Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Futbol va rasizm haqida

Futbol va rasizm haqida

Baho:
+ | -

Yaqinda Angliya futbol assosiasiyasi Alexandro Garnachoga rasizm bo‘yicha ish ochdi va futbolchi qanchadir jarima to‘lashi, hatto bir nechta o‘yinga diskvalifikasiya qilinishi mumkin. Sababi oddiy, Garnacho jamoadoshi, afrikalik darvozabon Andre Onana so‘nggi daqiqalarda penalti qaytargach, o‘yindan keyin istagramda unga atab post va maymun aks etgan smaylik qo‘ydi. Futbolchi darhol postni o‘chirgan, Onana esa, bundan xafa emasligini, o‘zaro hazil ekanini yozdi ham, lekin kech.

Ikki yil oldin shunga yaqin voqea Edison Kavani bilan bo‘lgandi - u urugvaylik do‘stiga tvitterda «qoravoy» deb murojaat qilgan. Futbolchi bu Urugvayda oddiy erkalovchi so‘z ekanini har qancha tushuntirmasin, inglizlar qabul qilishmadi, Kavani jazolandi, jarima to‘ladi, uch o‘yinga chetlatildi.

Yoki Bernardu Silvani eslash mumkin. Jamoadoshi Mendiga hazillashib  uning bolalik surati va unga o‘xshash bo‘lgan shokolad logotipidagi bolakayni rasmini qo‘ygan va unga ham ayblov e’lon qilingandi.

O‘zaro hazillar, hech kim xafa emas, judayam oshirib yuborishmadimi?

Menimcha, yo‘q. Gap Kavanining do‘sti yoki Onana, Mendi buni qanday qabul qilinishida emas. Rasizmga qarshi kurash ketar ekan, juda muhim nuqta shuki, kimdir birovni haqorat qilgan va jabrlanuvchi shikoyat qilgan paytlardagina aralashish emas, bu shundog‘am bor, haqiqiy kurash stereotiplarga qarshi tura olishdir. Bu xavfliroq, bir qaraganda, yuvoshgina, hech kimni xafa qilmaydigan so‘zlar, ammo shunisi bilan xavfli, xuddi bo‘g‘doydan ko‘ra arpa o‘g‘rilashdagi farqqa o‘xshaydi, bo‘g‘doy qimmat, o‘g‘irlash yomonligini hamma biladi, arpa arzimas narsa, bo‘laveradi deb odatga aylanib qolishi yomon. Nega De Xea sakrasa mushukka o‘xshatiladi-yu, Onana maymunga?

Masala shunda. Onana xafa bo‘lmasligi mumkin, lekin bu yerda irqiy ajratish, farqlash bor ekan, boshqa afrikaliklarga ham tegadigan jihat. Dunyoda hech kim xafa bo‘lmasa ham, bunday stereotipning borligi noto‘g‘ri, shu bilan kurashish ham juda muhimdir.

O‘zim bilan bog‘liq bir voqeani esladim. Yaqinda, o‘tgan yilimidiyey, tvitterda  «ofis uchun eng zo‘r kofe damlovchi apparat» haqida so‘rashganda, «Natasha» deb javob bergandim. Shunchaki, hazil. Latifayam bor shunaqa. Kimdir kuldi. Noto‘g‘ri ekanligini aytishdi. Ayollarga nisbatan. Noto‘g‘ridir, deb o‘yladim, o‘chirdim, uzr so‘radim, ammo bilmadim, rostanam aybimni tushundimmi, yo‘qmi, balkim hoziram bu oddiy gapdek tuyular, ko‘chada kimdir shunaqaroq latifa aytsa, bunaqa dema, deb urishib bermasman. Ayol bo‘lmaganim uchun chegarani unutib qo‘yishim, seksizm qayerdan boshlanishini bilmasligim mumkin. Lekin bunday holatlarda, eng kamida, e’tiroz bo‘lganida qabul qilish, xatoni tushunish talab qilinadi bizdan. Garnacho ham, Bernardu ham rasist emas, bilaman, lekin xato qilishgan, qabul qilish kerak.

Inglizlarning bu nozikligi Lotin Amerikasidan kelgan futbolchilarga, balki ba’zi jihatlarda menga ham g‘alati tuyulishi mumkin, ammo ular mana shunday jamiyat qurishmoqchimi, irq, jins yoki boshqa farqliliklar mavzu bo‘lmasligini istashyaptimi, qabul qilishga majburmiz. To‘g‘ridek ko‘ringan tushuncha va odatlarni yo‘qotibgina, noto‘g‘rilardan butunlay xalos bo‘lish mumkin. Jabrlanuvchisi bo‘lmagan xatolar bilan kurashibgina, kelajakdagi jabrlanishlarni kamaytira olamiz.

Qahramon Aslanov.

Manba: https://t.me/aslanov_futbol
Kiritildi: 08:30, 03.11.2023.
O'qildi: 2692 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.