"Liverpul" uchun Fabinyoning jamoani tark etishini katta yo‘qotish desa ham bo‘ladi. Endi biz bu klubda yarim himoyaning to‘liq yangilanishiga guvoh bo‘lamiz.
The Athletic muxbiri Jeyms Pirsning so‘zlariga ko‘ra, Fabinyo agar "Al Ittihod"ga o‘tsa, "Liverpul"da bu pozisiya uchun futbolchilar ro‘yxati allaqachon mavjud.
Braziliyalik yarim himoyachi keyingi mavsumda jamoaning muhim qismi bo‘lishi kerak edi, ammo saudiyaliklar barcha rejalarni chalkashtirib yubordi. Klub braziliyalik uchun 40 million yevro taklif oldi va futbolchining o‘zi bugun Germaniyaga mavsumoldi yig‘ini uchun birga uchmadi.
Voqealar juda tez rivojlanmoqda, ammo "qizillar"da Fabinyoni almashtirishga tayyor bo‘lgan da’vogarlar ro‘yxati bor. Pirsning ta’kidlashicha, "Liverpul" dastlab braziliyalikning uzoq muddatli shartnomasini kutayotgan edi, ammo endi ularga darhol Yurgen Klopp jamoasiga mos keladigan futbolchi kerak bo‘ladi. Natijada, ular izlayotgan o‘yinchining profili endi biroz o‘zgarishi mumkin.
Romeo Laviya hamon "Liverpul" jamoasi uchun eng yaxshi tanlov bo‘lib qolmoqda, biroq "Liverpul" "Sautgempton" uchun 50 million funt sterlingni juda yuqori narx deb hisoblamoqda.
Qisqa ro‘yxatga "Fiorentina"dan Sofyan Amrabat, "Bavariya"dan Rayan Gravenberx va "Manchester Siti"dan Kalvin Fillips ham kiritilgan.
Ammo "Brayton" yulduzi Moyses Kaysedoga jiddiy variant sifatida qaralmaydi, chunki u "Chelsi" bilan shartnomaning shaxsiy shartlarni kelishib olgan va "qizillar" bu borada poygaga kirishmoqchi emas.