Erkin agentlarni jamoaga jalb qilish borgan sari urfga kirib bormoqda. Har yili yozda bir nechta katta nomlar o‘z klublarini o‘zgartirishadi. Joriy transferlar oynasida ayrim klublar muhim qaror qabul qilishi lozim. Aks holda, 2024 yilda ular eng muhim yulduzlaridan tekinga ayriladi. Quyida shunday futbolchilardan tuzilgan ramziy terma jamoani e’tiboringizga havola etamiz.
Darvozabon: David Rayya
Rayya o‘tgan mavsumning eng yaxshi darvozabonlaridan biriga aylangan edi. U "Brentford" safida 154 ta seyv ijro etgan. Bu esa qolgan, istalgan darvozabonnikidan ko‘proqdir. "Arilar" ispaniyalik futbolchini jamoada olib qolib, katta maosh berishga tayyor. Ammo Rayya Yevropa sahnida, titullar uchun kurashishni istaydi. Ispaniya terma jamoasi a’zosi uchun "Tottenxem" jiddiy qiziqish bildirayotgan edi. Ammo "Brentford", 40 million funtsiz, Rayyani qo‘yib yubormaydi.
Markaziy himoyachi: Presnel Kimpembe
Kimpembe "PSJ" akademiyasidan chiqqan. U hozirga qadar parijliklar bilan 7 marta Fransiya chempioni bo‘lishga ulgurdi. Hozirga qadar himoyachi 200 dan ortiq bahslarda jamoasi sharafini himoya qildi. Fransiya terma jamoasi a’zosi boshqa ligalarda ham o‘zini sinab ko‘rishni istaydi. Shu sabab "PSJ" taklif etgan yangi bitimni rad etmoqda. Agar shu zaylda davom etsa, Kimpembe bir yildan keyin erkin agentga aylanadi.
Markaziy himoyachi: Joel Matip
Matip 2016 yilda "Shalke"dan tekinga olib kelingandi. U shundan beri "Liverpul" muvaffaqiyatlarida muhim figura bo‘lib keldi. Jarohatlar sababli, Matip asosiy tarkibdagi o‘rnini berib qo‘ydi. Himoyachi yana bir yil mersisaydliklar safini o‘ynashga tayyorligini bildirgan.
O‘ng qanot himoya: Benjamin Pavar
Pavar so‘nggi besh yilda mumkin bo‘lgan hamma sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ular ichida klub va mamlakat miqyosidagi jahon chempionligi bor. 27 yoshli himoyachi, "Bavariya"ga 2024 yildan keyin jamoadan ketishini bildirgan. Unga "Manchester Siti" va "Liverpul" qiziqmoqda. Ammo Pavar yana bir yilgacha Germaniyada qoladi.
Chap qanot himoya: Yen Maatsen
"Chelsi" tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsumni "Byornli" bilan, Chempionshipda o‘tkazgandi. U Kompani bilan klubni APLga qaytarishda katta ish qildi. "Chelsi" Maatsen uchun 20 million funt talab qilmoqda. Shu sabab "Byornli" uni doimiy olib qolmoqchi emas. Agar shu zaylda davom etsa, Maatsen erkin agentga aylanadi.
Yarim himoyachi: Andriyen Rabyo
Rabyo "Yuventus" bilan yaqindagina yangi bitim tuzgandi. Ammo bu shartnoma qisqa, bir yillik davrni o‘z ichiga oladi. Fransiya terma jamoasi a’zosi uchun "Liverpul", "MYU" va "Nyukasl" da’vogar sanaladi. Rabyoning o‘zi bir kun kelib, Angliyada o‘ynashini aytadi.
Yarim himoyachi: Pyotr Zelinski
Zelinski o‘tgan mavsumda sport formasini tikladi. U "Napoli" safida 37 ta bahsda 7 ta assist va 3 ta gol qaytdi. Bu orqali yarim himoyachi Italiya chempioniga aylandi. Zelinski hozirda "Napoli"ning eng katta maosh oladigan vakillaridan biri. Shu sabab buni qisqartirishga rozi bo‘lmasa, 2024 yilda polshalik futbolchi boshqa jamoaga ketishga majbur bo‘lishi mumkin. Unga "Yuventus" va "Lasio" qiziqish bildirgan.
Yarim himoyachi: Tomas Myuller
Myuller ham "Bavariya" safida mumkin bo‘lgan hamma narsaga erishdi. U Jahon chempionatida ham zafar quchgan. 33 yoshli futbolchi oxirgi paytlarda asosiy tarkibdan tushib qola boshladi. Uning o‘rnini Jamal Musiala egalladi. Myuller o‘rniga "Bavariya" o‘rinbosar topib qo‘ygan. Rahbariyat 2024 yilda "Bayer Leverkuzen"dan Florian Virsni olib kelmoqchi.
O‘ng qanot hujum: Usmon Dembele
Dembele Xavi kelgach, yangi daraja chiqdi. Fransiyalik hujumchi o‘tgan mavsumda "Barselona"ni chempion qilishda faol qatnashib, 7 ta assist va 5 ta golga mualliflik qildi. Ammo Dembelening maoshi jamoa moliyasiga to‘g‘ri kelmayapti. Shu sabab u bir yil ichida boshqa jamoaga o‘tishi mumkin.
Chap qanot hujum: Kilian Mbappe
"PSJ"ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari bo‘lishiga qaramay, yaqindagina Mbappening rahbariyat bilan munosabatlari yomonlashdi. Hujumchi 2024 yilda jamoadan ketishini ma’lum qilgan edi. Bu esa, tabiiyki, rahbarlarga yoqmadi. Shu sabab hozir "PSJ" uni sotish harakatiga tushib qoldi. Bordi-yu, sota olmasa, Mbappedek nom, butun mavsumni zaxirada o‘tkazishi mumkin.
Markaziy hujumchi: Xarri Keyn
Keyn hozirga qadar "Tottenxem"da birorta sovrin yuta olmadi. Shu sababli hujumchi yangi jamoa qidira boshladi. "Bavariya" Keyn uchun ikki bor taklif bildirib, omadsizlikka uchragan edi. Hujumchi atrofidagi vaziyatni "Real", "PSJ" va "MYU" jiddiy kuzatib kelmoqda. "Tottenxem" uni sotmoqchi emas. Ammo Keyn ketishni istaydi. Agar buning iloji bu yozda bo‘lmasa, Keyn, baribir 2024 yilda erkin agent sifatida "shporlar" safini tark etadi.
ISMATOV J.