Ispaniya futbol federasiyasi prezidenti Luis Rubiales JCH-2023 finalidagi g‘alabadan keyin ayollar terma jamoasining a’zosi bo‘lmish Ermosodan bo‘sa oldi.
Tabiiyki, bu odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan holat. Luis, uzr so‘rash bilan noqulay vaziyatdan chiqib ketishi mumkin edi. Biroq u kechirim so‘rash o‘rniga, hujumga o‘tishni ma’qul ko‘rdi va shunga yarasha javobni oldi.
Tortishuv shu qadar qizg‘in tus oldiki, Rubialesning do‘sti, FF bosh kotibi Andreu Kamps UYEFAga rasmiy turnirdan chiqib ketish xususida hujjat yo‘lladi. Natijada ispaniyalik mutasaddilarning o‘zlari «Real», «Barselona», «Atletiko» va «Real Sosyedad» klublarini YECHL turniridan mahrum etishgani uchun klublar shantaj qila boshladilar.
Shuningdek, Cheferinga hukumat rahbarlarining futbol ishlariga aralashayotganlari haqida shikoyatlar yo‘llashdi. Qonunga ko‘ra, bu ham diskvalifikasiyaga olib keladi. Ikki nafar amaldor o‘z manfaatlarini ispan futboli manfaatlaridan ustun, deb hisoblayaptimi? UYEFA rahbari Kamsning o‘z boshlig‘ini himoya qilishga qaratilgan urinishini inobatga olmadi.
Rahbarning bir qator ajabtovur qarorlaridan keyin, qirollik FF a’zolari Rubialesga iste’foga chiqishni taklif etishdi. Luis taklifni rad etgach, uni tergov qilish uchun 90 kunga lavozimidan chetlatishdi. Ispaniyadagi turli terma jamoalarning a’zolari agar amaldor ketmasa maydonga tushmasliklarini bayon etishdi. Nima uchun Ermosoga tahdid o‘tkazilgani va qarindoshlari nazorat ostiga olingani ko‘pchilikka noma’lum. Bu - ta’qib. Ispaniyada «machizm»ga qarshi kurash ketmoqda.
rubal.jpg
Rubialesga qarshi bir qator ishlar qo‘zg‘atilgan
Amaldor o‘zini yuvosh qo‘zichoqdek tutmoqda, yig‘lab yuboradigan darajada. Biroq federasiyadagilar Ermoso nomidan uning o‘zi ko‘rmagan ma’lumotni chop etishdi, unga va oilasiga bosim o‘tkazishdi. Bunday qo‘pol munosabat qayerdan keldi? Javobi mablag‘da. Rubiales ishtirokidagi korrupsion ishlar tergov qilinadi.
Ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ishlar yetarli bo‘lsada, federasiya rahbarining Nyu-Yorkka uyushtirgan dabdabali sayohati diqqat markazida turibdi. U federasiyaga tegishli pullarni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin. Futbolchi qizni o‘pgani esa navbatdagi salbiy axborotlar oqimini to‘xtatish maqsadida advokatlar maslahati bilan qilingan harakat bo‘lishi mumkin. Agar bu isbotlansa, «piar»chilar jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘ladilar, talafot juda katta.
Ispan futboliga daxldor kishilar qandaydir yaltirbosh kishi ularning ayoli, singlisi yoki qizini quchib, labidan bo‘sa olishini tasavvur qilishdi. Odobsizlik kamera qarshisida yuz berdi. Uholda, futboldagi ayollarga yopiq eshiklar ortida qanday munosabatda bo‘lishadi? Barchani darg‘azab qilgan narsa shu. Ayollar sportidagi zo‘ravonlik taqiqlangan. Bu yerda esa futboldagi bosh rahbar kamera qarshisida ochiqchasiga bema’nilik qilmoqda. Nafaqat Isko va «Betis»ning boshqa futbolchilari, ko‘plab muxlislar ham rubialesning iste’fosini talab qilishdi. Inyesta prezidentni ispan futboliga isnod keltirganlikda aybladi. Luis o‘zgalarning shonli daqiqalarini o‘g‘irladi. Boz ustiga, tarixiy g‘alabani keltirgan yagona golni yaqinda otasidan yetim qolgan Olga Karmona amalga oshirgandi.
«Real» laterali o‘yin paytida otasining o‘limidan bexabar, bor kuch-mahoratini g‘alabaga sarfladi. Hamma avvalo, mana shu qizni olqishlashi kerak edi. Shu sababli 3 nafar qizaloqning otasi bo‘lmish Andres ham uzr so‘rash o‘rniga futbolchi qizga zug‘um o‘tkazgan prezidentdan nafratini ayamadi.
Luis o‘zini himoya qilish harakatiga onasini jalb etdi
Rubiales anchadan beri g‘ayri,tabiiy qarorlari bilan jamoatilikni hayron qoldirib kelmoqda. JCH-2018 arafasida u Lopetegini «Real» bilan shartnoma imzolagani uchun Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ozod etgandi. Keyin Cherchesovga mundialning chorak finalida to‘p surish imkoniyatini sovg‘a qildi. Endi surbetligi bilan ko‘pchilikning nafratini qo‘zg‘adi.
Futbol olamida yirik amaldorlarichalik surbet va takabbur shaxslarni topish juda qiyin. Ular yirik turnirlarning qur’a tashlash tadbirlarida o‘ta muloyim tabassum bilan xuddi Infantino yillar davomida namoyish etganidek jamoalar haqida avvaldan tayyorlab qo‘yilgan faktlarni o‘qishdan boshqasiga yaramaydilar. Lekin ular qandaydir xatoga yo‘l qo‘ysalar, onajonlari panohiga yashirinib, suvdan «quruq» chiqishga urinadilar. 46 yoshli Rubiales o‘z onasini siyosiy mojaroga jalb etishdan uyalmadi. Onasi esa o‘g‘lini tanqid qilganlarga norozilik belgisi sifatida ochlik e’lon qilib, cherkovdan chiqmay qo‘yganmish.
Rubiales - amaldorlar sulolasi vakili. Uning otasi ajdodlarining qadrdon shahrida uzoq muddat mer lavozimida ishlagan. Mahalliy kishilarning aytishlaricha, Rubialeslar shahardagi barcha korxonalaru muassasalarni sotib olishgan, hammani ular boshqaradilar. Tanish-bilishlarining yordamida FFga kirib olgan Luis ulkan daromad keltiradigan tashkilotni qo‘ldan chiqarishni istamaydi, albatta. Axir u yerda milliardlar taqdiri hal etiladi.
Ispaniya esa JCH-2030 mezbonligiga asosiy da’vogarlardan biri. Federasiya prezidentining do‘stlari va yaqinlariga tegishli firmalar katta foyda umidida ishga kirishganlar. Matbuotda esa ajabtovur materiallar chop etildi. Jumladan, avtobusda ketayotgan futbolchi qizlar Rubialesning hatti-harakatlarini muhokamasi tushirilgan videolavha ham namoyish etildi. Biroq unda Luisning foydasiga ishlaydigan dalillar yo‘q. Aksincha, Ermoso uni boshidan quchoqlab olgan rahbardan qattiq xafa.
Rubiales federasiya prezidiumini to‘plab, birgina bo‘sa uchun lavozimidan voz kechmasligini aytib baqirgani jamoatchilikka umuman yoqmadi. Yig‘ilish ularga diktator Franko davrini eslatdi. Asosiy mojarolar, jumladan, La Liga klublarini yevrokubok musobaqalaridan mahrum etishga qaratilgan kulgili urinishlar bo‘sa voqeasidan keyin yuz berdi. Lekin avvalgi xatolari uchun ham Rubiales iste’foga loyiq bo‘lib qolgandi. Pike o‘zining firmasi yordamida Ispaniya Superkubogini Saudiya Arabistoniga ko‘chirdi. Buning uchun Jerarga 24 mln. yevro berishdi. Bu voqeada qing‘irlik yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Shuningdek, Rubiales hakamlar rahbari Negreyra oilasiga «Barselona» g‘aznasidan pul berilganidan ham bexabar qoldi. federasiyadagi hakamlar xonadonlarni naqd pulga sotib olishadi. Millionlab yevrolar qayerdan kelgan? Agar prokurorlar korrupsiyani isbotlasalar, Luis turmaga yo‘l oladi. Amaldor - kishilar tomonidan yollangan menejer, ayblab bo‘lmaydigan farishta emas. Ispaniyaliklar JCH-2030 mezbonligi uchun kurashni obro‘-e’tiborini poymol qilgan shaxsga ishonib topshirmasliklari kerak.