Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Bundestimda navbatdagi inqilob

Bundestimda navbatdagi inqilob

Baho:
+ | -

Germaniya terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

36 yoshga chiqqunga qadar eng yuksak saviyada (jumladan, «Bavariya»da) ishlagan Yulian Nagelsmann endi bundestimni boshqaradi. Kelasi yili bo‘lajak Yevro turnirida mezbon maqomida ishtirok etadigan jamoaga munosib ustoz bo‘lish - o‘ta mas’uliyatli yumush. Nagelsmann bu vazifani uddalay oladimi? Umuman, u qay tariqa mazkur lavozimda paydo bo‘ldi?

Flik varianti omadsiz chiqdi

Lyovning bundestimdagi davri tarixga aylangani oydinlashgach, yangi nomzodni topish uzoqqa cho‘zilmadi - mutasaddilar 2019|20 yillar mavsumida «Bavariya» bilan klub tarixidagi eng yorqin o‘yinlarni namoyish etgan Xansi Flikni taklif etishdi. Qolaversa, Flik bundestim uchun begona emasdi. U uzoq yillar davomida turli lavozimlardagi samarali xizmatlari bilan terma jamoa muvaffaqiyatlariga (jumladan, JCH-2014dagi zafarga) munosib hissa qo‘shgandi.

Xansi Myunxenda ham zargarona nafislik bilan mukammal mexanizmni yaratib, barcha turnirlardagi 86ta uchrashuvda 70ta g‘alabaga erishdi va ichki chempionlikni treblga aylantirdi. Shu sababli bundestimning nuqsonsiz mashinaga aylanishi taxmin qilingandi. Boshlanishi chakki bo‘lmadi - Flikning debyuti umumiy 33:2 hisobida yakunlangan 8ta g‘alabalar seriyasi bilan nishonlandi. Mag‘lubiyatsiz seriya esa 15taga yetdi. Bir yil davomida murabbiy mag‘lubiyat nima ekanligini bilmadi. Shundan keyin Vengriyadan qabul qilingan minimal hisobdagi mag‘lubiyat Qatar mundialidagi omadsizlikka ulanib ketdi. Nemislar Kosta-Rika va Yaponiya bo‘lgan guruhdan chiqa olmadilar, qit’adoshlarimizga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdilar.

JCHdan keyin murabbiy vaziyatni yaxshilash uchun turli choralarni qo‘llay boshladi - 6ta o‘rtoqlik uchrashuvida 4ta taktik sxemani sinab ko‘rdi, o‘yinchilarni to‘xtovsiz ravishda almashtirib turdi. Lekin ijobiy siljishga erisha olmadi. Jamoa faqat Peruni yenga oldi (1:0), Ukraina bilan bazo‘r durangga (3:3) erishdi, Belgiya, Polsha, Kolumbiya va Yaponiyadan yengildi. Qatarda bundestimni ranjitgan yaponlar bu gal yanada yirikroq hisobda (4:1) taslim etishdi.

Ana shu sharmandali mag‘lubiyat germaniyalik muxlisu-mutaxassislar sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Nemis futbol ittifoqidagilar murabbiy iste’fosini e’lon qilish chog‘ida o‘z uyidagi Yevro turniri arafasida jamoa ijobiy turtkiga muhtoj ekanligini, Xansi esa buni uddalay olmasligini ta’kidladilar. Shuningdek, Flik va uning shtabini hurmat qilishlari, lekin unga imkoniyat berish uchun vaqt qolmaganligini bayon etdilar va Nagelsmanni tayyorlashga kirishdilar.

Nima uchun aynan Nagelsmanni?

Lyov hamda Flik kabi Nagelsmannda ham qanoatlansa bo‘ladigan raqobatchi yo‘q. Yulian yosh, malakali, taniqli va mustaqil mutaxassis, nemis yigiti ekanligi ham mahalliy FI uchun muhim ahamiyatga ega. Unga o‘xshash nomzodlar - Klopp va Tuxel esa o‘z klublarida bandlar. Nagelsmann esa ishsiz.

Mutasaddilarning asosiy muammolari shunda ediki, Yulian o‘z imkoniyatlari va xohish-istaklarini yaxshi bilardi. Shu sababli, mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, muzokaralar o‘ta qiyin kechdi. Bir tomondan, o‘z yurtidagi yirik turnirda ishtirok etish u uchun tarixiy voqea bo‘lardi. Lekin boshqa tomondan, bundestimdagi mashaqqatli mehnat tufayli, u top-klublardagi lazzatli faoliyatdan chetda qolardi.

Biroq muzokarani sekinlatgan qandaydir shartli «Chelsi»ning hamkorligini qo‘ldan chiqarishda emasdi - asosiy to‘sqinlik mablag‘ bilan bog‘liq edi. Yulian iste’foga chiqqanidan keyin ham «Bavariya»dan pul olib turgan, 2026 yilga qadar 20 mln. yevroga yaqin olishi ham mumkin edi. GFI esa shu muddat uchun 10 mln. taklif etishi mumkin edi. Amalda esa bundan ham oz, Yevro-2024 tugaguniga qadar 10 oylik shartnoma taklif etishdi.

Shunga qaramasdan, Nagelsmann mo‘may daromaddan voz kechib, terma jamoaga o‘tdi. Endi uni «Bavariya» bilan bog‘lab turgan rishta yo‘q, 2026 yilgacha oladigan 20 mln. o‘rniga 2024 yilgacha atigi 4 «limon»ga ega bo‘ladi. U yog‘i - omadga bog‘liq. Maqtovga arziydigan tanlov, lekin u xato qilmadimi?

Oson bo‘lmaydi

Nemis saytlaridan biri Flikning muvaffaqiyatsizligiga o‘ta aniq baho bergandi: «Terma jamoada Xansi «Bavariya»da amalga oshirgan ishlarining teskarisini bajardi. Maydonda u uchun to‘p surgan o‘yinchilar ham oltin bolalar emasdi».

Qisqa va o‘ta aniq e’tirof. «Bavariya» bilan erishgan shon-shuhratdan keyin Flik hech kimni mensimay qo‘ydi, oddiylik, ishonuvchanlik va barqarorlik xislatlarini yo‘qotdi: har bir o‘yinda tushunish qiyin bo‘lgan qarorlarni qabul qiladigan bo‘lib qoldi - bu endi uning musibati.

Biroq «oltin bolalar» bilan bog‘liq falokat Nagelsmanni ham tinch qo‘ymasligi mumkin. Hozirgi bundestim - faxriylar, beqaror yoshlar va o‘tkinchi personajlardan shakllangan tuzsiz aralashma. Flik ularni boshqara olmadi, jumladan, ruhiy jihatdan. Endi-chi? Nagelsmanning uslublari faxriy futbolchilarga mos keladimi? Ustiga, ustak, Yulian - nafis ijod va murakkab mexanizmlarni xush ko‘radi. Muhim turnirga talab darajasida tayyorgarlik ko‘rish uchun esa vaqt juda kam qolgan. Umuman olganda, muammoli jamoa, murakkab murabbiy va cheklangan vaqt. 

Xullas, hozircha mazkur hamkorlikdan kim ko‘proq manfaat olishi xususida fikr bildirish juda qiyin. Nagelsmann kattagina mablag‘dan va ehtimol, serdaromad klubda ishlash imkoniyatidan judo bo‘ldi, federasiya xavotirda, faqat «Bavariya» qisman bo‘lsada, tejab qolingan vositalardan mamnun.

Yozda barcha futbol muxlislarini Yevro-2024 kutmoqda. Bundestim oxirgi marta 1996 yilda nufuzli turnirda g‘olib chiqqandi. Zafarli yurish takrorlanadimi? Ishonish qiyin.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:01, 04.10.2023.
O'qildi: 1390 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.