Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 19:00 Al-Ayn 1-2 Al-Ahli (SA)
25/11 21:00 Istiqlol 0-0 Paxtakor
25/11 21:00 Al-G‘arafa 1-3 An-Nasr (SA)
25/11 22:30 Empoli 1-1 Udineze
25/11 23:00 Ar-Rayyan - Persepolis
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem

«Chelsi»ning yangi umidi

«Chelsi»ning yangi umidi

Baho:
+ | -

Yaqinda «Chelsi» Kristofer Nkunku transferini rasman e’lon qildi.

 «RB Leypsig»ning universal o‘yinchisi uchun 60 mln. yevrodan (bonuslari ham bor) voz kechib, u bilan 2029 yilgacha hamkorlik xususida kelishuvga erishdi. Nkunku Londonga Bundesliganing eng yorqin yulduzlaridan biri va qit’aning mohir futbolchisi maqomida yo‘l oldi.

«PSJ»ga yaramagan iqtidor

Kristoferni Fransiya terma jamoasining JCH-1998dagi zafaridan junbushga kelgan ilhom mahsuli sifatida e’tirof etib, unga «Klass-98» nomini berishgan. Vaholanki, futbolchi u paytda 1 yoshga yetmagan chaqaloq edi. Kris «Marolya» va «Fonteblo» akademiyalaridagi tahsildan so‘ng, Parijga ko‘chib o‘tdi va mashhur «Klerfonten» maktabida ham futbol sirlarini o‘rgandi. Nikolya Anelka, Tyerri Anri, Kilian Mbappe kabi ko‘plab taniqli futbolchilar aynan shu maskanda voyaga yetganliklarini yaxshi bilasiz, albatta. Markus Tyuram, Allan Sen-Maksimen va Amin Xarit kabi iqtidorlar esa Nkunkuning guruhdoshlaridir.

O‘smirlik chog‘ida Nkunku tengdoshlariga nisbatan ozg‘in va kichikroq bolakay edi. Bundan tashqari, Pleyn uning o‘ta sezuvchanligi va kamtarligini kasbdoshlariga ta’kidlar, shu bois murabbiylar uni Mourinyo uslubida oshkora tanqid qilishdan o‘zlarini tiyib, aksincha, qo‘llab-quvvatlashar va kamchiliklarini muloyimlik bilan tushuntirar edilar. Mashg‘ulot jarayonida Kris Markus bilan do‘stlashib qolgan, o‘g‘lini olib ketish chog‘ida Lilian doimo bir xil savolni berardi: «mashg‘ulotlaring quvnoq o‘tdimi?» Shu tariqa ota o‘g‘lini natijadan emas, jarayondan zavq olishga o‘rgatdi. Kris ham bu saboqdan bahramand bo‘ldi. 2015 yilda 18 yoshli Nkunku YECHLning «Shaxtyor»ga qarshi uchrashuvida ilk marta «PSJ» tarkibida maydonga tushdi.

Yil sayin Kris tobora ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘la boshladi, ammo asosiy tarkibga ko‘tarilishning deyarli iloji yo‘q edi. Axir Neymar va Verrattidek maestrolar bilan raqobatlashish oson emasdida. 2018|2019 yillar mavsumida Nkunku taxminan 1500 daqiqa (17ta o‘yin) to‘p surdi, 3ta gol urdi. Tabiiyki, bu xavbekni qoniqtirmadi - o‘shanda u 21ga chiqqan, tengdoshlari top-klublarning asosiy tarkibidan joy olib, hal qiluvchi gollarni ura boshlagandilar. Kris esa «PSJ» bilan uzoqqa bora olmasligini tushunib yetdi. Shu tariqa unda Tomas Tuxelga nisbatan norozilik paydo bo‘ldi.

Yana Tuxel to‘sig‘i va Nagelsmann, Tedesko bilan hamkorlik

Aftidan, fransiyalik futbolchi Tuxeldan qattiq xafa bo‘lgandi. 2021 yilda OAVda Nkunkuning «Chelsi»ga transferi o‘sha paytda londonliklar bosh murabbiyi lavozimini egallagan Tomas Tuxel tufayli barbod bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, Kris markazdan nariga o‘ta olmay qolgani uchun ham alamzada bo‘lib qolgandi. Chunki uning sevimli pozisiyasi o‘nlik edi.

2019 yilda «RB Leypsig»ga o‘tgan Yulian Nagelsmann 4-2-2-2 uslubini qo‘llash bilan debyutantga qanotda to‘p surish imkoniyatini hadya etdi. Nkunku insayd rolini ado etib, qanotdan markazga intilish orqali hujumkor kombinasiyalarda qatnasha boshladi. Natijada u 5}15 ko‘rsatkich bilan yevromavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. Keyingi mavsumda murabbiy 3-4-2-1 sxemasiga o‘tib, Nkunkuni o‘nlik pozisiyasiga tushirdi, uning harakatlanishi va kreativligini cheklamadi. Futbolchining harakatchanligi pasaymadi, lekin Bundesligada 6}7 natijasini qayd etdi. To‘g‘ri, bu pasayishni Timo Vernerning ketishi bilan izohlash mumkin. Umuman olganda, futbolchi himoya chizig‘idan tashqari, barcha pozisiyalar - lateral, markaziy yarim himoyachi, vinger, o‘nlik, «soxta to‘qqizlik» vazifalarini ado eta oladigan universal o‘yinchi maqomiga ko‘tarildi. Muhimi, barcha pozisiyalarda samarali va ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Shundan keyin Kris Fransiya terma jamoasi tarkibida kechiktirilgan Yevro-2020 turnirida to‘p surish niyatida edi. Biroq Didye Desham iqtidorli xavbekka ishonch bildirmadi.

2021|2022 yillar mavsumida Nkunku yorqin faoliyatini davom ettirdi va top-klublar e’tiborini tortdi. Mavsum avvalidagi inqirozga qaramasdan, «RB Leypsig» Domeniko Tedesko rahbarligida YELning yarim finaligacha yetib bordi, Germaniya Kubogini qo‘lga kiritdi. Bunda 52ta o‘yinda 35}20 ko‘rsatkichni qayd etgan Krisning ulushi ulkan bo‘ldi. Chunki u sermahsullik bobida Leo Messi darajasida to‘p surgandi. Qo‘shimchasiga, u mavsumda 4 marta oyning eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo‘lgan dastlabki o‘yinchi bo‘ldi.

2022 yil avvalida nihoyat, Nkunku terma jamoadan chorlov oldi, noyabrda esa JCH-2022 ishtirokchilari ro‘yxatiga kiritildi. Biroq afsuski, mundial arafasidagi mashg‘ulotlarning birida jarohat oldi va musobaqada qatnasha olmadi. OAV kutilmagan yo‘qotishni amaldagi jahon chempionining tavqi-la’natga duch kelganiga yo‘yishdi, ammo terma jamoa Nkunkuning ko‘magisiz ham qatorasiga ikkinchi marta finalga yetib bordi. Biroq aynan shu hal qiluvchi bellashuvda Krisning yo‘qligi bilindi. Aks holda, Fransiya yana shohsupaga ko‘tarilishi mumkin edi. Fransiyalik iqtidor Levandovski, Xoland va Sanchodan keyin haqli ravishda Bundesliganing eng yorqin o‘yinchisi maqomiga ko‘tarildi. Unga muntazam ravishda 2-hujumchi pozisiyasida to‘p surish huquqining berilishi darvozaga yanada yaqinroq hududda to‘p surish imkoniyatini berdi.

«Chelsi»da Nkunkudan nimalarni kutish mumkin?

Kristofer Londonga aynan birinchi darajali universal maqomida yo‘l olmoqda. «Chelsi» shunchaki, o‘rtamiyona hujumchilarga pul sarflamoqchi emas. Shu bois, to‘qqizlik pozisiyasi fransiyalik o‘yinchiga berilishi kerak. Boshqa tomondan, Pochettino uchun hujumchining ish qobiliyati juda muhim. Bu jihatdan Nkunku - aynan argentinalik murabbiy izlayotgan o‘yinchi.

Mazkur transfer xususida Todd Bouli va «Chelsi» menejerlari o‘tgan yili muzokara olib borishgan, taxminan 60 mln. yevroda to‘xtashgandi. «Ko‘klar»ning qishda Mudrik, Enso va boshqa futbolchilarga sarflagan mablag‘lari oldida bu arzimas chaqadek ko‘rinadi. Zamonaviy futbol strategiyasiga zid o‘laroq, bu kelishuvlar murabbiyga mos emasdi. Biroq Maurisio Pochettino Kristoferni yangi, yerliklarga xos bo‘lmagan saviyaga olib chiqa oladigan murabbiydek ko‘rinmoqda. Yangi mavsum bu masalaga oydinlik kiritadi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 26.07.2023.
O'qildi: 2362 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.