Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/06 00:00 Germaniya 2-0 Daniya
30/06 05:00 Kanada 0-0 Chili
30/06 05:00 Argentina 2-0 Peru
30/06 20:00 Nasaf 3-2 Navbahor
30/06 20:00 Metallurg 1-4 Olimpik
30/06 21:00 Angliya 2-1 Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya 4-1 Gruziya
01/07 05:00 Yamayka 0-3 Venesuela
01/07 05:00 Meksika 0-0 Ekvador
01/07 19:30 Neftchi - Paxtakor
01/07 21:00 Fransiya - Belgiya
02/07 00:00 Portugaliya - Sloveniya
02/07 06:00 AQSh - Urugvay
02/07 06:00 Boliviya - Panama
02/07 21:00 Ruminiya - Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya - Turkiya

Erling Xoland: «Menga ham kostyum kiyib, sahnada intervyu berish yoqadi...»

Erling Xoland: «Menga ham kostyum kiyib, sahnada intervyu berish yoqadi...»

Baho:
+ | -

Erling Xoland «Manchester Siti»ga o‘tganidan beri Buyuk Britaniyadagi o‘zining ilk katta intervyusini The Telegraph nashriga berdi.

Unda «maxluq» golni his qilish qobiliyati, Pep Gvardiola bilan ishlash, Angliyadagi bosim, otasining ta’siri va boshqa ko‘plab mavzularda gapirdi. Biz esa ushbu suhbatning qiziqarli qismlarini e’tiboringizga havola qilamiz

- Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonganingizdan keyingi his-tuyg‘ularingiz haqida gapirib bersangiz.

- Hayotdagi eng katta orzularimdan biri amalga oshdi. Men buni bolaligimdan orzu qilardim va endi bunga erishdim - ajoyib tuyg‘u bor edi o‘sha lahzalarda. Men juda xursand bo‘ldim. Bosh hakamning oxirgi hushtagidan 30 soniya o‘tganidagi eng yaxshi lahza. Umid qilamanki, hayotda xuddi shunday tuyg‘uni yana boshdan kechiraman.

- Xoland har kuni ertalab YECHL madhiyasi ostida uyg‘onishini hamma biladi. Hozirchi?

- Mana, bugun ertalab soat 8:15da ham yangradi. Bu kuy hali ham meni to‘lqinlantiradi.

- Eng mashaqqatli vazifa - trebl ham zabt etildi. Endi nima bo‘ladi?

- Men uchun hamma narsa juda aniq. Endigi eng katta orzu - bu treblni takrorlash. Tasavvur qilib ko‘ring-a! Bu juda oddiy. Men gol urganimda ham shunday deyman: «Ha! Men bu tuyg‘uni yaxshi ko‘raman va buni yana qilishni xohlayman». YECHL borasida ham xuddi shunday. Men uni yutdim va yana kubokni boshim uzra ko‘tarishni juda-juda xohlardim. O‘z-o‘zidan bu g‘alaba qozonishga undaydi. Men har qachongidan ham ochman.

- Xet-triklardan keyin olgan to‘plaringiz ham ko‘payib qoldi. Ularni nima qilasiz?

- Menimcha, ular allaqachon 19taga yetib qoldi. Ularni Norvegiya, Angliya va Ispaniyadagi uylarimda saqlayman. Menda ajoyib bir tizim bor - bitta yigit shisha stendlar yasaydi. Xet-trikdan keyin har bir to‘pni olib, eslab qolish uchun unga sana va shunga o‘xshash detallarni yozaman.

- «Oltin to‘p» haqida nima deyish mumkin?

- Otam har doim aytadi: «Qanday kubok yoki shaxsiy sovrin olishingdan qat’iy nazar, sen har doim qilayotgan ishingni qadrlaydiganlarni hurmat qilishing kerak». Bu mening boshimga tushdi. Mukofotlar allaqachon mavjud, demak, men to‘g‘ri ish qilyapman. Menga ham kostyum kiyib, sahnada intervyu berish yoqadi... «Oltin to‘p» borasida ham shunday. Yolg‘on gapirmayman, uni qo‘lga kiritsam, juda yaxshi bo‘lardi. Ammo bu asosiy maqsad emas, muhimi - jamoaning taraqqiyoti, sovrinlar qo‘lga kiritishi, keyin esa boshqa narsalar haqida o‘ylasak bo‘laveradi.

- Siz gol urgan o‘yinlardan ko‘ra, maydonni golsiz tark etgan uchrashuvlarni ko‘proq gapirishadi...

- Ha, odamlar men gol urmaganimda, gol urganimdan ko‘ra ko‘proq hayron bo‘lishadi! Norvegiya ommaviy axborot vositalari, men gol urmaganimda, «Gol urmadi!» sarlavhali maqolalar yozishadi. Bu yaxshi. Bundan umuman shikoyat qilmayman, axir gol urish uchun «Siti»ga o‘tdim!

- Bosimga qanday munosabatda bo‘lasiz?

- Bosim juda katta edi. Yangi mamlakatga keldim, hammaning ko‘zi menda edi, odamlar: «U birinchi yilda o‘zini ko‘rsata oladimi? Unga vaqt kerak» va shunga o‘xshash narsalarni gapirardi. Men ham kelib, natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatdim - ha, aynan shunday qildim. Bosim jiddiy edi, lekin bunday vaziyatlar menga yoqadi.

- Unday bo‘lsa, qachon hammasi osonlashdi?

- Premyer-ligada zafar quchganimizda. Chunki butun mavsum davomida bizga «Arsenal» tomonidan jiddiy bosim o‘tkazildi. «Siti» bundan oldin ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan edi va agar men klubga kelganimda jamoa unvonsiz qolsa, u quyidagicha ko‘rinardi: «Shumi hammasi? Sen kelguningcha biz g‘alaba qozondik - endi esa sen bilan chempion bo‘lolmayapmiz!» Shunday ekan, APLda g‘alaba qozonish jonimga oro bo‘ldi.

- Gvardiola bilan ishlash qanday?

- Pep bilan ishlash oson emas - u juda talabchan. Bu yerga ko‘chib o‘tgunimcha u bilan gaplashganimda, shunday dedi: «Menga farqi yo‘q, xohlagan narsangni qil. Ammo mening mashg‘ulotlarimda diqqatli bo‘lishing kerak. Bunday bo‘lmasa, uraman!» U «Siti»ga o‘xshaydi - jamoa va klub sifatida, shuning uchun ular juda muvaffaqiyatli. Sen har kuni bir soatlik mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratishing kerak, keyin dam olish mumkin, futbol haqida o‘ylamasa ham bo‘laveradi. Sen o‘ylab, maydonda rivojlanasan, qachonki unga e’tibor qaratsang, albatta. Pep aynan shu narsani talab qiladi.

- Gvardiola qo‘l ostida o‘sdim, deb o‘ylaysizmi?

- Ha, juda ko‘p. O‘zimni yanada tajribali his qilyapman. O‘tgan mavsumda 53ta o‘yinda maydonga tushdim. Bu mavsumda qaysi jihatlarda yaxshilanganimni ko‘rasiz. Yoki, ehtimol, allaqachon ko‘rgandirsiz.

- Otangiz Alfi APLda uzoq vaqt o‘ynagan. Siz ham Lidsda tug‘ilgansiz, ammo Angliya terma jamoasida o‘ynashni istamadingiz...

- Men norvegiyalikman. Bu haqda hech qachon o‘ylamaganman. Bolaligimda unga qarab: «Oh, u APLda, men u yerda o‘ynashim kerak. Bu har doim xayolimda edi. Norvegiyada har kuni futbol o‘ynardik, shunda ham men «otamdan yaxshiroq bo‘lishni xohlayman», deb o‘ylardim. Va o‘z ustimda ishlashni davom ettirdim. Bunday motivasiyani topish yaxshi. Ota-o‘g‘il har kuni gaplashamiz. U mening otam, lekin qaysidir ma’noda akamdek. Biz muloqot qilamiz, biz haqiqatan ham yaxshi munosabatdamiz. Biz yaxshi do‘stmiz va bu juda muhim. Agar futboldan voz kechmoqchi bo‘lsam, u qarshilik qilmasdi. U golf o‘ynashni yaxshi ko‘radi, shuning uchun balki golfchi bo‘lardim!

- Golfchimi?

- Yoshligimda gandbol, futbol, golfni birdek o‘ynardim. Keyin onam bilan yengil atletikaga bordim. Va hammasida yaxshi edim. Akam bilan uzoq vaqt davomida turli xil sport turlari bilan shug‘ullandik va tezda muvaffaqiyatga ham erishdik. Ikkalamiz ham uzun bo‘yli, jismoniy holatimiz sportning barcha turi talabiga javob beradi. Golf chindan ham o‘zimga yoqadi, lekin otam bosim o‘tkazmadi va majburlamadi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 00:10, 24.10.2023.
O'qildi: 1163 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.