Yaqinlashib kelayotgan Osiyo o‘yinlari munosabati bilan o‘zbekistonlik bokschilarning musobaqadagi ishtirokiga oid ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng ilk marotaba 1994 yilda terma jamoa sifatida Xirosimadagi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan.
O‘sha musobaqada charm qo‘lqop ustalarimiz 4 ta medal (2 ta oltin va 2 ta bronza) qo‘lga kiritishgan:
Oltin: Alisher Avezbayev, Oleg Maskayev
Bronza: Narimon Atayev, Dilshod Yorbekov
O‘zbek bokschilari o‘sha Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egallashgan.
1998 yilda Bangkok mezbonlik qilgan Osiyo Olimpiadasi 4 yil oldingiga nisbatan muvaffaqiyatli kechgan. Bokschilarimiz umumiy hisobda 9 ta (3 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza) medallariga ega chiqishgan.
Oltin: Muhammadqodir Abdullayev, Sergey Mixaylov, Ruslan Chagayev
Kumush: Timur Tulyakov, To‘lqinboy Turg‘unov, Timur Suleymanov, Dilshod Yorbekov
Bronza: Narimon Atayev, Lazizbek Zokirov
Vakillarimiz o‘shanda 9 ta medal qo‘lga kiritib medallar soni bo‘yicha birinchi bo‘lishgan. Medallar sifati bo‘yicha esa mezbonlardan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaganmiz.
2002 yili Pusan mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston gegemoniyasi boshlangan. Bahslarda vakillarimiz 9 ta medal (5 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza) qo‘lga kiritganlar.
Oltin: Dilshod Mahmudov, O‘tkirbek Haydarov, Ikrom Berdiyev, Sergey Mixaylov, Rustam Saidov
Kumush: Bekzod Xidirov
Bronza: Baxit Sarsekbayev, Sherzod Husanov, Sirojiddin Naimov
Terma jamoamiz Janubiy Koreya mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan.
Qit’adagi yetakchilik 2006 yilgi Osiyo o‘yinlarida ham davom ettiriladi. Vakillarimiz Doha mezbonlik qilgan musobaqadan 6 ta (3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza) medali bilan qaytishgan.
Oltin: Bahodirjon Sultonov, Elshod Rasulov, Rustam Saidov
Kumush: Jasur Matchanov
Bronza: Bekzod Xidirov, Dilshod Mahmudov
Bokschilarimiz 6 ta medalni terma jamoamiz delegasiyasiga qo‘shib qo‘yishgan va umumjamoa hisobida birinchi bo‘lganlar.
2010 yilgi Guanchjou mezbonlik qilgan Osiyo Olimpiadasidan vakillarimiz 5 ta medal (1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza) bilan qaytishgan.
Oltin: Elshod Rasulov
Kumush: O‘ktamjon Rahmonov, Abbos Atoyev
Bronza: Xurshid Tojiboyev, Sanjarbek Rahmonov
O‘sha yili bokschilarimiz umumjamoa hisobida to‘rtinchi pog‘onadan o‘rin egallashgan edi.
2014 yili Incheon mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlari o‘zbekistonlik bokschilar uchun eng muvaffaqiyatsizi deb hisoblasak bo‘ladi. Umuman olganda, o‘sha Osiyo o‘yinlari ikki yildan keyin o‘tkaziladigan Rio Olimpiadasi uchun «qurbon qilingan» desak adashmaymiz. Vakillarimiz 2014 yili Janubiy Koreyadagi Osiyo o‘yinlaridan 2 ta kumush va 2 ta bronza bilan qaytganlar.
Kumush: Shahobiddin Zoirov, Isroil Madrimov
Bronza: Oybek Mamazulunov, Mirzohid Abdullayev
O‘sha Osiyo o‘yinlarida bokschilarimiz umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallashgan.
2018 yilgi Osiyo o‘yinlari esa nafaqat o‘zbek boksi, balki butun boshli o‘zbek sporti tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan. O‘sha yili Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida bokschilarimiz 7 ta vazn toifasida 7 ta medal (5 ta oltin, 2 ta kumush) medallariga ega chiqqanlar. E’tibor bergan bo‘lsangiz, har bir vazn toifasida o‘zbek bokschilari finalga qadar yetib borganlar.
Oltin: Jasurbek Latipov, Mirazizbek Mirzahalilov, Iqboljon Xoldorov, Bobousmon Baturov, Isroil Madrimov
Kumush: Hasanboy Do‘smatov, Shunqor Abdurasulov
Bokschilarimiz Jakartadagi Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashgan.
Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zbek bokschilari Osiyo o‘yinlarida umumiy hisobda 44 ta medalni delegasiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ygan.
Shu jumladan:
19 ta oltin
12 ta kumush
13 bronza.