Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Buffon endi sport direktori bo‘lmoqchi

Buffon endi sport direktori bo‘lmoqchi

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum yakunida qo‘lqoplarini mixga ilgan «Yuventus»ning afsonaviy darvozaboni Janluiji Buffon endi klub tizimida ish boshlash niyatida

 Italiya milliy jamoasi sobiq kiperi Rds radiostansiyasi muxbirlari bilan suhbat davomida muxlislarni qiziqtiradigan bir qator mavzular yuzasidan gapirdi. Jumladan, hozirgi maqsadiga ham dangal to‘xtaldi.

- Bir qarashda, buyuk Jiji samarali faoliyatini hali tugatmoqchi emasdi. O‘zi nima bo‘ldi? 

- Ha, «Kalyari»ga qarshi kechgan «pley-off» bosqichi final o‘yinidan keyin ketish fursati yetganini tushundim. Ochig‘i, «Parma» bilan «A» seriyaga qaytishni o‘ylagandim. Hal qiluvchi uchrashuvning birinchi bo‘limi oxirida mushaklarda og‘riq va noqulaylik sezildi, bu maydondan tezda chiqib ketishimni taqozo etdi. O‘sha palladayoq katta futboldagi so‘nggi o‘yinim ortda qolganini tushungandim.

- «PSJ»dagi tajribadan nima qoldi? 

- Parijga yo‘l olishdan oldin «Yuve» bilan xayrlashishga qaror qilib bo‘lgandim. Ya’ni klubda qolishga ko‘zim yetmadi, vaholanki, jismonan mukammal holatda edim. Qisqasi, «PSJ»ga hurmat saqlagan holda aytaman, orqaga qadam tashlashimga to‘g‘ri keldi. Parijdan aprel oyi oxirida qo‘ng‘iroq bo‘lgandi. Ochig‘i, bu variantdan voz kechish ahmoqlik sanalardi. Binobarin, xorij tajribasini o‘zimda sinab ko‘rishni xohlardim. Parijda esa stratosfera darajasida o‘ynaydigan stratosfera jamoa shakllangan edi.

- Italiya terma jamoasi delegasiyasi rahbari roli yoqyaptimi?

- Ha, bu ish juda qiziqarli. Asosiysi, o‘zim uchun yaxshi tanish muhitga qaytdim. Biz bormagan yana bir mundial uchun qasos olish niyatida. Hozirgi asosiy motivasiyam - shu.

- Aytishlaricha, endi sport direktori bo‘lish uchun tahsil olmoqchi ekansiz...

- Kurslar yaqin orada boshlanadi. O‘qish jarayoni menda qo‘rquv emas, balki katta qiziqish keltirib chiqarmoqda.

- CHLda g‘alaba qozonolmaganingiz faoliyatingizdagi dog‘mi yoki...?

- Yo‘q. Aksincha, «shalpangquloq» kubokni qo‘lga kiritmaganim faoliyatimni ancha cho‘zishga undadi. Sovringa erisholmaganimdan afsuslanaman, albatta, lekin bu samarali faoliyatimni aslo xiralashtirolmaydi.

«Real»ga qarshi kechgan afsonaviy o‘yinni qanday eslaysiz?

- Barchasi - tarix. Agar o‘sha vaqtga qaytish imkoni berilsa, ayrim vaziyatlarda bosh­qacha yo‘l tutardim. Fakt shuki, o‘sha final barobarida ba’zi orzularimiz ham tugagan ekan. Shunchaki, divanda yotsangiz, ayrim so‘zlar juda kuchli tuyulishi mumkin, buni 3 oydan keyingina angladim...

- Italiya milliy jamoasining mundialga chiqolmaganidan qanchalik siqilgandingiz?

- Ikki tomonlama umidsizlik... Axir biz katta orzuni sindirdik. Jahon chempionatidan chetda qolish - butun Italiya uchun kuchli og‘riq. Afsus, shunday alamli yakunga yuz tutgan nosog‘lom yo‘lda qoldik. Oqibatda hamma Venturani omadsizlikning asosiy aybdoriga chiqardi. Lekin shaxsiy fikrimcha, murabbiy yoki jamoa natijaga erisholmasa, bunda front tashqarisidagilar ham aybdor sanalishadi. Ba’zida ularning ayb­lari yanada jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Zero, muayyan tanlovda to‘xtadingizmi, oxirigacha chekinmasligingiz kerak.

- «A» seriyaning joriy mavsumidan nimalar kutyapsiz?

- Menimcha, «Yuve» va «Inter» oxirigacha chempionlik uchun kurashadi, «Napoli» va «Milan»ning ambisiyalari qandayligini tushunish uchun esa ozgina kutish kerak. «Rossonerlar»da kuchli murabbiy bor va agar o‘yin to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ular ham skudettoga da’vo qila olishadi.

- Spalletti terma jamoa mavqeini tiklashga qodirmi, sizningcha?

- Menimcha, terma jamoaga eng yaxshi davrida turgan erkin murabbiyni topishdi. Mashg‘ulotlar payti Luchano bilan ko‘rishdim va o‘zim uchun uning yangi qirralarini kashf etdim. Yo‘q-yo‘q, murabbiy sifatida Spallettiga hech qanday shubham yo‘q edi, shunchaki, uning professio­nallik darajasidan qoyil qoldim. Bundan tashqari, Luchano psixologik jihatdan ham juda kuchli.

- Donnarumma atrofidagi voqelikka munosabatingiz...

- Terma jamoa darvozaboniga nisbatan hushtakbozlik qilishayotganini ko‘rish yoqimsiz, albatta. Buning ortida sabablar bordir, lekin afsuslanasiz, baribir. O‘ylaymanki, Jiji kuchli bosim bilan tanish va bu ishining eng qiyin qismi ekanligini tushunadi. Shaxsan men ham hushtakbozlikka uchraganman, lekin qayerdaligini aytmayman. Shunchaki, ayrim odamlar tufayli muammoga duch kelgandim. Kim kuchli bo‘lsa, bunday noqulayliklarni ham yengib o‘tadi, albatta.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:53, 29.09.2023.
O'qildi: 1428 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.