o‘rtasida katta farq borligini bilmagani uchungina jiddiy jazodan qutulib qolgan. Umuman, himoyachi Angliya klubidagi ijara muddati davomida naq 53 marta pul tikkan.

Qimor o‘yinlariga tobelik. Nikolaysen qimorga qaramlik xastaligiga chalingandek. Stop Betting Sports kompaniyasi asoschisi, terapevt Den Fild 10 yildan buyon aynan qimor o‘yinlariga moyil sportchilarni davolash bilan shug‘ullanmoqda. U bu masalada muammoga yo‘liqqan mijozlari oldiga bir necha oddiy shartlarni qo‘yadi:

1. Qimor o‘yinlariga tobelikni tan olish va buni yashirmaslik kerak. Aks holda, mutaxassis maslahati naf bermaydi, mustaqil ravishda qimorni tashlashga urinish ham befoyda.

2. Sport bilan bog‘liq barcha qimor saytlari, tadbirlar va ko‘ngilochar shoular, shuningdek, poker turnirlari, kriptovalyuta, birja savdosidan butunlay voz kechish kerak. Buning uchun kamida 1 oy ketadi.

3. Uyqu va ovqatlanish tartibiga qat’iy amal qilish kerak. Shuningdek, jismoniy holatga e’tibor qaratib, organizmda dofamin (zavq gormoni) miqdorini qimor o‘yinlarisiz oshirishning amaliy usullarini o‘ylab topish shart. Buning eng yaxshi yo‘li - klubdoshlar bilan sport natijalari bo‘yicha bahslashish, faqat o‘rtaga pul tikmasdan, albatta. 

4. «Telefonsiz zona» bos­qichi. Bunda sportchi qo‘l telefonini ma’lum vaqt chetga olib qo‘yadi (kechasi - 6 soatgacha, kunduz - kamida 60 daqiqa). Qolaversa, har ikki haftada telefonsiz hayot daqiqalari miqdorini oshirib borish tavsiya etiladi.

5. Sabr tuyg‘usini oshirish kerak. Fildning aytishicha, mijozlaridan muayyan kunda pul tikmaslik borasida SMS-xabar shaklida va’da oladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan keyin esa, ulardan eski xabarlarini o‘qib chiqishni so‘raydi. Bu sportchida ishonch va sabr tuyg‘ularini oshirishga qaratilgan usul hisoblanadi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:33, 19.06.2023.
O'qildi: 3109 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.