Futbolchilar ikki xil toifaga bo‘linadi. Ulardan biri maydonni sevganidan 40 yoshdan keyin ham faoliyatini davom ettirsa, boshqasi, turli xil sabablar bilan 35 ga borib-bormay futboldan ketadi. Masalan, Janluiji Buffon hali o‘z kasbini tashlagani yo‘q. Sesk Fabregas va Mesut O‘zillar esa ancha erta ketdi. Quyida 2023 yilda nafaqaga chiqishi kutilayotgan yirik nomlar, afsonalar kimligini bilib olasiz.
Andreas Inyesta
So‘nggi besh yilni Yaponiyada o‘tkazgan futbolchi, "Vissel Kobe" safini tark etishga majbur bo‘lgan edi. Inyesta bu qaroriga asosiy sabab deb o‘yin vaqtining kam berilganini keltiradi. O‘z vaqtida Jahon va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan yarim himoyachi, keyingi may oyida 40 ga kiradi. Shunday ekan, u faoliyatini tugatishni o‘ylayotgan bo‘lishi tabiiy holdir. Undan keyingi manzili haqida so‘ralganida, ispaniyalik afsona shunday deydi: "Ochig‘i, bilmayman. Futbol o‘ynashni davom ettirish istagidaman. O‘zimni hali nimalargadir qodir deb hisoblayman. Kelajakda oldindan aytish imkonsiz ish. Shunday ekan, hammasini vaqt ko‘rsatadi".
Eden Azar
Mish-mishlar Azarni futboldan butunlay ketishi mumkinligiga ishora qiladi. Hozir u 32 yoshda. "Real"dagi omadsiz davrlardan keyin futbolchi allaqachon "Chelsi"dagi holatiga qayta olmasligiga amin bo‘lgan. Azar kelajagi haqida yaqindagina shunday degandi: "To‘g‘risi, hozir hech nima deya olmayman. Uch yillik murakkabliklardan keyin oddiy odam kabi ta’tilni oilam bag‘rida o‘tkazishni istayman. Men haqimda matbuotda chiqayotgan xabarlar aqlga sig‘maydi. O‘zimni hali ham professional futbolchi deb bilaman. Ha, oxirgi paytlarda maydonda bo‘lmadim. Ammo yana o‘ynab ketishga o‘zimda kuch topa olaman deb o‘ylayman".
Xuan Mata
Mata "Galatasaray"dan ketganidan keyin shunday degandi: "Men xafa emasman. Aksincha, shunday jamoaning bir qismi bo‘lganimdan faxrlanaman. Muxlislarni hech qachon unutmayman. Bu jamoa mening oilamdek bo‘lib qolgan edi. Hammaga rahmat aytaman. Bu yerdagilarni hech qachon unutmayman. Mehringiz uchun tashakkur".
Xuan Mata futbolda bӯladimi yoki ketadimi, bu hali ham noaniqligicha qolmoqda.
Pepe Reyna
Reyna avgust oxirida 41 ga kiradi. Futbolchi yaqin kelajakda futboldan ketishiga ishora qilib, shunday deydi: "Ko‘p vaqtlar o‘tdi. Menimcha, o‘z yurtimda faoliyatimni tugatish imkoniyatiga ega ekanligimdan xursand bo‘lishim kerak. Oilam sababli Ispaniyaga qaytdim. Turmush o‘rtog‘im va farzandlarim yaqinlarimning yonida bo‘lishini istayman".
Pepe Reyna ayni damda rasman "Vilyarreal" futbolchisi bo‘lib turibdi.
Eshli Yang
Hash-pash deguncha Yang 37 yoshga kirdi. Ammo muxlislar uchun u hali ham yoshdek tuyuladi. Himoyachi o‘tgan mavsumni "Aston Villa" safida yakunlagan edi. U erkin agent sifatida o‘z jonajon klubidan ketdi. Unai Emeri Yang yordami bilan "Aston Villa"ni yevrokuboklarga olib chiqqan edi. Ayni damda Yangga biror taklif berilganidan xabarimiz yo‘q. Agarda u qaysidir APL klubiga o‘tsa, Yang elitadagi eng qari futbolchilardan biriga aylanadi. Ammo u ketishga yaqinroqdek tuyulmoqda.
ISMATOV J.