Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

YECHLda rekordchi debyutant

YECHLda rekordchi debyutant

Baho:
+ | -

«Antverpen» Belgiyada treblni amalga oshirdi - tarixda birinchi marta. Endi u YECHLda debyutini nishonladi

 2023 - «Antverpen» tarixidagi eng muvaffaqiyatli yil. Ya’ni, mamlakatning eng keksa klubi uchun - klub ramzidagi 1 raqami aynan shuni anglatadi. Aprelda jamoa finalda o‘z qo‘shnisi - «Mexelen»ni yengib, Belgiya Kubogini qo‘lga kiritdi, iyunda Alderveyreldning so‘nggi soniyadagi goli evaziga 1957 yildan beri ilk bor chempionlikka erishdi - o‘ta jozibador drama! Bu - 1966 yildan keyingi dastlabki oltin dubl. Iyul oyida jamoa yana «Mexelen»ga qarshi Belgiya Superkubogi uchun maydonga tushib, zafar quchdi.

Undan avval bir yil ichida barcha ichki musobaqalarda g‘olib chiqish hech qaysi jamoaga nasib etmagandi.

Chempionlikka erishgan «Antverpen» ilk marta YECHLda to‘p surmoqda. Bunga qadar jamoa bir marta YECHK turnirida ishtirok etgan - 1957 yildagi chempionlikdan keyin. YECHLning guruh bosqichiga chiqish uchun jamoa AYEK to‘sig‘idan o‘tishi talab etildi va uni uddaladi: uyda 1:0, Gresiyada 2:1 hisoblarida g‘alaba qozondi.

Hozir bunga ishonish qiyin, lekin «Antverpen» Belgiya oliy ligasiga atigi 6 yil avval qaytdi! Unga qadar 13 mavsumni quyi ligada o‘tkazgandi. Elitadagi 6 yil ichida jamoa 4ta sovringa sazovor bo‘ldi.

Bunchalik qudrat qayerdan keldi?

Ulkan sarmoyalarsiz ish bitmadi. Klub sohibi 115 mln. yevroni sarfladi, yana 47,5 mln.ni tayyorlab qo‘ygan. Yangi muvaffaqiyatlar ijodkorlari - niderlandiyaliklar. Bosh murabbiy va sport direktori, «Barselona»ning sobiq o‘yinchilari. Transferlar va jamoani niderlandiyalik nomdosh mutaxassislar juftligi boshqarmoqda. Sport drektori - Mark Overmars, bosh murabbiy - Mark va Bommel. Ularni bog‘lab turadigan yana bir jihat shuki, asrlar almashuvi davrida «Antverpen»ning navbatdagi raqibi tarkibida to‘p surishgan. Overmars o‘z lavozimiga o‘tgan yil bahorida keldi. Tashrif ko‘pchilikka yoqmadi. Chunki 2 oy avval uni «Ayaks»dan chetlatishgandi. Natijada «Antverpen» bir nechta homiylaridan judo bo‘ldi. Tez orada Mark sobiq jamoadoshini «Genk»dan taklif etdi. «Agar Mark bo‘lmaganida, bu yerga kelmagan bo‘lardim», degandi van Bommel dastlabki matbuot anjumanida.

Qisqa vaqt ichida Marklar dueti chempion jamoani shakllantirdi. Unda ham duetning vatandoshlari bosh rollarda bo‘lishdi: Vinsent Yanssen eng yaxshi to‘purar, Kelvin Stengs va Yurgen Ekkelenkamp eng yaxshi assistent maqomidagi sermahsul o‘yinlari bilan zafarga ulkan hissa qo‘shdilar. Ular bir yil avval aynan Marklar juftligining taklifi tufayli kelishgandi.

Yangi yil arafasida Overmars mikroinfarktni boshdan kechirib, shifoxonaga yotqizildi. Biroq Mark futbolni tark etishni xayoliga ham keltirmadi: «Yuragim 45 foizga ishdan chiqdi. Lekin meni ayab o‘tirmang. Men baxtli insonman, shunchaki, kuch-quvvatimni foydali ishga sarflamoqchiman. Hech narsa qilmagandan ko‘ra, ish ustida omonatni topshirish yaxshiroq».

Alderveyreld o‘tgan yili vataniga qaytdi va klub tarixidagi tarixiy golini urdi

2022 yilning yozida shu paytgacha Belgiya chempionatida umuman o‘ynamagan faxriy - Tobi Alderveyreld «Antverpen»ga qaytdi. Uning kelishida ham Overmarsning ta’siri katta bo‘ldi: «Bu inson bir paytlar «Ayaks»dan «Atletiko»ga o‘tishimga sababchi bo‘lgandi. Buning uchun undan minnatdorman. Mark tufayli shunday martabaga erishdim. Endi yordam berish navbati menga keldi».

Antverpen - faxriy futbolchining sevimli shahri. Uning bilagida Antverpenning asosiy obidasi bo‘lgan bosh cherkovning surati bor. «Antverpen»da sardorlik bog‘ichiga loyiq topilgan faxriy iyun oyida orziqib kutilgan chempionlik golini hadya etdi - «Genk»ka qarshi kechgan hal qiluvchi bellashuvning qo‘shimcha vaqtida darvozaning yuqori burchagiga yo‘llagan aniq zarbasi masalani hal qildi.

«Antverpen»ni RPL o‘yinchilari kuchaytirishdi

Gap Girano Kerk (navbatdagi Niderlandiya vakili) va Chider Ejuke haqida bormoqda. Yil boshida jamoa safiga qo‘shilgan Kerk sezilarli manfaat keltirdi. Fevralni samarali o‘tkazgan o‘yinchi may oyida «Bryugge» va «Genk» (oltin gollarning biri) darvozalarini ishg‘ol etdi, avgustda esa YECHLning pley-off bosqichi saralashida AYEKni mahv etishga yordam berdi. Ejuke esa Belgiyaga iyul oyida keldi va hozircha 30 daqiqa to‘p surdi.

Bu futbolchilar yangi yilning 30 iyuniga qadar «Antverpen» sharafini himoya qiladilar. Farqi - Girano «Lokomotiv»dan ijara asosida o‘tgan, Chider esa rostmana kelishuvga imzo chekkan.

«Antverpen» ichki chempio­natni passivroq boshladi

Avvalgi mavsumda qatorasiga 9ta g‘alabaga erishgandi. Hozirda «Antverpen» 12 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda. Jamoa «Serkl Bryugge», «Kortreyk» va «Vesterlo»dan ustun keldi, «Leven», «Yunion» va «Molenbek» bilan durang o‘ynadi, «Anderlext»ga imkoniyatni boy berdi.

Avvalgi mavsumni jamoa o‘ta muvaffaqiyatli o‘tkazdi, qatorasiga 9ta o‘yinni o‘z foydasiga hal etib, 1931 yilda qayd etgan rekordini yangiladi. Qo‘shimchasiga, musobaqani eng ishonchli himoya bilan yakunladi: 40ta uchrashuvda atigi 34ta gol o‘tkazib yubordi. Barcha bellashuvlarda maydonga tushgan darvozabon Jan Byute 20ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minladi.

Chempionatning eng yaxshi yosh iqtidori «Antverpen»da. Uni «Barsa»ga bichishmoqda. Uning nomi Artyur Vermeeren. U 18 yoshda, o‘tgan mavsumni Birinchi milliy ligada to‘p suradigan «Antverpen» filiali - «Yang Reds»da boshlagandi. Lekin oktyabrda keskin o‘zgarish yuz berdi - taniqli yarim himoyachi Raja Nainggolan sportchiga xos bo‘lmagan intizomsizligi uchun asosiy tarkibdan chetlatildi. Uning o‘rnini egallagan Vermeren 2-davrada to‘liq to‘p surdi. O‘zining mahorati va sovuqqonligi bilan muxlislar va mutaxassislar mehrini qozongan futbolchi chempionat yakunida «mavsum kashfiyoti» unvoniga sazovor bo‘ldi, keyin esa Golden Boy mukofotiga loyiq topilgan 100 nafar futbolchi orasida 12-o‘rinni egalladi. May oyida «Barselona» uni Serxio Busketsning vorisi maqomida e’tirof etgan, shuningdek, «MYU» ham da’vogarlar safiga qo‘shilgandi. Hozircha Vermeren asosiy jamoaga yagona, lekin o‘ta muhim golni hadya etdi - pley-off bosqichining 3-turida «Bryugge» darvozasiga 97-daqiqada yo‘llagan aniq zarbasi «Antverpen»ga g‘alaba keltirdi.

Rekordchi debyutantning YECHL guruh bosqichidagi startiga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Barselona»dek favoritga qarshi safar bahsida yirik mag‘lubiyatga uchradi. Biroq «Antverpen» keyingi 2 uchrashuvni o‘z maydonida, «Shaxtyor» va «Portu» klublariga qarshi o‘tkazadi. Ana shu o‘yinlarda ijobiy natijaga erishsa, ajabmas.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:54, 03.10.2023.
O'qildi: 2586 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.