Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Lids»: Yangi mavsumga yangi homiylar bilan

«Lids»: Yangi mavsumga yangi homiylar bilan

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, Chempionshipga tushib ketgan «Lids» yangi homiylar bilan ish boshladi.

 Doim hujumkor o‘yini va chapaniroq tabiati bilan ajralib turadigan klub taraqqiyotiga endi basketbol yulduzi va 2 nafar golfchidan iborat trio javob beradi. Yana bir golfchiga esa «Lids»ning elitadan tushib ketgani ma’qul kelmadi va u homiylikdan voz kechdi. Xullas, jamoada yangi sarmoyadorlar guruhi faoliyat boshladi: 

Rassel Uestbruk («Los-Anjeles Klippers» klubi basketbolchisi

Jordan Spit - golfchi

Jastin Tomas - golfchi

Jordan va Jastinning kasbdoshlari Rikki Fauler esa «Lids» bilan hamkorlikdan bosh tortdi, u jamoani quyi ligada moliyalashtirishdan ma’no ko‘rmadi, chog‘i. Shu tariqa homiylik maqomi basketbol yulduzi va golfchilar duetida qoldi.

Uestbruk - Spit - Tomas uchligi ishga katta ishtiyoq bilan kirishdi. Lekin trio «Lids» boshqaruvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnasholmaydi, shuningdek, klub tizimi ham o‘zgarmaydi. Jordan Spit jamoaning APLdan tushib ketgani ko‘ngilsiz holat ekanligi, lekin 49ers Enterprises guruhi (klub sohibi) rahnamoligida muvaffaqiyatga erishish mumkinligini ta’kidlamoqda:  «Bu yerga kelishdan oldin ajoyib imkoniyatga ega bo‘lish haqida o‘yladik - ulkan shahar, tarixiy klub, «Elland Roud»dek qaynoq stadion. Kelishuv muhokamasi jarayonida bu chindan ham, qiziqarli loyiha ekanligini tushundik». Umuman, «Lids» klubga ilk marta 2018 yili sarmoya kiritgan Yorklar oilasiga tegishli. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, 49ers guruhi klub aksiyalari paketini 213 mln. dollarga xarid qilgan. Agar «Lids» APLdagi o‘rnini saqlab qolganida, bu qiymat birdaniga 500 millionga ko‘tarilardi katta ehtimol. 

«Lids» o‘tgan mavsumni tajribali Sem Ellardays boshqaruvida nihoyasiga yetkazdi. Biroq murakkab vaziyatlarda chiniqqan mutaxassis ham jadval tubiga cho‘kib qolgan jamoa­ni qutqarolmadi. Agar «Lids»ni atigi 1,5 yil avval Marselo Byelsadek daho boshqargani, keyin inglizlar Jessi Marsh yordamida «yangi Red Bull» shakllantirishga urinishganini inobatga olsak, bu o‘ta ajablanarli «cho‘kish», albatta. Endi «Lids»da na Marsh va uning o‘rnini egallagan Xavi Grasiya, na jamoani 4 martagina maydonga olib tushib, «Manchester Siti», «Vest Xem» va «Tottenxem» klublaridan yengilgan, faqat «Nyukasl» bilan bahsda durangni ta’minlagan sho‘rlik Ellardays bor. «Lids» rahbariya­ti shuningdek, «byelsalizasiya» g‘oyasining asosiy tashabbuskori sanalmish sport direktori Viktor Orta bilan ham hamkorlikni to‘xtatdi (u hozir «Sevilya»da faoliyat olib bormoqda). Chunonchi, «Lids» prezidenti Andrea Radrissani APL-2022|2023 yakuniga o‘ta salbiy baho berdi tabiiy ravishda: «Nihoyat charchadim. Ushbu muvaffaqiyatsizlikda avvalo, o‘zim aybdorman. Chidash juda qiyin. Shahar va muxlislar armiyasi bunday natijaga munosib emas».

Xullas, «Lids»ni o‘tgan mavsum Menxen­gladbaxning «Borussiya» klubini boshqargan «Krasnodar»ning sobiq bosh murabbiyi Daniel Farke APLga qaytarishga urinib ko‘radi. Vaqtida «Norvich»ni 2 marta Chempionshipda shohsupaga olib chiqqani bilan e’tiborga tushgan mutaxassis endi hammasini «Lids»da yana bir marta takrorlashi kerak. Agar shunday bo‘lsa, homiylik huquqidan voz kechgan golfchi Rikki Fauler afsus-nadomat bilan chapak chalib qoladi, aks holda...

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:40, 26.09.2023.
O'qildi: 926 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.