Hayot qiziq-da, ispaniyalik darvozabon David de Xea «MYU» bilan tuzgan shartnomasi muddati yakunlangan kuni nihoyat, rasman oila qurdi.
«Qizil iblislar» ayni kunlarda yangi golkiper qidirishmoqda. Ko‘rinishidan, bosh murabbiy Erik ten Xag ispaniyalikka boshqa tayanmoqchi emas. Demak, David faoliyatini boshqa klubda davom ettirsa kerak.
To‘y marosimiga kelsak, de Xea uzoq yillik mahbubasi Edurne Garsiya Almagro xonim bilan nikoh rishtalarini bog‘ladi, nihoyat. Darvozabonning tanlagani 1985 yilning 22 dekabr kuni Ispaniya poytaxtida tug‘ilgan. Ya’ni u aynan Madridda tug‘ilib-ulg‘aygan de Xeadan 5 yosh katta. Edurne - mashhur pop-xonanda. Almagro 2005 yili Ispaniya telekanallaridan birining reytingi baland shousida iqtidorini namoyish etish asnosida butun mamlakatga tanilgan. Keyingi yili esa xonanda debyut albomini chiqargan va bir urinishda Ispaniya bosh xit-paradida 3-o‘rinni band etgan. Asosiysi, reytingdagi mavqeini naq 24 hafta davomida yo‘qotmagan Edurne butun Pireney orolllarida ovoza bo‘lgan va elit xonandalar qatoriga kirgan.
De Xeaning hamxonasi hozirga qadar 7ta yakkaxon albom yaratdi (oxirgisi 2020 yili chiqdi). Qolaversa, Edurne xonim 2015 yili «Evrovideniye» tanlovida Ispaniya sharafini himoya qildi, to‘g‘ri, yakuniy natijasi nisbatan past bo‘ldi - 21-o‘rin. Garsiya Almagro xonim endilikda asosan TV-faoliyat bilan band va mamlakatda eng talabgir teleboshlovchilardan biri hisoblanadi. Deylik, «Instagram» tarmog‘ida 2 milliondan ko‘p obunachisi bor. YouTube kanalida esa kliplari 54 mln. marta tomosha qilingan.
David va Edurne 2010 yili tanishishgan. O‘sha vaqt 20 yoshli kiper endi-endi «Atletiko» asosiy tarkibida ko‘rinish bera boshlagandi. Futbolchi «Manchester Yunayted» safiga qo‘shilganidan keyin xonanda uzoq vaqt Madridda qoldi, lekin Manchesterga safarlar uning uchun odatiy holga aylandi. 2018 yilga kelib esa, Edurne batamom Angliyaga ko‘chib o‘tdi. 2021 yili juftlik qizchali bo‘ldi. Edurne keyinchalik bir necha marta Davidni «dunyodagi eng yaxshi ota» sifatida e’tirof etdi. Demak, de Xea qizalog‘i Yanayga juda g‘amxo‘r va mehribon. Mana, sevishganlar uzoq yillik muhabbatni endi rasman nikoh bilan bog‘lashdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi