Xyoylunn o‘zining Italiyadagi debyut mavsumida 9 ta golga mualliflik qilgandi. Natijada "Atalanta" 20 yoshli hujumchi uchun 100 million yevrolik tovon pul belgiladi. Unga "MYU" qiziqish bildirmoqda. Xo‘sh, Erik ten Xag nima uchun yosh daniyalikka bunchalik qiziqib qolgan? Bu savolga quyida "Opta Analyst" ma’lumotlari asosida javob berishga harakat qilamiz.
Daniyalik Xoland
Xyoylunning maydondagi harakati, uni Erling Xolandga qiyoslashlariga sabab bo‘ldi. U hozirda daniyalik Xoland degan nom olgan. Barchaga ma’lum bo‘lib ulgurganki, "Manchester Siti" hujumchisi o‘zining tezligi, kuchi va abjirligi bilan raqib himoyachilariga muammo bo‘ladi. Xyoylunn haqida ham shunday deya olamiz. 20 yosh bo‘lishiga qaramay, u baquvvat va bo‘ydor. Daniya terma jamoasi a’zosi chap oyog‘ida yaxshi harakat qiladi. Xyoylunn o‘tgan mavsumda raqib darvozasiga 105 ta zarba berib, shundan 18 tasini golga aylantirgan. Bu 17.1 foiz unumli harakat deganidir.
Tug‘ma hujumkorlik
Xoland va Xyoylunn o‘rtasidagi o‘xshashliklar shu yerda tugamaydi. A seriyada o‘tgan mavsum davomida jarima maydonchasi ichidan zarba berish borasida eng yaxshi ko‘rsatkichni Xyoylunn ko‘rsatgan. U mavsum davomida faqat 3 tagina zarbani penalti maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan xolos. 20 yoshli futbolchining xG ko‘rsatkichi 0.18 ga teng.
Iblisday tez, buqaday baquvvat
Xyoylunnga jamoadosh bo‘lganlar, hujumchining jismoniy darajasi o‘ta yuqori ekani, shu sababdan raqibni qiynashini aytadi. Xususan, "Atalanta" sardori Rafael Toloy shunday deydi: "Xyoylunn ajoyib talant, jismoniy jihatdan baquvvat va yuqori tezlikka ega. Unda superyulduz bo‘lish uchun hamma narsa bor. Faqat yaxshi jamoa va murabbiy qo‘liga tushsa, bas. Men uni ilk bor ko‘rganimda, bunchalik kuchli ekanini bilmagandim. 90 daqiqadan keyin ham maydonda charchab qolmasligi, meni doimo hayron qoldirgan".
Yevropaning eng yorqin o‘spirin yulduzi
Xyoylunn o‘z terma jamoasi safida ham porlaydi. Jahon chempionatiga bormagan bo‘lsa ham, Yevropa chempionati saralash bahslarida 20 yoshli qahramonimiz 5 ta o‘yinda 5 ta gol urishga erishadi. Ha, uning ishlashi kerak bo‘lgan tomonlari ham bor. Masalan, u faoliyati davomida 69 ta o‘yinda 18 ta gol urgan. Shuningdek, vaziyat yaratish borasida ham Xyoylunning aralashuvi kam.
Erik ten Xagga mos
Hozir "MYU"ga faqatgina hujumchi yetishmayapti xolos. Jamoada qolgan chiziqlarda hammasi joyida. O‘tgan mavsumda Fernandesh va Reshfordgina APLda 10 tadan oshiq gol urgan. Bu esa hujumchi borasidagi kamchilikni ko‘zga tashlantiradi. Tarkibdagi Marsyal esa jarohatga moil. Shu sababdan unga ishonib bo‘lmaydi. Ten Xagga esa haqiqiy jangchi kerak. U "Ayaks"da baquvvat va bo‘ydor hujumchilardan foydalangan. Shunday ekan, Xyoylunn bu o‘ringa ayni muddao.
ISMATOV J.