Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya 1-1 Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika 2-1 Paragvay

Keyndan Osimxengacha: ehtimoliy transferlarning eng yiriklari haqida

Keyndan Osimxengacha: ehtimoliy transferlarning eng yiriklari haqida

Baho:
+ | -

Yoz bo‘yi davom etadigan transferlar oynasiga start berilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Ammo allaqachon katta klublar tomonidan yirik yurishlar amalga oshirilmoqda. Ularning ayrimlar bitdi yoki bitish arafasida. Ammo arosatda qolganlari ham yo‘q emas. Quyida yozning eng yirik (ehtimoliy) ko‘chishlari haqida gaplashamiz.

Xarri Keyn

Har bahorda shu bo‘lar takror deganlaridek, Keyn borasida deyarli har yozda takrorlanadigan poyga yana avj oldi. Biroq, bu safar hammasi jiddiy. 2018 yilda hujumchi imzolagan so‘nggi shartnomaning yakuniga atigi bir yil qoldi. "Tottenxem" raisi Daniel Levi esa hali uni qo‘yib yuborishni istamayapti. Ammo, "dam bu damdir, o‘tgan damni dam dema". Shunday ekan, 28 yoshli hujumchini hozir sotish kerak. Aks holda, undan keladigan mumaygina pul havoga uchishi mumkin. Keyn Garet Beyldan keyin "shporlar"ning eng qimmat o‘yinchisiga aylandi. U uchun "Bavariya" 80 million funt to‘lamoqchi. Negaki, nemis klubiga Levandovski o‘rnini bosuvchi hujumchi zarur. Daniel Levi esa hali ham "tormoz"dan oyog‘ini olishni istamayapti.

Kilian Mbappe

"PSJ" arosatda qolgan pallaga ham yetib keldik. Vaqtida sotmagani sababli, hozir parijliklar Mbappe masalasida boshi qotgan. Lionel Messi Mayamiga kuzatildi. Neymar o‘zi uchun takliflar kutmoqda. Ammo Mbappechi? 24 yoshli futbolchi rahbariyat tomonidan "PSJ"ning eng katta orzusi bo‘lgan YECHLni yutishda qalqon bo‘lishiga umid qilinmoqda. Ammo Mbappe ham Fransiya chempioni bo‘laverib charchadi. U yangi sarguzashtlar istaydi. "Real" yirik da’vogar ekaniga shubha yo‘q. Lekin Jahon chempionati finalida xet-trik qilgan hujumchi uchun "PSJ" kamida 2017 yilda u uchun to‘lagan summani, 180 million yevroni so‘rashi turgan gap. Balki "MYU"ning arablar qo‘liga o‘tishi, bu jamoani ham Mbappe poygasiga kiritar. Hozir esa bir narsa aniq: "PSJ" Mbappeni olib qola olmas ekan, demak sotadi! Sotgandayam yirik pulga sotadi.

Deklan Rays

Uzoq vaqt davomida odamlar og‘zida "Chelsi", "MYU" va "Liverpul" o‘rtasida talash bo‘lib kelgan yarim himoyachi, so‘nggi davrda "Arsenal" va "Manchester Siti"ga nishon bo‘ldi. Deklan Rays 100 milliondan kamiga sotilmasligi aniq edi. "Manchester Siti"ning bu boradagi jiddiy qadamlari "Arsenal"ni Rays uchun 105 million funt to‘lashga majbur qildi. "Shaharliklar" o‘z qurbini 90 million bilan namoyish etgandi. Rad etilgach, poygadan chiqdi. "Arsenal" esa Angliya terma jamoasi a’zosiga ega chiqdi. Futbolchi sifatli, ammo narx o‘ta qimmat. Hozirdan Rays borasida xulosalar chiqarishga shoshilmay turamiz.

Meyson Maunt

Maunt ko‘pchilik tomonidan Jon Terri kabi bo‘ladi, akademiyadan chiqib, klubda o‘n yillab yetakchilik qiladi deb hisoblangan edi. Ammo unday bo‘lmadi. Yarim himoyachi 1979 yilda Rey Vilkins bilan yuz bergan hodisani takrorladi: "MYU"ga ketdi. 2021 yilgi YECHL zafari sababchilaridan biri bo‘lgan Maunt, "Chelsi" bilan maosh masalasida kelisha olmadi. Oxir-oqibat 55 million funt evaziga "qizil iblislar" safiga yo‘l oldi. Endi u Erik ten Xag jamoasiga xizmat qiladi.

Viktor Osimxen

Keyndan tashqari ham Yevropada yaxshi hujumchilar ko‘p. Shulardan biri "Napoli" straykeri Viktor Osimxendir. Nigeriya terma jamoasi a’zosi Diyego Maradona davridan beri ilk bor neapolliklarga Italiya chempionligini taqdim etdi. Shunday futbolchini qo‘yib yuborib bo‘larmidi? "Napoli" egasi Aurelio De Laurentis kerakli futbolchilarga shunday narx qo‘yadiki, o‘zgalar uni osonlikcha sotib ola bilmaydi. Osimxenning o‘zi ham "Napoli"ga arzon-garovga kelmagan. Klub u uchun 2020 yilda "Lill"ga naq 80 million yevro to‘lagandi. Osimxen hozirda 120 million yevroga baholanmoqda. Uning taqdiri esa tez orada oydinlashadi.

 

 

 

 

ISMATOV J.

Manba: guardian.com
Kiritildi: 11:01, 04.07.2023.
O'qildi: 3181 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.