Trebl so‘nggi, katta yutuq bo‘lishi mumkin
Ketma-ket uchtalab turnirda g‘olib bo‘lgan "Manchester Siti" yangi mavsumni tub o‘zgarishlar bilan boshlash arafasida. Yakuniga yetgan mavsumda "Siti" kutilmaganda azaliy raqibi "Liverpul" bilan emas, Gvardiolaning shogirdi uztozlik qilayotgan "Arsenal" bilan jiddiy raqobatga duch keldi. Chempionlik poygasi uzoq vaqt davom etdi. Marraga oz qolganda Arteta shogirdlari xatoga yo‘l qo‘yishdi va o‘z qo‘llari bilan "Manchester Siti"ga chempionlikni tortiq etishdi. YECHLda esa, ketma-ket qiyin raqiblar, avvaliga "Bavariya", keyin "Real", finalda "Inter"ni mag‘lub etib Yevropada tengsiz bo‘ldi.
Angliya Kubogi finalida hamshaharlari "Manchester Yunayted" bilan derbida maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va Angliya Kubogiga ega chiqdi.
Eng ajablanarlisi, Pep Gvardiola haro uchala turnirda tarkibdagi deyarli barcha futbolchilardan foydalandi, kutlmagan rotasiyalar amalga oshirdi. Uchala tirnirga ham jiddiy yondashdi. 23 yoshli Xulian Alvares o‘zi orzu qilgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Erling Xoland esa, "Oltin to‘p" uchun juda katta qadam tashladi.
Ko‘p yetakchi futbolchilardan voz kechish vaqti keldi
Yangi mavsum boshlanishidan oldin jamoani bir qancha futbolchilar tark etishadi. Ilkay Gyundogan ancha vaqtdan beri "Barselona" nishonida va oxiri bu transfer amalga oshdi. Germaniyalik futbolchi "ko‘k-anorranglilar" bilan 2+1 shakldagi shartnomaga imzo chekdi.
Riyad Mahrez bilan Saudiyaning "Al Ahli" klubi qiziqmoqda, klub prezidenti jazoirlik bilan uchrashish uchun Angliyaga ham kelgan. Vinger taklifni rad etmoqchi emas, unga yiliga 50 million yevro maosh taklif qilingan. Riyad bilan birga Bernardu ham arab klublari nishonida. Portugaliyalikning "Siti" bilan shartnomasi yakuiga yetib boryapti, unga PSJ va "Bavariya"dan ham qiziqishlar bor.
Ulardan tashqari, Kayl Uoker, Aymerik Lyaport va Joau Kanselu ham "shaharliklari"ni tark etish arafasida. "Bavariya" Kaylga asosiy da’vogar, myunxenliklar "Manchester Siti"ga 20-30 million yevro to‘lashga tayyor. Futbolchi esa, ayni damdagi jamoasi bilan shartnomani uzaytirish borasida muzokara o‘tkazyapti.
Ketganlarning o‘rnini to‘ldirish kerak
Vaziyatdan kelib chiqib, "shaharliklar" bir qancha yangi futbolchilar bilan shartnoma masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Misol uchun, "Chelsi" futbolchisi Mateo Kovachich bilan kelishuvga erishildi. "Aristokratlar" 25+5 million funt-sterling miqdorida tovon puli oladi. Yarim himoyachi tez kunlarda tibbiy ko‘rikdan ham o‘tadi.
Parallel ravishda "Vest Xem" futbolchisi Deklan Raysga ham ko‘z tika boshladi. Bu borada "Arsenal" ham yarim himoyachi uchun raqobatda. "Kanonirlar" 80 million funt-sterling taklif etishdi, ammo "bolg‘achilar" 100 million xohlamoqda. "Vest Xem" "Manchester Siti"dan taklif kutishini yashirmayapti. "Shaharliklar" ham yaqin kunlarda rasmiy taklif yuboradi.
"Manchester Siti" uchun yana bir potensiyal transfer "Leypsig" himoyachisi Yoshko Gvardiol. Xorvatiyalik futbolchi so‘nggi yillarda munosib ravishda o‘sishga erishdi va allaqachon u terma jamoasining asosiy himoyachisiga aylangan. Nemis klubi Yoshko uchun 100 million yevro va bonuslar xohlashadi. "Siti" esa, bu miqdorni 80-85 milliongacha kamaytirishga harakat qilmoqda.
Tubdan o‘zgarish vaqti keldi
"Moviy ranglilar" yangi mavsumdan jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar qilmoqchi. Klubni tprk etishni xohlaganlarga chiqish eshiklarini ochib beryapti. Ularning o‘rnini esa, iloji boricha tezroq to‘ldirish ilinjida. Yangilarning kelishi va jamoaga moslashishi ham ancha vaqt talab qiladi.
"Manchester Siti" tezroq bir qarorga kelishi, sotadiganini sotib, oladiganini olish kerak. Chunki, yangi mavsumdan Premyer Ligada jang avjida bo‘ladi. Avvalgi davriga qaytgan "Arsenal", azaliy raqib "Liverpul" va kutilmagan natija qayd etadigan "Chelsi" kabilar ajoyib raqobat taklif etadi.
"Shaharliklar"ning moliyaviy holati istalgan futbolchini xarid qilishga qodir. Yangi mavsumdan jamoaning tarkibiy ko‘rinishi qanday bo‘ladi, buni esa vaqt ko‘rsatadi. Ko‘ramiz, kuzatamiz...